Jamiyat | 17:50 / 24.07.2019
58632
14 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda chiqindi muammosi: to‘layotgan poligonlar, himoyalanmagan tabiat, yangi mexanizmga ehtiyoj

Inson bir kunlik faoliyati davomida o‘rtacha 1-1,5 kg chiqindi hosil qiladi. Qutiga tashlanganidan keyin xotiradan mutlaqo chiqib ketadigan oddiy baklajkaning keyingi taqdiri nima kechadi?

Chiqindi yo‘qolib ketmaydi, shunchaki «dafn qilinadi»

Qutiga tashlangan chiqindi o‘z manziliga yetgunicha uch bosqichni bosib o‘tadi. Har bir xonadondan chiqqan chiqindilar dastlabki yig‘ish punktlarida, ya'ni kvartal va mahallalardagi chiqindixonlarda to‘planadi. «Maxsustrans» mashinalari ularni yig‘ib, qayta yuklash stansiyalariga olib boradi. Toshkent shahridagi uchta ─ Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida qayta yuklash stansiyalarida ulkan konteynerlarga zichlab joylashtirilgach, ular oxirgi manzil ─ Ohangaron poligoniga olib kelinadi. Chiqindilar uyumi soat sayin ko‘tarilib, Yer sayyorasini qamrab olayotganini bu yerda qisman his qilish mumkin. Poligondan videoreportaj tayyorlagan Kun.uz xodimlari bunga bevosita guvoh bo‘lishdi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahridan olib chiqiladigan chiqindilar joylashtiriladigan Ohangaron poligonining hududi 59 gektar bo‘lib, o‘tgan asrning 70-yillaridan beri faoliyat yuritadi. Mazkur poligon hududi 98 foizga chiqindi bilan to‘lib bo‘lgan. Bir kunda Toshkent shahrining o‘zidan 2000 tonnagacha chiqindi olib chiqiladi. Bu poligonga respublikaning boshqa hududlariga qaraganda ancha katta hajmda chiqindi olib kelinsa ham, ish jarayoni ancha primitiv tarzda olib boriladi.

Chiqindilarni qayta yuklash va utilizatsiya qilish DUK uchastka boshlig‘i Abdusabid Nishonboyev poligonga keladigan chiqindilarning taqdiri bilan tanishtirdi. «Bu yerga olib kelingan chiqindilar to‘rtta katta qismga bo‘lingan maydonlarga navbati bilan joylashtiriladi. Chiqindi to‘kiladi, mexanizatorlar buldozerlar orqali ularni surib, 2,5 metr qalinlikda yoyib chiqadi, ustidan tuproq bilan yopilib, rekultivatsiya qilinadi. Shu tarzda keyingi navbatdagi maydonga o‘tiladi», ─ deydi u.

Abdusabid Nishonboyev

Ekologiya qo‘mitasining chiqindilar bilan ishlash sohasida ishlarni muvofiqlashtirish va tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Umarjon Abdullayev respublika bo‘yicha mavjud poligonlar holati haqida ma'lumot berdi.

Hozirda respublika bo‘ylab 221ta chiqindi poligoni mavjud bo‘lib, ularning maydoni 0,5 gektardan 70-80 gektargacha boradi. Ko‘pchilik poligonlarning foydalanish muddati 20-30 yilni tashkil etadi. Bu poligonlarda chiqindini joylashtirish talablariga o‘z vaqtida yetarli darajada e'tibor berilmagan holda ish olib borilgan. Yaqinda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasiga muvofiq, chiqindi poligonlarining holatini optimallashtirish rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, respublikadagi poligonlar soni qisqartirilib, 59tasi qoldiriladi. Xalqaro moliyaviy manbalar mablag‘larini jalb etgan holda zamonaviy poligonlarni barpo etish, qolgan poligonlarni me'yorlarga muvofiq rekultivatsiya qilib, yopish ko‘zlangan. Dunyo tajribasidan ma'lumki, maishiy chiqindi poligonlari to‘lgach, ularga gaz oluvchi trubalar o‘rnatiladi va rekultivatsiya qilinadi. Ya'ni, chiqindi uyumlarining ustidan tuproq tortiladi, daraxt va o‘simliklar ekib ko‘kalamzorlashtiriladi hamda davlat yer fondiga qaytariladi.

Boshqarma boshlig‘ining ma'lumot berishicha, Ohangaron chiqindi poligonini modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

─ Hozirgi kunda poligonni tartibga solish maqsadida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Osiyo taraqqiyot bankining kredit mablag‘larini yo‘naltirgan holda mavjud poligonning oldida 30 gektar yer ajratilib, yangi, zamonaviy talablarga javob beradigan poligon qurish ko‘zda tutilgan. Hozirda mavjud poligonlardan farqli o‘laroq, bu yerda  tuproq qatlami va yerosti suvlariga chiqindilardan ajraladigan zararli moddalarni o‘tkazmaydigan himoya plyonkalari o‘rnatiladi. Chiqindilardan hosil bo‘ladigan metan gazlarini qayta ishlab, elektr energiya oladigan uskunalar o‘rnatiladi. Hozirda ishlab turgan Ohangaron poligoni esa Koreyaning Sejing kompaniyasi mablag‘lari asosida rekultivatsiya qilinib, unga o‘rnatiladigan quvurlar orqali hosil bo‘lgan metan gazlarini tortib olish va elektr energiyasini olish rejalashtirilgan.

Ekspert: «Bizda poligonlar yo‘q, chiqindi uyumlari bor xolos»

Gulchehra Nasirlayeva

«Aykan invest» konsalting kompaniyasi rahbari, mustaqil ekspert Gulchehra Nasirlayevaning O‘zbekistondagi chiqindi utilizatsiyasi va poligonlari holati xususidagi fikrlari bilan qiziqdik.

─ Utilizatsiya tizimi borasida jahon standartlariga yetishga hali ancha bor. Ohangaron poligonidagi ahvol hali eng yomoni emas, undan ham yomonroqlarini respublikada ko‘rish mumkin.  Poligon belgilangan tartibda o‘rab olingan bo‘lishi, tarozilar o‘rnatilishi, chiqindini utilizatsiya qilish tizimi, yerosti suvlarining holatini aniqlash bo‘yicha filtratsiya tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lishi kerak. Lekin bu talablarga javob beradigan bironta poligonni respublikada uchratmadik. Ular juda ham yomon ahvolda. Poligon uchun belgilangan sanitar me'yorlar mavjud, har qanday chiqindixonani ham poligon deb aytish to‘g‘ri emas. Bizdagilar esa shunchaki chiqindi uyumi xolos. Ming afsuski, ular turli kasalliklarni tarqatuvchi manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

«Chiqindilarning atigi 10 foizi qayta ishlanadi»

Umarjon Abdullayev

Ekologiya qo‘mitasi vakili Umarjon Abdullayevning axborotiga ko‘ra, mamlakatda mavjud 80dan ortiq chiqindini qayta ishlash korxonalari bir yilda respublika bo‘ylab hosil bo‘ladigan chiqindining 10 foizini qayta ishlaydi. Asosan PET (polietilinteraftalat, ya'ni plastik) idishlar, qog‘oz mahsulotlari, qora va metall buyumlar qayta ishlanadi. Mazkur korxonalar, aslida, ko‘proq miqdorda chiqindini qayta ishlash quvvatiga ega. Ular o‘z quvvatidan to‘liq hajmda foydalanish uchun Rossiya va Qozog‘iston kabi chet mamlakatlardan ham qayta ishlanadigan chiqindilarni sotib oladi.

Chiqindilarni qayta yuklash va utilizatsiya qilish DUK rahbari Rafael Mikulinning ma'lumot berishicha, Yakkasaroy chiqindilarni qayta yuklash stansiyasida tajriba tarzida chiqindini saralash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bir kunda u yerda 150-200 tonnagacha chiqindi saralanadi. Toshkent shahridagi ishsiz, boshpanasiz, fuqarolik pasporti bo‘lmagan shaxslar o‘sha yerda yig‘ilib, boshpana, ovqat, tibbiy xizmat bilan ta'minlanadi, oylik maosh ajratilgan. Ular plastik, sellofan, shisha, qog‘oz, metalni alohida saralab olishadi.

Rafael Mikuli

«Bizda hozir aholi chiqindini saralab tashlamayapti. Aholi o‘zi saralasa, ish ancha kamayadi, poligonga boradigan chiqindining hajmi ham qisqaradi. 2028 yilgacha qayta ishlanadigan chiqindi miqdorini 60 foizgacha yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Agar bir kunda Toshkent shahridan chiqayotgan 2000 tonna chiqindining 60 foizi saralanib, qayta ishlanadigan bo‘lsa, poligonda joy ham tejaladi, ular uzoqroq muddatga xizmat qiladi», ─ deydi u.

─ Yevropada hosil bo‘ladigan chiqindining 60 foizi qayta ishlashga jalb qilinadi. Chiqindilarni turlarga ajratib tashlashda alohida konteynerlar ajratilgan. Bir necha yil oldin Toshkentda ham xuddi shunday konteynerlar tizimi yo‘lga qo‘yilgan edi. Lekin tizim shunaqaki, chiqindi baribir bitta joyga olib borib tashlanadi. Ya'ni, har bir xo‘jalik chiqindini saralagani bilan ularning barchasi bitta mashinaga yuklab olib ketiladi va bitta poligonga joylashtiriladi.

Hozirda maishiy chiqindilar tarkibida chirimaydigan chiqindilar hissasi ortib boryapti. Chirimaydigan chiqindilar atrof-muhitni zararlaydi, o‘zidan metan gazi chiqaradi. Bu esa, o‘z navbatida, iqlim o‘zgarishlariga sabab bo‘ladi. Boshqa tomondan, bu chiqindilarga tijoriy nuqtai nazardan ham yondashish, uni qayta ishlab, sotish ham mumkin. Davlat, xususan, ekologiya qo‘mitasi bu yo‘nalishga ko‘proq xususiy sektor vakillarini jalb qilishi lozim.

 

Germaniyada plastik va shisha idishlarni qabul qilib oladigan avtomatlar mavjud. Ular olgan baklajkasi evaziga belgilangan miqdorda chek beradi. Bu chek orqali do‘konlarda o‘sha qiymatda xaridni amalga oshirishingiz mumkin. Bizning aholimiz uchun ham shunga o‘xshash xizmatlar yo‘lga qo‘yilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi, ─ deydi Gulchehra Nasirlayeva.

Chiqindi chiqaradigan gazlardan elektr energiya olish mumkin, biroq...

Aksariyat odamlar so‘nggi manzilda yig‘ilgan chiqindilar yoqib yuboriladi, deb o‘ylaydi. Poligon bo‘ylab «ekspeditsiya» chog‘ida har yerda mayda alangalarning borligiga, chiqindi uyumlari orasidan achchiq, qora tutun chiqayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Lekin bu chiqindini yo‘qotish maqsadida qilinmagan, balki tabiiy ravishda hosil bo‘lmoqda. Poligon uchun mas'ul bo‘lgan Abusabid Nishonboyevning aytishicha, zichlab jamlangan chiqindining orasida metan gazi yig‘iladi. U issiq ob-havo yoki yengil ta'sir natijasida ham alangalanib ketishi mumkin.

«Poligonda Yaponiya firmasining uskunalari bor. Ilgari ular chiqindidan ajralayotgan gazni yoqib, atmosferaga tarqalishining oldini olardi. Hozir bu jarayon to‘xtab qolgan, shuning uchun to‘planib qolgan metan gaz miqdori ortib, alangalanish hollari ko‘paygan», ─ deydi u.

Ekologiya qo‘mitasi vakili Umarjon Abdullayev bu jarayonning to‘xtab qolganiga oydinlik kiritdi.

 ─ Yaponiya firmasi o‘z qurilmalari yordamida metan gazni yoqib yuborish yo‘li bilan uning atmosferaga ajralishining oldini olgan. Bu zaharli gazlarning atmosferaga chiqishiga qarshi harakatni ko‘zda tutuvchi Kioto protokoli doirasida qilinayotgan edi. Kioto protokoli 2018 yildan to‘xtatilgani bois, bu loyiha ham to‘xtagan. Yapon firmasi bu qurilmalarni «Maxsustrans»ga o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Agar o‘zimizga o‘tkazilsa, keyinchalik Koreyaning Sejing kompaniyasi mazkur ishni davom ettiradi.

Atrof-muhit chiqindilarning zararli ta'siridan himoyalanmagan

Ma'lum qilinishicha, chiqindi poligonlarini bunyod etishning sanitar-epidemiologik me'yorlari mavjud bo‘lib, unga ko‘ra, poligonlar aholi turar joylari, ekin maydonlari, suv manbalaridan bir kilometr uzoqlikda joylashishi kerak.

«Chiqindi poligonlari hozirgi kun talabiga javob beradigan tartibda qurilmagan. Aholiga yer ajratilishi natijasida ular tobora poligonga yaqin hududni egallab borgan. Ayrim poligonlarda me'yorlarga rioya qilinmagani uchun suv manbalari va ekin maydonlariga yaqinligi ma'lum bo‘ldi. Oxirgi ikki yil mobaynida bunday joylashuvdagi poligonlarning faoliyati to‘xtatilib, yopib tashlandi», ─ deydi Umarjon Abdullayev.

Ekspert: «Chiqindi shunchaki ekologik muammo emas, undan tijoriy foyda olish mumkin»

Mustaqil ekspert Gulchehra Nasirlayevaning fikricha, chiqindiga faqatgina ekologik muammo emas, balki tijoriy faoliyat prdemeti sifatida ham yondashish mumkin.

− Bugungi kunda bu foydali yo‘nalishga aylanib ulgurgan. Xususiy korxonalar utilizatsiya bilan shug‘ullanib, qanday foyda olishi, bu faoliyatni boshlash uchun qanday imtiyozlarga ega bo‘lishini bilsa, utilizatsiya masalasini hal etishda hukumatga yordam berishi mumkin..

Afsuski, biz qo‘yilgan vazifalarni bajarishda qator muammolarga duch kelamiz. Maqsadlar bor, vazifalar belgilangan, faqat ularni bajarish bosqichiga kelganda muammo tug‘iladi. Bunday muammolar eng quyi bo‘g‘indan tortib, idora va vazirliklar darajasida ham uchraydi. Zararli chiqindilarni utilizatsiya qilish bo‘yicha juda ko‘p gapiriladi. Ammo katta zarar manbai bo‘lgan elektr chiqindilar, misol uchun, batareykalarni yig‘ib olishning aniq mexanizmi mavjud emas. Batareykalarni kundalik hayotimizda juda ko‘p ishlatamiz. Ular O‘zbekiston hududiga ko‘p olib kiriladi. Batareykaning har bir donasi tuproqqa katta zarar keltiradi, u o‘zida og‘ir metallarni saqlaydi. Bu mavzu ko‘p ko‘tarilgan, uni hal qilish kerakligini hamma biladi. Lekin aynan qanday hal qilish bo‘yicha mexanizm yo‘q. Hal qiluvchi vositalarni to‘g‘ri tatbiq qilishni yo‘lga qo‘yish kerak, balki buning uchun xorijiy ekspertlarni jalb qilish kerakdir. Strategiyada juda foydali punktlar keltirilgan. Lekin bu ishlarni qanday va qay yo‘nalishda amalga oshirishni o‘ylab ko‘rish zarur, − deydi ekspert.

Darhaqiqat, yana o‘sha gap: bizda qonunlar juda zo‘r, faqat ularni ishlatish muammosi qoldi. Agar hammasi strategiyayu konsepsiyalarda belgilanganidek bajarilsa, xo‘p-xo‘p. Ammo yana sansolarlik, o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘yilsa, chiqindi uyumlari yaqin orada ostonamizga qadar yetib kelishi hech gap emas. Ayniqsa, nafaqat insoniyatning o‘ziga, balki tabiatga ham ziyon yetkazadigan chiqindilar borasidagi muammolar «bilmabmiz», «ko‘rmabmiz» qabilidagi yondashuvni qabul qilmaydi...

Saodat Abdurahmonova
Tasvirchi: Sherzod Egamberdiyev

Mavzuga oid