O‘zbekiston | 08:21 / 24.07.2019
21973
2 daqiqa o‘qiladi

Gulnoza Rahimova MSK raisi o‘rinbosarligidan ketdi. Uning o‘rnini adliya vaziri birinchi o‘rinbosari egalladi

Mahmudjon Istamov / Foto: Xalqaro press-klub

2019 yilning 23 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Komissiya raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov boshqardi.

Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, kun tartibidagi birinchi tashkiliy masala yuzasidan Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Gulnoza Abdusattorovna Rahimovaning o‘z xohishiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida bergan arizasini qanoatlantirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan, Markaziy saylov komissiyasi a'zosi Mahmudjon Shuhratovich Istamovni rais o‘rinbosari lavozimiga saylash haqida qarorlar qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini qabul qilinganligi munosabati bilan Markaziy saylov komissiyasining bir qator Nizom va Yo‘riqnomalari o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.

Shuningdek, komissiya qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining faoliyatini tashkil qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini tashkil qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.

Majlis kun tartibidagi Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil birinchi yarim yillikdagi faoliyati yuzasidan hisoboti ma'lumot uchun qabul qilinib, joriy yilning ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlandi.

Mavzuga oid