Jamiyat | 18:32 / 24.07.2019
39800
6 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda boshqacha «qonunlar» amaldami yoxud Konimex hokimi nimani xaspo‘shlamoqchi?

Kun.uz saytida joriy yilning 17 iyul kuni «Konimex markazida obektlar buzilmoqda. Viloyat hokimi tadbirkorlarga zararni to‘lashdan bosh tortmoqda» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.

Unda Konimex tumani markazi va uning atrofidagi do‘konlar buzilayotgani, tadbirkorlarning huquqlari ochiqchasiga poymol qilinayotgani, kompensatsiya berilmayotgani haqida bayon etilgan edi.

Ushbu tanqidiy maqola yuzasidan Konimex tuman hokimligi munosabat bildirib, tahririyatga ma'lumotnoma taqdim qildi.

Ma'lumotnomada ta'kidlanishicha, tadbirkorlarning savdo do‘konlari egallagan yer maydonlarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish rejalashtirilmagan.

Tuman markazidagi aksariyat savdo do‘konlari 1990-1999 yillarda qurilgani, ularning qurilish konstruksiyalari seysmik talablariga, poydevor, tom yopma qismi, devorlari shaharsozlik me'yorlari va qoidalariga javob bermas ekan.

Ko‘chmas mulk egalari bo‘lgan 60 nafardan ziyod kishi o‘zlarining tashabbusi bilan tuman hokimi nomiga savdo do‘konlarini o‘z hisobidan buzib, qayta qurishga ruxsat so‘rab yozma ravishda murojaat qilishgan.

Shuningdek, munosabatda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 12-13 mart kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan 11-son majlis bayonida viloyat hokimligiga tuman markazlarini obodonlashtirish yuzasidan tarmoq jadvallarini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda ijrosini qat'iy nazorat ostida bajarish topshirig‘i berilgani, ushbu topshiriq ijrosi yuzasidan Konimex tumani 4ta sektor rahbarlari tomonidan 2019 yil «Obod tuman markazi» dasturi doirasida Konimex tumanida amalga oshiriladigan qurilish va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha tarmoq jadvali ishlab chiqilib tasdiqlangani bildirilgan.

Munosabat yakunida Konimex tumani markazida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari doirasida savdo do‘koni egalarining mulklariga zarar yetkazilmaydi va ular olib qo‘yilmaydi, ular o‘zlarining tashabbuslari bilan va o‘z hisobidan savdo do‘konlarni zamon talablariga mos ravishda rekonstruksiya qilishadi va ushbu ishlarga tuman va viloyat hokimliklari ularga amaliy yordam ko‘rsatadi, deyiladi Konimex tumani hokimi M.Egamqulov imzolagan ma'lumotnomada.

Hokimlikning masalaga tezkor bildirgan munosabati tahririyat tomonidan tahlil qilinar ekan, konimexlik tadbirkorlarning Konstitutsiya va qonunlar bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlari qo‘pol ravishda poymol qilinayotgani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topmoqda.

Jumladan, hokimlik ta'kidlayotganidek, 60 nafardan ziyod tadbirkorlar o‘z tashabbusi bilan ariza yozgan bo‘lsa yozgandir, shuning uchun ularning huquqlari buzilmayapti, deb hisoblanayotgan bo‘lishi mumkin (ariza qanday yo‘l bilan yozdirib olinayotgani bizga qorong‘i). Biroq, o‘z xohishi bilan ariza yozmagan yana shuncha tadbirkorlar-chi, nahotki 60 nafardan ziyod tadbirkor roziligi barcha masalani hal etgan bo‘lsa...

Bino va do‘konlarning eskirgani, ularning devorlari shaharsozlik me'yorlari va qoidalariga javob bermasligi ularning biror bir rasmiy hujjat va ogohlantirishlarsiz buzib tashlanishi kerakligini anglatadimi?

Qachondan buyon 4ta sektor rahbari kelishib tasdiqlagan tarmoq jadvali huquqiy tusdagi hujjatga aylanib ulgurgani kishini o‘ylantirmay qo‘ymaydi. Shu o‘rinda bu haqida viloyat, juda bo‘lmaganda tuman hokimining qarori borligi haqida aytilganda ham mayli edi.

Vaholanki, «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida»gi nizomning 2-bandida yer uchastkasi yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish yer egasi roziligi bilan tegishli hokimliklarining qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.

Prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda belgilangan vazifalarni bajarishga kirishganlikni iddao qilish orqali ishlab turgan tadbirkorlarning mulklari buzib tashlanishi davlat rahbari olib borayotgan siyosatga nisbatan xalq orasida norozilik kelib chiqishiga sabab bo‘lmaydi, deb kim kafolat bera oladi!?

Qolaversa, davlat rahbarining topshiriqlarini tadbirkorning burnini qonatish evaziga amalga oshirilishi inson manfaatlari hamma narsadan ustun bo‘lgan jamiyat qurish sari olib borilayotgan siyosatga mutlaqo zid emasmi?

Hokimlikning savdo do‘koni egalaridan ularning mulklari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilmasligi haqidagi gaplarini esa shaxsan viloyat hokimining tadbirkor bilan suhbatda barchaning imoratlari buzib tashlanishi, ularga qurilish qilish uchun boshqa yer maydoni ajratilishi, buning uchun bir so‘m ham kompensatsiya puli to‘lanmasligi haqida aytgan gaplari yo‘qqa chiqaradi. (Suhbat audioyozuvi tahririyatda mavjud)

Shu o‘rinda Konimex tuman hokimligiga dastlabki hamda mazkur maqolalarga nisbatan balandparvoz gaplar bilan emas, huquqiy jihatdan asoslangan munosabat bildirishlarini tavsiya qilib qolamiz.

Holbuki, bosh qomusimizda belgilab qo‘yilganidek, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.

Na tumanning sektorlari rahbarlari va na viloyat hokimi birovning mulkini qonun hujjatlarini chetlab o‘tib buzishga yoxud buzishga majbur qilishga haqli emas. Yoki Navoiy viloyatida boshqacha «qonunlar» amal qiladimi?

Bardoshbek Samad o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid