Jamiyat | 10:30 / 25.07.2019
20265
6 daqiqa o‘qiladi

«Onajon, meni qutqarishdi». Xayriya yig‘ilgan o‘qituvchi qizning operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tib, uyiga qaytdi

Ona - mo‘tabar. U farzandi uchun har qanday qiyinchilik, har qanday og‘riqqa, hatto o‘z organizmidagi a'zoni uzib berishga ham tayyorligiga yana bir bor guvoh bo‘ldik.

Namangandagi safar chog‘i hayotga qaytgan insonlar so‘zidan diydamiz yumshab, ko‘zimiz yoshga to‘ldi. Tasvirga olayotgan operatorimizning ham ko‘zida yosh ekan.

Bu xonadonda to‘rt oy oldin bo‘lganimizda, og‘ir kasallik va og‘riqlar bilan olishayotgan, badani shishib ketib, zo‘rg‘a gapirayotgan qizni ko‘rgandim. Onasi Azizaxon opa o‘zini yig‘idan tiya olmay «Qizim shu hayotda yashagisi kelyapti. Har kun Xudodan unga shifo so‘rayman. «Onajon meni qutqarasizlar-a?», deganida yuraklarim eziladi»,  degani yodimda.

Shu yil mart oyi oxirlarida namanganlik yosh muallima bir olam orzular qanotida maktabda endigina ish boshlab, bolalarga ona tili va adabiyotdan saboq berayotganida og‘ir dard yopishgani haqida xayriya uyushtirgan edik.

«Onajon, albatta, meni qutqarasizlar-a?». Namanganlik orzulari osmon o‘qituvchi qizga onasi o‘z buyragini beryapti. Ularga ko‘mak juda zarur» sarlavhali maqoladan so‘ng, Nargizaga ko‘mak bergani juda ko‘pchilik hissa qo‘shdi.

23 yoshli Nargiza Nurdinbayeva Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumani, “Istiqlol” mahallasidagi Ziyokor ko‘chasida yashaydi. 2018 yil Namangan davlat universitetini bitirgan qiz o‘z qishlog‘i ta'lim muassasasida bir oygina ishlay oldi. «Onajon maktabda tobim qochib qoldi», deya ishdan kelgan qiz birdaniga yotib qoladi. Otasi Muhammadjon aka va onasi Azizaxon opa jigarbandini avval tuman, so‘ng viloyat nevrologiya bo‘limlarida davolatishdi. Vrachlarning Nargizaga qo‘ygan tashxisi qo‘rqinchli edi – ikki tomonlama buyrak yetishmovchiligi. Xalq tili bilan aytganda – buyraklar ishdan chiqqan. 

Kun.uz xayriya aksiyasini o‘tkazgach, ehson bergan kishilar ko‘magi bilan yetarli mablag‘ yig‘ildi. Nargiza va uning onasini operatsiyaga tayyorlashdi.

Ona o‘z qiziga buyragini berdi.

Bu safar xonadonga borganimizda bizni Nargizaning onasi Azizaxon opa kutib oldi.

Butunlay boshqa kayfiyat, o‘zgacha xursandchilik ustidan chiqdik. Nargiza salom berib, ichkaridan chiqib keldi. O‘tgan safar bemor bo‘lib, yuzlari shishinqiragan qiz kasallikdan forig‘ bo‘la boshlagandi.

Ona-bola bilan suhbatlashish davomida, ularning yaxshi insonlarga chin yurakdan aytgan gaplarini tinglash bizga oson bo‘lmadi.

«Dunyoda yaxshi insonlar juda-juda ko‘pligini bildik. Avvalo, Allohning qudrati, saxovatpesha kishilar yordami bilan qizimizning operatsiyasi o‘tkazildi. Yaratgan egam buyrakni bekorga juft qilmagan ekan. Bittasini farzandimga berdim. Hozir uning har bir kulgisidan rohat olyapman. Barchaga mingdan-ming rahmat», deydi ona.

«Operatsiya bo‘lishim uchun qo‘llab-quvvatlab turgan barsa ezgu qalbli insonlarga qanday tashakkur aytishni bilmayman. Onam o‘z a'zosini berdi. Odamlar yordam qilishdi. Endi bor kuchimni o‘quvchilarimni yaxshi insonlar qilib tarbiyalashga sarflayman. Hammaga rahmat. Menga ko‘mak berganlar hech qachon kasal bo‘lmasin». Bu Nargizaning so‘zlari.

Ular tomonidan aytilgan bor gaplarni yozib ifodalab bo‘lmaydi. Videolavhani albatta ko‘ring. Unda siz bor insoniylik, ezgulik  ifodasiga guvoh bo‘lasiz. 

Kun.uz xayriya aksiyasida ishtirok etgan barcha saxovatli kishilarga o‘z minnatdorchiligini bildiradi.

Elmurod Ermatov, 
Kun.uz muxbiri


Hurmatli "UZCARD" kartochka egalari! "UZCARD" tizimi sizni ogohlantiradi!

Hech kimga va har qanday vaziyatda plastik kartangizga taalluqli ma'lumotlarni, ayniqsa telefon raqamingizga kiruvchi SMS xabarlarni (masalan, To'lovni tasdiqlash kodi: 123456. Kodni hech kimga bermang" yoki "Kod oplati. Nikomu ne soobshayte etot kod. 123456") oshkor qilmang. Sizga yordam pulini plastik kartochkasidan o‘tkazib berayotgan noma'lum shaxs telefon orqali murojaat qilib mobil telefoningizga kelib tushayotgan SMS — kodlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bilmoqchi bo‘layotganini sezgan bo‘lsangiz, bilingki ushbu shaxs firibgarlik yo‘li bilan kartochka hisob raqamingizdagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga urinmoqda. Agar karta hisob raqamingizdan pul mablag‘lari o‘g‘irlanayotganini sezgan bo‘lsangiz darhol kartochkangizni olgan bankingizga kartani bloklash uchun murojaat qilishingiz yoki ushbu amaliyotni bevosita o‘zingiz mobil yoki veb ilovada bajarishingiz mumkin.

Mavzuga oid