O‘zbekistonliklar islohotlarga kim to‘sqinlik qilayotganini aytishdi
O‘zbekistonda keyingi uch yil davomida keng miqyosdagi islohotlar amalga oshirilmoqda. Ammo shunga qaramasdan, joylarda ko‘plab muammolar kuzatilmoqda.
Mavzuning dolzarbligidan kelib chiqib, Kun.uz «Sizning fikringiz» Telegram-kanalida O‘zbekistondagi islohotlarga kimlar to‘sqinlik qilayotgani borasida so‘rov o‘tkazdi.
So‘rovda 2 395 kishi qatnashdi. Ishtirokchilarning aksariyati yoki 54 foizi O‘zbekistonda islohotlar o‘tkazilishiga asosan hokimlar to‘sqinlik qilmoqda deb hisoblaydi. Javob berganlarning 14 foizi islohotlarga vazirlik va qo‘mitalar, 11 foizi huquqni muhofaza qilish organlari, 5 foizi - xalq, 1 foizi – nodavlat tashkilotlari va 1 foizi siyosiy partiyalar to‘sqinlik qilyapti degan fikrda. So‘rovda qatnashganlarning 9 foizi islohotlarga boshqa tashkilot va shaxslar to‘sqinlik qilmoqda deb hisoblaydi.
Keyingi vaqtda turli darajadagi hokimlar diqqat markazida bo‘lgani bois so‘ralganlarning aksariyati hokimlarni tanlagan. Joylarda buzish, kompensatsiya, kommunal xizmat muammolari kuzatilmoqda. Mantiqan, mahalliy aholi bu muammolarni hokimlar bilan bog‘laydi, chunki ular ma'lum bir hududni boshqarishadi va hududdagi barcha o‘zgarishlar uchun javobgar hisoblanishadi.
E'tibor berilsa, O‘zbekiston prezidenti har safar viloyatlarga tashrif buyurganida, joylarda hokimlar ishdan bo‘shatiladi. Nima uchun degan savolga prezidentning o‘zi javob berdi.
Shavkat Mirziyoyev 23 iyul kuni kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor davomida Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyevga birinchi o‘rinbosari va viloyatning bosh soliqchisini ishdan olish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
«Bular qancha gapirishimizga qaramasdan olib borilayotgan ishlarni tushuna olmayapti va tushunishni xohlamayapti. Ro‘ziyev, soliqchingniyam, birinchi muoviningniyam bugunning o‘zida ishdan olib tashla», dedi prezident.
O‘zbekiston prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi davlat boshqaruvi sohasida professional kadrlar tayyorlashga mo‘ljallangan. Aksariyat ekspertlarning ta'kidlashicha, akademiyada tajribali o‘qituvchilar dars beradi. Hokimlarning rezyumelariga e'tibor berilsa, ularning ko‘pchiligi mazkur akademiya bitiruvchilari hisoblanadi. Ammo shunga qaramay, hokimlar davlat uchun ham, jamiyat uchun ham muammolar paydo qilmoqda.
Birinchidan, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonun juda eski va «yupqa». Mahalliy hokimiyatni tartibga soluvchi qonun bor-yo‘g‘i 29 moddadan iborat. Qonun qayta ko‘rib chiqilishi haqida bir necha bor gapirilgan bo‘lsa-da, hozircha aniq natija yo‘q.
Ikkinchidan, hokimlar mutlaq hokimiyatga ega. Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev ham shu haqda gapirdi. U hokimlar o‘zlarini qonundan yuqori qo‘yishayotgani, o‘zlarini prokuror va sudya deb hisoblashlarini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kun.uz hokimlar faoliyati to‘g‘risida ham so‘rov o‘tkazgandi. O‘shanda so‘rovda qatnashgan 1931 respondentning 67 foizi hokimlar o‘ta katta vakolatlarga ega ekanligini bildirgandi.
Masalan, bitta tumanda hamma, maktab direktoridan tortib qurilish tashkiloti rahbarigacha hokimga bo‘ysunadi. Hokimga hech kim «yo‘q» deya olmaydi. Keyingi vaqtda ayrim ekspertlar tez orada mahalliy kengashlar hokimlar faoliyatini nazorat qilishi va hokimlar kengashlarni boshqarmasligi haqida aytayotgan bo‘lsa-da, shundan so‘ng vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishiga hech kim kafolat bera olmaydi. Baribir tuman bitta va shaxslar ham o‘sha-o‘sha. Hokimlar mutlaq hokimiyatga ega bo‘lmasliklarini nazorat qilish uchun prezident o‘z vakillarini hududlarga jo‘natishi yagona yo‘l bo‘lishi mumkin.
Boshqa savol. Nima uchun O‘zbekistonda haligacha majburiy mehnat muammosi hal qilinmayapti? Yuqorida aytib o‘tilganidek, bog‘cha tarbiyachisidan tortib o‘qituvchigacha hokimga bo‘ysunadi. Toshkentda aytilgan bayonotlarga qaramasdan, hokimlar tekin ishchi kuchidan foydalanishni davom ettirishmoqda. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Senat va boshqa tashkilotlar minbarlarda majburiy mehnat faktlari to‘g‘risida hali ko‘p izoh berishlariga to‘g‘ri keladi.
2018 yil mayda Vazirlar Mahkamasi «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qaror qabul qildi. Hujjatda aytilishicha, «davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan hasharlar faqat ixtiyoriy tarzda tashkil etiladi» va unda ishtirok etadigan shaxslar mehnat qiladigan tegishli tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga qat'iy rioya etilgan holda o‘tkaziladi. Bunda umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida faqat O‘zbekiston prezidentining tegishli hujjati yoki Vazirlar Mahkamasining qarori mavjud bo‘lishi lozim. Shuningdek, hasharlar doirasida barcha boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan qurilish-ta'mirlash va qishloq xo‘jaligi ishlariga majburiy jalb etishga qat'iy yo‘l qo‘yilmagan holda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ish o‘rinlarini tartibga keltirish ishlari amalga oshiriladi.
Oradan bir yil o‘tdi va 27-28 iyul kunlari Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida viloyatning barcha shahar va tumanlaridan 13562 kishi obodonlik va qurilish ishlariga jalb etildi. Hasharning borishini viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev, prokurori Sadriddin Turdiyev, IIB boshlig‘i Rahmat Mamatov kuzatib bordi, ular har bir obektga kelib aholi bilan muloqot qildi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bu holatni mehnat qonunchiligining buzilishi va odamlarni ommaviy ravishda majburiy mehnatga jalb etish deb baholadi.
Muhim fakt: prezident taqiqladi, Vazirlar Mahkamasi hujjat qabul qildi, viloyat hokimi esa qonunga itoat qilmayapti. Bu hokimlar prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlariga bo‘ysunmagan birinchi holat emas.
Viloyatlar hayotidagi yangiliklarga e'tibor bering. «Hokim investor bilan uchrashdi», «hokim aholi bilan muloqot qildi va barcha muammolarni hal qildi», «hokim yig‘ilish o‘tkazdi», «hokim yangi maktabni ochdi», «hokim fermerlar bilan uchrashdi». Hamma yerda hokim, hokim va yana hokim. Nahotki viloyatda hokimdan tashqari, masalan, investorlar muammosi bilan shug‘ullanadigan boshqa tashkilot yo‘q bo‘lsa?
Shu bilan birga o‘zbekistonliklarning aksariyati hokimlarni saylash kerak degan fikrda. «Hokimlar saylanishi kerakmi yoki tayinlanishi» degan savolga 2 572 kishi javob bergan. Ularning 73 foizi hokimlar xalq tomonidan saylanishi kerak deb hisoblaydi. 15 foizi hokimlarni prezident tayinlashi kerak degan fikrda. 4 foizi hokimlar deputatlar tomonidan saylanishi kerak degan bo‘lsa, 1 foizi bosh vazir tayinlashi kerak deb hisoblaydi. Ishtirokchilarning 7 foizi javob berishga qiynalishini aytgan.
Hokimlar faoliyati borasidagi masala har doim dolzarb bo‘lib qoladi. Ayniqsa hozirgi islohotlar davrida. Hokimlar islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydimi-yo‘qmi, bu savol hozircha ochiq, ammo yuqorida sanab o‘tilgan muammolardan kelib chiqqan holda birinchi navbatda normativ-huquqiy hujjatlar masalasini hal qilish kerak. Qonun chiqaruvchilar hokimlarning huquq va majburiyatlarini aniq ko‘rsatib berishlari darkor. Ularning javobgarligiga alohida e'tibor qaratish zarur. Shuningdek, hokimlar ustidan obektiv nazorat ham muhim. Mahalliy hokimiyat to‘g‘risidagi qonunni yangilash va davlat xizmati to‘g‘risida qonun qabul qilish vaqti allaqachon kelgan.
Kadrlar masalasiga ham alohida e'tibor qaratish kerak. Hokimiyatlarga yoshlarni ishga olish vaqti keldi. Yoshlar hech bo‘lmaganda ommaviy kommunikatsiya va internet nima ekanligini bilishadi.
Yoshlar bilan suhbatlashganda hokimiyat ishlash uchun unchalik ham jozibali emasligi ayon bo‘ladi. Paxta, bug‘doy, buzish, kommunal xizmatlar, oxiri yo‘q majlislar va hokim javobgar bo‘lgan boshqa masalalar yoshlarni bunday ishlardan uzoqroq turishga majbur qiladi. Natijada hokimiyatlarda hamma narsa baribir bo‘lgan shaxslar ishlaydi.
Aytgancha, hokimlar tanqid qilinganda, ko‘pchilik «siz ham hokim bo‘lib ko‘ring, ularga qanchalik qiyinligini bilasiz» deydi.
Qiyinchilikni esa o‘zimiz yaratganmiz. Davlat hokimiyati to‘g‘risidagi qonun O‘zbekistonda qabul qilingan, AQSh yoki Rossiyada emas. Barcha hokimlar O‘zbekiston fuqarolari hisoblanadi. Hokimiyatlarda ishlash shu qadar qiyin, qiziqarsiz va yomon ekanligiga o‘zimiz aybdormiz. Odamlar hokimiyat vakillarini hurmat qilmasliklariga davlatning o‘zi aybdor.
Ulug‘bek Akbarov
Mavzuga oid
09:06 / 23.01.2024
IIV: urush boshlanganidan beri RFda hokimiyat organlariga 220 marta hujum qilingan
15:52 / 26.09.2023
So‘rovnoma: talabalarga yotoqxona qulaymi yoki ijara?
17:45 / 22.02.2023
“So‘rovnoma talabalar uchun emas, tyutorlar to‘ldirishi uchun mo‘ljallangan” – vazirlik munosabati
14:29 / 25.08.2022