Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sayyora Xo‘jayeva «snos» va hokimlar haqida: javobgarlikning yo‘qligi o‘zboshimchalikka olib keladi
O‘zbekiston Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayeva O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ochiq xat yozdi. Uning matni Sayyora Xo‘jayevaning Facebook’dagi sahifasida va yuqorida ko‘rsatilgan institut rasmiy sahifasida e'lon qilindi.
«So‘nggi ikki-uch kun mamlakatimiz kadrlar siyosatidagi bo‘shliqlarni yana bir bor namoyish etdi. Nima deyishingizdan qat'iy nazar, «kadrlar hamma narsani hal qiladi» degan mashhur ibora bugun ham, ertaga va har doim ham dolzarb bo‘ladi. Sizning mansabdor shaxslarga aytgan gaplaringiz shundan dalolat beradiki, hozirga qadar amalda bo‘lgan kadrlarni tanlash va ularni taqsimlash tizimi o‘zini oqlamadi hamda «Davlat xizmatchilari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini qabul qilish vaqti keldi. Uchala hokim, «snos»lar bilan bog‘liq so‘nggi voqealar «qahramonlari»ni siz uzoq vaqtdan beri tanigansiz va ularga ishongansiz. Hokimlar sizning odamlaringiz ekani va hamma ularga bo‘ysunishi kerakligi haqidagi so‘zlaringiz barchaning yodida», - dedi u.
Uning fikriga ko‘ra, tarixda hokimiyatni suiiste'mol qilish salbiy natijalarga olib kelishi, ba'zan esa demokratik islohotlarni ilgari surishga xalaqit berishini isbotlovchi misollar juda ko‘p.
«Tan olish kerakki, ular sizning ishonchingizni oqlamadi, aksincha, o‘zining xatti-harakati bilan siz, sizning siyosatingizga pand berdi hamda dunyo hamjamiyati oldida davlat hokimiyatini obro‘sizlantirdi. Fuqarolar Sh.G‘aniyev, F.Ermanov va boshqa ayrim hokimlarning qonunga rioya qilmaslik, qo‘pol, ba'zan surbetlarcha xatti-harakatlaridan shikoyat qildi. Ammo, ma'lumki, javobgarlikning yo‘qligi o‘zboshimchalikka olib keladi. Men fuqarolik jamiyatining vakiliman, biz siz va sizning islohotlaringizga ishonamiz. Bugun erishgan barcha yutuqlarimizni sanab o‘tirmayman, buning uchun sizga minnatdormiz», - deya ta'kidladi Sayyora Xo‘jayeva.
Shu bilan birga, uning ma'lum qilishicha, O‘zbekiston oldinga qarab harakatlanishi kerak.
«Sizga cheksiz ishonayotgan xalqaro hamjamiyat ham jiddiy o‘zgarishlar, jumladan, kadrlar siyosatida katta o‘zgarishlarni kutmoqda. Iqtidorli yoshlar juda ko‘p. Ammo stereotiplar ularni ilgari surishga to‘sqinlik qilyapti. Sizning atrofingizdagi shaxslar asosan «o‘z odamlari»ni yuqori lavozimlarga olib chiqmoqda, sizga ishonadigan hamda O‘zbekiston eng ilg‘or davlatlar qatoriga kirishini istaydigan haqiqiy vatanparvarlar tarixdan chetda qolmoqda», - dedi u.
Direktorning qayd etishicha, «prezidentning yonida haqiqiy malakali, vatanparvar, adolatli va halol odamlar bo‘lishi kerak».
Eslatib o‘tamiz, 2 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti raisligida kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari hokimlarini yo‘l qo‘ygan xatolari uchun qattiq tanqid qildi.
Kecha, 4 avgust kuni Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev, Qashqadaryo rahbari Zafar Ro‘ziyev va uning xorazmlik hamkasbi Farhod Ermanov mahalliy aholidan uzr so‘radi.
Mavzuga oid
09:52 / 28.02.2025
Guliston tumani hokimi o‘zgardi
15:39 / 24.02.2025
Oyoqosti bo‘lgan qonunlar va yo‘q qilingan yashil jamoat parki: “Ajdar yurak” hokimga chora ko‘riladimi?
09:49 / 15.02.2025
Hokimlar endi har oy tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan uchrashadi
23:02 / 23.01.2025