Jamiyat | 09:05 / 25.07.2019
36977
5 daqiqa o‘qiladi

«Snos» keltirgan tashvishlar: Qarshidagi «Shoyxo‘ja-2» aholisiga muammolar bartaraf etilgani ko‘rsatilgan yolg‘on xatlar kelmoqda

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri hududida joylashgan Shoyxo‘ja-2 massivi ahlidan tahririyatimizga ketma-ket murojaatlar kelib tushganidan so‘ng vaziyatni o‘z joyiga borib o‘rgandik.

Ma'lum bo‘lishicha, Qarshi shahridagi aeroportga eltuvchi markaziy Buyuk Turon ko‘chasi yoqasidagi aholining uylari buzilgach, ularning o‘rnida ko‘p qavatli turar joylar barpo etilgan va evaziga ularga mazkur hududdan yer uchastkasi ajratib berilgan, imorat qurish uchun kompensatsiya pullari to‘langan.

Aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ko‘chirish chog‘ida ularga shahar rahbarlari tomonidan tamomila boshqacha va'dalar berilgandi. Chunonchi, yangi joyda barcha zarur sharoitlar hozirlanishi aytilgan. Biroq, ular bu yerga ko‘chirib kelinganidan buyon o‘tgan uch yil mobaynida, elektr, gaz va suv ta'minotida qiyinchiliklarga bot-bot duch kelishmoqda.

Mahallaga kiruvchi to‘rtta yo‘ldan faqat bittasiga shag‘al yotqizilgan. Qolgan yo‘llar tuproqligicha turibdi, yozning hozirgi jazirama kunlarida chang to‘zon ko‘tarilsa, yog‘inli fasllarda ko‘chalar ko‘lmak va loyga to‘ladi.

Biz Shoyxo‘jaga ko‘chirilgan qarshiliklarning e'tirozlariga quloq solish uchun ularga mikrofon tutdik.

Ularning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, elektr liniyasi to‘g‘ri tortilmagan, buning oqibatida yagona transformator podstansiyasiga yuklanish tushib, tez-tez portlab, yonib ketmoqda. Mahallada ichimlik suv, gaz bilan bog‘liq muammolar bor. Avvalgi yashagan hududida vodoprovoddan suv ichgan qarshiliklar hozir ichimlik suvini tashib keltirishadi.

Gaz ta'minoti masalasida mutasaddilar 2016 yilda quvurlar o‘tkazilayotganini va'da qilishgan esa-da, keyinchalik quvurlar Qarshi tuman gaz ta'minoti idorasi tomonidan kesib olib ketilgan. Hozir ballonda gaz tarqatilmoqda. Aholining aytishicha, ballondagi gaz ehtiyojlari uchun yetmaydi.

Aholi shahar hududidan uning chetiga ko‘chirilgach, transport va maktab muammosiga ham duchor bo‘lib turibdi. Ya'ni, mahalla bolalarining aksariyati hamon qariyb 2-3 km naridagi o‘zlari o‘qigan maktabga qatnashmoqda. Ota-onalar ham ishga borib kelishda qiynalishmoqda.

Shoyxo‘jada sharoit yo‘qligidan, shu yerda uy tiklagan ayrim insonlar o‘z uyini sotuvga ham qo‘yib yuborishgan.

Aholi turli idoralarga murojaat qilib, biror natijaga erisha olgani yo‘q. Qarshi shahar hokimligi yuqori turuvchi idoralarga barcha kamchiliklar bartaraf etilganini e'tirof etib, javob xati jo‘natmoqda. Idoralardan aholiga yolg‘on hisobotlar aks etgan xatlar kelmoqda.

Masalan, Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi javob xatida ichimlik suv ta'minoti bo‘yicha ishlar 87 foizga ado etilgani va 2018 yilda ichimlik suvi bilan ta'minlanishini keltirgan. Hozir 2019 yil va shoyxo‘jaliklar hamon suvni tashib ichishmoqda.

Qarshi shahri hokimligi 2016 yil 14 sentyabrda 950 metr ko‘chalar tekislanib, tosh-qum aralashmasi to‘shalgani, 1560 metrli gaz quvuri o‘tkazilganini viloyat hokimligiga ma'lum qilmoqda. Ammo haqiqatda faqat 400 metrli bitta ko‘chaga shag‘al yotqizilgan. Yana 2700 metr ko‘cha tuproqqa belanib yotibdi.

Shoyxo‘jaliklar o‘z massivida elektr energiyasi ta'minoti yaxshilanishi, shahardagi avval o‘zlari yashagan hududidagidek elementar sharoitlarni istashmoqda.

Kun.uz muxbiri mazkur masala yuzasidan Qarshi shahar hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Avazov, shahar hokimligi devonxonasi boshlig‘i Abror Jovliyev bilan uchrashdi. Mutasaddilar aholini qiynayotgan masalalar qisqa muddat ichida hal qilinishiga va'da berishdi.

Bilmadik, Qarshi shahar hokimligi va boshqa mutasaddilar berayotgan va'dalar amalga oshadimi-yo‘qmi?. Shunisi aniqki, shoyxo‘jaliklar uch yildan buyon o‘zlarini qiynayotgan muammolar hal bo‘lishini istab, bosh urmagan eshigi qolmagan. Ular va'dalardan charchagan. Ularga yordam kerak…

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid