Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda taekvondo bo‘yicha kadetlar o‘rtasida JCh boshlandi. O‘zbekiston birinchi kunni medalsiz yakunladi
Taekvondo bo‘yicha Toshkentda boshlangan kadetlar o‘rtasidagi Jahon chempionatining ilk kuni o‘zbekistonlik sportchilar uchun omadsiz kechdi.
«Universal sport saroyi» majmuasidagi dastlabki kungi bahslarda dayanga chiqqan besh mezbon taekvondochidan to‘rt nafari ilk bahsdayoq mag‘lubiyatga uchradi.

O‘g‘il bolalardan -65 kg vazn toifasida Abdulaziz Ahramov serbiyalik raqibga, +65 kg.da Mahsud Maratov meksikalik sportchiga imkoniyatni boy berdi. Qizlar o‘rtasidagi bahslarda esa -29 kg vazn toifasida Shabona Abduvaliyeva turkiyalik sportchiga, -33 kg.da Aynur Umirzakova tailandlik atletga yutqazib qo‘ydi.

Bu to‘rt o‘zbekistonlik sportchidan keyin dayanga ko‘tarilgan -51 kg vazn toifasidagi Mubina Ma'murjonova nimchorak finalda bolgariyalik raqibining to‘sig‘idan o‘ta oldi. Vaqt tugashiga 10 soniya qolganida 18:18 hisobi qayd etilayotgan bahsda Mubina so‘nggi soniyalarda bir ochko olib, chorak finalga chiqdi. Ammo u keyingi bosqichda Andorra terma jamoasi a'zosidan yengildi.

Chorak final janglaridan keyin Jahon chempionatining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda Butunjahon taekvondo federatsiyasi rahbariyati, O‘zbekiston hukumati mulozimlari va sport mutasaddilari qatnashdi.
Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti Chungvon Choy marosimda so‘zga chiqib, o‘z nutqini o‘zbek tilida «Assalomu alaykum» deyishdan boshladi. U Jahon chempionatiga chiqqan ishtirokchilarga kelgusida Olimpiadada ham qatnashishlarini tiladi, shuningdek, O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasi prezidentligiga yaqinda tayinlangan Sherzod Toshmatovga omad tiladi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov so‘zga chiqdi va mehmonlarni O‘zbekistonga tashrifi va jahon chempionatidagi ishtiroki bilan tabrikladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir mamlakatda taekvondo bilan shug‘ullanayotganlar soni 20 mingdan oshadi.
Chempionat rasman ochib berilgach, rasmiy qasamyod marosimi bo‘lib o‘tdi, so‘ngra tadbir raqs va ko‘rgazmali chiqishlar bilan davom ettirildi.
Kadetlar, ya'ni 12-14 yoshli sportchilar o‘rtasidagi Jahon chempionati o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida 10tadan vazn toifasida o‘tkazilmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi to‘liq tarkibda qatnashyapti.
Birinchi kungi bahslarda 5ta oltin medaldan 2tasi Tailand vakillariga nasib qildi. Yana uchta oltinni Rossiya, Meksika va Eron sportchilari yutib oldi. Eng sovrindor jamoa – 4ta medal olgan Rossiya terma jamoasi bo‘ldi: rossiyaliklar 1ta oltin, 2ta kumush va 1ta bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.
Chempionat 10 avgust kuni yakuniga yetadi.





Mavzuga oid
22:27 / 04.12.2024
Ulug‘bek Rashitov jahonning 2024 yildagi eng yaxshi taekvondochisi bo‘ldi
20:07 / 08.08.2024
Ulug‘bek Rashitov Olimpiada finaliga chiqdi
08:05 / 21.06.2024
O‘zbekiston taekvondo milliy jamoasi Olimpiadada ilk bor 5 sportchi bilan qatnashadi
00:13 / 03.09.2023