O‘zbekiston | 17:23 / 02.08.2019
6895
2 daqiqa o‘qiladi

Mo‘ynoqda meteostansiya o‘rnatildi

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi, Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) hamda Yaponiyaning Kioto universiteti o‘rtasida imzolangan memorandum doirasida bir guruh olimlar tomonidan Mo‘ynoq tumanidagi tajriba uchastkasida avtonom mini meteostansiya o‘rnatildi.

Stansiya butunlay avtonom bo‘lib, alohida xizmat ko‘rsatilishini talab etmaydi. Qurilma akkumulyatorli batareya, quyosh paneli va datchik ko‘rsatkichlarini yozib oladigan loggerdan iborat. Stansiyaga AQShning Onse kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan HOBOware sensorlari o‘rnatilgan, mazkur sensorlar orqali vegetatsion qatlamning va undan yuqoridagi ob-havo harorati, atmosfera bosimi, quyosh radiatsiyasi, havo tezligi va yo‘nalishi, yog‘ingarchiliklar, tuproq namligi va harorati, yer osti suvlari darajasi aniqlanadi. Mazkur ko‘rsatkichlar o‘simliklarning o‘sishini va hosil bo‘layotgan biomassalarni baholashga ko‘mak berib, Orolbo‘yi iqlim sharoitlariga mos o‘simlik navlarini aniqlash imkonini beradi.

Kioto universiteti professori Kenji Tanaka stansiyani ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borilishi uchun mo‘ljallangani alohida qayd etib, stansiyani o‘rnatishda jonbozlik ko‘rsatgan Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi mas'ul xodimi Temur Xo‘janazarovga hamda Kioto universiteti professori Shiojiri Dayyaga minnatdorchiligini izhor etdi. O‘z navbatida, Kioto universiteti olimlari yig‘ilgan ma'lumotlardan Orolbo‘yi hududidagi iqlim o‘zgarishlarini tadqiq etish uchun foydalanadilar, deyiladi Innovatsion rivojlanish vazirligi xabarida.

Mavzuga oid