Jahon | 23:03 / 25.07.2019
8469
2 daqiqa o‘qiladi

Belgiyada yo‘lovchi poyezdi bir soat to‘xtab qoldi – sabab rekord jazirama

G‘arbiy Yevropa mamlakatlari bo‘ylab jazirama ob-havo kuzatilmoqda. 25 iyulda Belgiyada mutlak issiq harorat qayd etildi, u salkam 41 darajaga yetdi. Qirollikda ilk bora ekologik xatarning «qizil» darajasi e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda Qirollik meteorologiya instituti.

Ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakat shimoli-sharqidagi Klyayn-Broygel kommunasida havo harorati 40,6 darajani ko‘rsatgan, Bryusselda bu raqam 39,7 darajani tashkil etgan. Davlat meteorologiya xizmatiga binoan, bunday yuqori havo harorati 1833 yilda boshlangan tizimli meteorologik kuzatuvlar davomida ilk marta qayd etilmoqda. Meteorologlar, havo tarkibida ozon miqdori keskin oshgani va mumkin bo‘lgan me'yorlardan ko‘tarilganini bildirishdi. 

Qirollik hukumati ekologik xatar nuqtai nazaridan birinchi marta «qizil» xavf darajasini e'lon qilgan. Ilgari bunday tahdid darajasi faqat teraktlar ehtimoli munosabati bilan joriy etilgan. Mamlakatda mobil aloqa va internet ta'minotida uzilishlar qayd etilgan. 

Bundan tashqari, Bryusselni Amsterdam bilan bog‘lovchi Thalys tezyurar poyezdi Mexelen shahri yo‘llarida to‘xtab qoldi. Elektr tarmog‘idagi nosozlik tufayli yo‘lovchilar bir soatga yaqin vaqt mobaynida konditsionersiz vagonlarda qolib ketgan. 

Ta'kidlash o‘rinliki, Yevropaning qator mamlakatlarida o‘ta issiq havo harorati kuzatilmoqda. 25 iyulda Fransiya (Parijda 42,4 daraja), Niderlandiya (40,4) Londonning Hitrou aeroporti hududida (36,9) yuqori harorat kuzatilgan.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid