O‘zbekiston | 15:57 / 25.07.2019
42363
4 daqiqa o‘qiladi

Nega kirish imtihonlari uchun abituriyentlardan o‘z bilimidan yuqori bo‘lgan daraja talab qilinyapti? DTM izoh berdi

Foto: KUN.UZ

CEFR - chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi imtihon tartibiga ko‘ra,  har bir daraja uchun alohida imtihon topshirish talab etiladi. Agar B2 darajasi uchun topshiriqlarni bajargan odamning bilimi kutilgan darajada bo‘lmasa,  sertifikat ololmasligi ham mumkin.

Ushbu noqulaylikni bartaraf etish yo‘llari haqida jurnalistlar tomonidan berilgan savolga Davlat test markazi chet tilini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida javob berildi. 

«Bu holatda imtihon topshiruvchining haqiqiy darajasi aniqlanmay qolyapti. Chunki B2 uchun nomzod B1 darajasini ham qo‘lga kirita olmasligi mumkin. Shuning uchun ham mavjud tizimni o‘zgartirish uchun alohida yangi va o‘ziga xos format ishlab chiqildi. Faqat uning amalga tadqiq qilinishi uchun aynan CEFR sertifikati bor talabgorlarning kamida 100 nafariga yangi formatdagi imtihon topshiriqlarini bajartirib ko‘rishimiz kerak», deydi Davlat test markazi chet tilini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi boshlig‘i Sardor Rajabov. 

Bu borada DTM chet tilini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Innovatsion markazi bilan hamkorlikda joriy yil shu oliygohning talabasi bo‘ladigan va CEFR sertifikatiga ega talabalarni yangi uslubdagi topshiriqlarining eksperimentiga jalb qilmoqchi ekanini ma'lum qildi. 

Agar bu sinov muvaffaqiyatli o‘tsa, S1 darajasi uchun test topshirgan nomzod kutilgan natijani ko‘rsata olmasa , B2 yoki  B1 darajasidagi sertifikatni olishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, Davlat test markazi Vazirlar Mahkamasining 124-sonli qarorida maktab, kollej-litseyni tugatayotgan o‘quvchilar  B1 va undan yuqori darajaga ega bo‘lishi kerakligi ko‘zda tutilgani, lekin nega chet tili birinchi fan bo‘lgan abituriyentlardan B2 darajasi so‘ralishi haqidagi savollarga ham matbuot anjumanida javob berildi: 

«Bizning standart bo‘yicha maktab bitiruvchilari B2 darajaga ega bo‘lishmaydi. Lekin bu sertifikat imtiyoz berish deganidir. Masalan, fan olimpiadalari qatnashchilari ham o‘quvchi bo‘lsa-da, B2 darajasidagi testlarni ishlaydi. Bu ham shunga o‘xshash holat. Agar barcha OTMlarning kirish imtihonida B1 darajasidagi testlar berilsa, baribir abituriyentlarning nechtadir testda xato qilish ehtimoli bo‘ladi. Vaholanki, ular bilan solishtirganda sertifikati bor bolada shu fan yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan balni to‘liq qo‘lga kiritish imkoni bo‘ladi», deydi DTM chet tilini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi boshlig‘i.

Bundan tashqari, DTM mutasaddilarining ma'lumotiga ko‘ra, joriy yilgi kirish imtihonlari uchun jami 180 mingdan ortiq test topshiriqlari shakllantirilgan. Bu narsa ma'lum muddat davom etadigan kirish imtihonlarida bir abituriyentga tushgan savollarning boshqa kuni yana qaytarilmasligiga yordam beradi.

Mavzuga oid