O‘zbekiston | 09:43 / 07.08.2019
25037
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda traktorlarning necha foizi o‘z xizmat muddatini o‘tab bo‘lgani ma'lum qilindi

Foto: KUN.UZ

2019 yil 6 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP va “Adolat” SDP fraksiyalarining tashabbusi bilan navbatdagi “Hukumat soati” o‘tkazildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, unda deputatlarning “Mamlakatda meva-sabzavot yetishtirish bo‘yicha klaster tizimiga o‘tishning samaradorligi va bu borada istiqboldagi vazifalar yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masala yuzasidan savollariga javob berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbariyati taklif qilindi.

“Hukumat soati”da deputatlar ixtisoslashgan klasterlarda meva-sabzavotlarni xalqaro standartlar talablarida yetishtirish, ularga kafolatli talabgor buyurtmachilar ro‘yxatini shakllantirish, daladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste'molchiga yetkazib berish, qayta ishlash, qadoqlash va eksport masalalari hamda transport-logistika tizimini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq muammoli holatlar yuzasidan bir qator savollar bilan murojaat etdilar.

Qayd qilinganidek, bugungi kunda respublikada 241 mingta qishloq xo‘jalik texnikasi, shundan 52 mingta traktor mavjud. Traktorlar bilan ta'minlanganlik darajasi sabzavot va polizchilikda – 54 foiz, bog‘dorchilik va uzumchilikda – 48 foiz, chorvachilikda – 55 foizni tashkil etadi. Shundan bog‘dorchilikka ixtisoslashgan traktorlarning 57 foizi, transport traktorlarining 41 foizi, haydov traktorlarining 31 foizi o‘z xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddisi ushbu muammo yuzasidan parlament vakillari bergan savolga javob qaytarar ekan, mazkur masalani ijobiy hal etish maqsadida prezident tomonidan yaqinda imzolangan “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish, agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta'minlashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga asosan, meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan klasterlarda 2019-2025 yillarda 100 mingdan ortiq yangi qishloq xo‘jaligi texnikasi, jumladan, 18 ming 744 ta meva-sabzavotchilikka moslashtirilgan texnikalar ishlab chiqarilib, joylarga yetkazib berilishi belgilanganini qayd etib o‘tdi. Shuningdek, respublikada ishlab chiqarilgan zamonaviy texnika sotib olishda qiymatini 15 foizini subsidiyalash hamda bank krediti yoki lizingga sotib olingan texnikalar bo‘yicha foiz stavkalarining 50 foizini davlat tomonidan qoplab berish mexanizmi joriy etilganini ma'lum qildi. Albatta, ushbu mexanizmlar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini mexanizatsiya darajasini oshirish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish, hosildorlikni kamida 15-20 foizga oshirish imkonini berishini ta'kidladi.

O‘z navbatida, deputatlar vazirlikning meva-sabzavot yetishtirish bo‘yicha klaster tizimiga o‘tishning samaradorligini yanada oshirish borasidagi istiqboldagi rejalari, ko‘rilayotgan chora-tadbirlari xususida qiziqdilar. Shuningdek, klasterlar tomonidan yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarni xorijga eksport qilish borasida yuzaga kelayotgan muammolar hamda ularni bartaraf etish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan savollar berdilar.  

Tadbir yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitalariga sohaga oid amaldagi qonun hujjatlarini va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish tavsiya etildi. Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini ta'minlashga kelishib olindi.

Mavzuga oid