Iqtisodiyot | 12:42 / 01.08.2019
48719
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yana deflyatsiya qayd etildi

Foto: Alamy

2019 yilning iyul oyida iste'mol bozorida o‘rtacha narxlar darajasining pasayishi qayd etilib, oy davomidagi deflyatsiya ko‘rsatkichi 0,4 %ni tashkil qildi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

Umumiy hisobda 2019 yilning yanvar-iyul oylari davomida iste'mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi 5,2 %ga qimmatlashdi. 2018 yilning iyul oyiga nisbatan respublika iste'mol sektoridagi o‘rtacha narxlar darajasi 13,5 %ga ko‘tarilgan. 

2018 va 2019 yillarning yanvar-iyul oylari davomida oylik narxlar o‘zgarishini tahliliga ko‘ra, 2018 yilda bo‘lgani kabi, 2019 yilning iyunidan boshlab oy davomida umumiy iste'mol narxlari darajasining pasayishi qayd etildi. Bu asosan mavsumiy tendensiyalar va ommaviy ravishda meva-sabzavot mahsulotlari narxlarining pasayishi bilan bog‘liq. 

O‘tgan yilning dekabr oyiga nisbatan 2018 va 2019 yillar dastlabki yetti oyi davomidagi iste'mol narxlarining taqqoslanishi shuni ko‘rsatdiki, narxlar eng yuqori ko‘tarilishi cho‘qqisi may oyida kuzatilgan (2018 yilda 106,6 %, 2019 yilda 106,0 %). 

2018 yilning yanvar oyidan 2019 yilning iyul oyiga qadar yillik ko‘rinishdagi yig‘ma iste'mol narxlari indeksi o‘sishi dinamikasi (oy, o‘tgan yilning mos oyiga nisbatan) umumiy tendensiyaning bosqichma-bosqich pasayishi bilan tavsiflanadi. Jumladan, narxlar ko‘tarilishining eng yuqori darajasi 2018 yilning yanvar oyida qayd etilgan bo‘lib (20,1 %), 2019 yilning iyul oyigacha bosqichma-bosqich pasayib kelgan (13,5 %). 

Umumiy hisobda, 2018 yilning yanvar oyidan 2019 yilning iyul oyiga qadar yillik iste'mol narxlari indeksining minimal ko‘rsatkichi 2019 yilning yanvar oyida (113,0 %) qayd etilgan. 

Yirik guruhlar bo‘yicha narxlar o‘zgarishiga ko‘ra, 2019 yilning iyul oyi natijalari bo‘yicha tovarlar narxlari 0,6 %ga, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 1,3 %ga pasaydi. Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari oy davomida 0,4 %, xizmatlar esa 0,2 %ga qimmatlashdi. 

Umumiy hisobda 2019 yilning yanvar-iyul oylari davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 4,6 %, nooziq-ovqat mahsulotlari 5,7 %, xizmatlar 5,6 %ga qimmatlashdi. Yillik ko‘rinishda (2019 yil iyul oyi 2018 yilning iyul oyiga nisbatan) oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 17,4 %, nooziq-ovqat mahsulotlari 9,5 %, xizmatlar 12,7 %ga ko‘tarildi. 

Mavzuga oid