Sport | 18:25 / 12.08.2019
26042
10 daqiqa o‘qiladi

Eldor Shomurodov birinchi butsasi, Rivaldo bilan birga maydonga tushgani va Mourino bilan ko‘rishgani haqida

Foto: FK «Rostov»

Rossiya chempionatining yangi mavsumi «Rostov»ning o‘zbekistonlik hujumchisi Eldor Shomurodov uchun omadli boshlandi. U dastlabki 4ta turda 3ta gol urib, rus futboli jamoatchiligi e'tiboriga tushdi. Bugun «Match TV» mavsumning potensial kashfiyoti bilan intervyuni e'lon qildi.

– Yoz davomida «Rostov»ning hujumkorligi ortib boryapti. Karpin uslub o‘zgarishini qanday e'lon qildi?
– Ko‘proq hujum qilishimiz, ko‘proq pressing qo‘llashimizni aytdi. Bu mashg‘ulotlarimizda ham ko‘rinib turgandi. Avvaliga Yevropaning turli jamoalari qanday o‘ynashini ko‘rib chiqdik, birinchi turdan keyin esa o‘z o‘yinlarimizni tomosha qilib, xulosalar chiqara boshladik.

– Karpinning murabbiylar shtabida ispanlar ko‘p. «Rostov»ning mashg‘ulotlari siz oldin o‘ynagan jamoalardagidan farq qiladimi?
– Ha, farq anchagina. Bu yerda har qanday arzimas masalaga ham professional yondashiladi. Har bir futbolchi uchun maxsus individual mashqlar bor. Menda qanaqa? Hozir ko‘proq mushaklarni cho‘zish va epchillikni oshirish ustida ishlayapman. Bu – tanam elastikligini oshirish, kamroq jarohat olish uchun kerak.

– Aleksandr Zuyevning aytishicha, Karpin futbolchilar tanasidagi yog‘ qatlamini qat'iy nazorat qilib turar ekan. Zuyev ma'lum vaqt faqat salat yeb, juda yaxshi formaga kirib olgan. Sizda «Rostov»ga kelganingizdan buyon jismonan o‘zgarish bo‘ldimi?
– Tanada yog‘ yig‘ilishi borasida menda aytarli muammo yo‘q edi. Lekin baribir mashqlar va ratsion yordamida yog‘ qatlamini kamaytirishim kerak bo‘ldi. Yig‘inlardan oldin Karpin qanday qilib to‘g‘ri ovqatlanishni tushuntirib berdi: ko‘proq ko‘katlar, tovuq go‘shti, baliq mahsulotlari, salat va mevalar yeyish kerak. Shunday bo‘lsa-da, nima yeyotganimga hech kim ko‘z-quloq bo‘lib turmaydi. Shunchaki tushuntirib berishgan, shu xolos.

– Yaqinda «Rostov»dan ikki yetakchi – Gatskan va Kalachev ketdi. Endi kim lider?
– Ragnar Sigurdsson va Roman Yeremenko. Juda yaxshi o‘yinchilar.

– Mavsum boshidagi o‘yinlaringizdan ko‘nglingiz to‘ldimi?
– Yana ham yaxshiroq o‘ynashni xohlayman. Lekin ha, yomon boshlamadim. Shu ruhda davom etish kerak. Shunga harakat qilaman.

– O‘tkir to‘p uzatishlar bo‘yicha siz Yeremenkodan keyin jamoada ikkinchisiz (bir o‘yinga o‘rtacha 2,6ta, o‘tgan mavsumda bu ko‘rsatkich 1,3 edi). Jiddiy o‘sish. Bunga nima sabab?
– Bu yil o‘zimga ishonchim ko‘proq. Tez-tez pas oshirib o‘ynash menga yoqadi. O‘zbekistonda ham shunday qilardim, lekin bu yerda biroz vaqt kerak bo‘ldi.

– «Rostov» bu mavsum yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurashishga qodirmi?
– Ha, albatta, kurashamiz. Tarkibimiz anchagina kuchli.

– Tug‘ilgan shahringiz haqida gapirib bering.
– Jarqo‘rg‘on – kichik shaharcha (taxminan 20-25 ming aholisi bor – «Match TV»). Bolaligim o‘sha yerda o‘tgan, ota-onam hozir ham o‘sha yerda yashashadi. Otam ham futbolchi bo‘lgan. Aytishlaricha, yaxshi o‘ynagan, lekin jarohat olgan. Keyin biznes bilan shug‘ullanib, o‘z do‘konini ochgan.

7 yoshimda ko‘cha futboli o‘ynay boshlaganman. Maydonni yomon deb bo‘lmasdi, notekis bo‘lsa ham, o‘ti bor. 12 yoshimda esa «Mash'al» akademiyasiga ketdim. Bu akademiya O‘zbekistondagi eng yaxshisi sanalardi. Biz rus, ingliz tillarini o‘rgandik, kompyuter mashg‘ulotlarini o‘tadik. Lekin men yomon o‘qiganman. Albatta, bundan afsuslanaman. «Hozir o‘qib qolinglar, aks holda keyin afsuslanib yurasizlar», deb bizga o‘shandayoq aytishgandi.

Akademiyaga endi borgan paytlarim qiyin kechgan, har xolda uyimdan ancha uzoq (300 km – «Match TV»). U vaqtda telefonim bo‘lmagan, do‘stlarimdan olib haftada bir marta yaqinlarim bilan gaplashardim. Lekin futbolchi bo‘lishni qattiq xohlaganman. Qolaversa, ota-onam ham oson bo‘lmasligini, sabr qilishim kerakligini aytib ogohlantirishgan. Va men sabr qilganman, keyinroq ko‘nikib ham ketdim.

Hozir mamlakatda yangi akademiyalar qurilgan. «Mash'al»ning ishlari esa unchalik ham yurishmayapti. Balki, gap puldadir. Avvallari Oliy ligada o‘ynardi, hozir esa birinchi ligada.

– Qachon birinchi butsangizni olgansiz?
– Akademiyaga kelganimdan yarim yil – bir yil o‘tgandan keyin. Bolalardan birining butsasi bor edi, kiyib ko‘rishni so‘raganman. Ungacha faqat keda va krossovkada futbol o‘ynaganman, u yerda bunga ruxsat berishardi. Esimda, Moskvaning «Lokomotiv» klubiga stajirovkaga borgandik. U yerda 10 kun bo‘lganmiz, adashmasam TsSKA bilan o‘ynaganmiz. Yoshim taxminan 14da edi. O‘shanda maktabdan butsa berishgan. Keyinroq esa ota-onam sotib olib berishgan.

– Yoshligingizda «Bunyodkor»ning o‘yinlaridan birida Rivaldo bilan maydonga chiqib kelgansiz. Bunaqa imkoniyatni qanday qilib qo‘lga kiritgandingiz?
– Amakim «Mash'al»da o‘ynardi. U bilan chiqmoqchi bo‘lib turgandim, lekin bizni «Bunyodkor» tomonga keltirib qo‘yishgan. Turgan gapki, Rivaldo bilan chiqishni xohlaganman, lekin hamma bolalar bir chiziq bo‘lib turishgandi. Qaysi futbolchi to‘g‘ri kelsa, shu bilan chiqasiz. Omadim kelgan. Juda hayajonlanganman, har holda – yulduz. «Endi bir hafta qo‘lingni yuvmay yur», deb keyin hamma hazil qilgan.

– Agentingiz German Tkachenko – Rossiya futbolida anchagina taniqli shaxslardan. Qayerda tanishgansizlar?
– Unga meni o‘sha vaqtda terma jamoa bosh murabbiyi bo‘lgan Samvel Babayan taklif qilgan. German o‘yinimizga kelgan, keyin ko‘rishib, gaplashganmiz – shu xolos.

– Tkachenko sizni Mourino bilan tanishtirib qo‘ygan. Muloqotda u o‘zidan qanaqa taassurot qoldirgandi?
– German Mourino bilan uchrashishimizni aytmagandi. Syurpriz bo‘ladi, degandi. Stol atrofida o‘tirganimizda Mourino kirib keldi. Avvaliga ishonmadim, keyin salomlashdim, biroz gaplashdik. U Osiyo chempionatini sharhlab borgandi-ku. Tkachenko unga men ham o‘sha chempionatda o‘ynaganimni, gollar urganimni aytib berdi. Mourino buni bilgan ekan.

Image

– Ko‘plab futbolchilarda shunday paytlar ham bo‘ladiki, yuqori darajada ortiq o‘ynagisi kelmay qoladi. Shunaqa holat sizda ham bo‘lganmi?
– Bunday xayollarni esimdan chiqarib yuborishga, buni o‘ylamaslikka harakat qilaman. Lekin bo‘lgan, «Rostov»ga o‘tganimdan keyin, tarkibga kira olmaganimda xafalik bo‘lgan. O‘ynab ketishimga ko‘pchilik ishonmagandi. Kimdir: «Bir yildan keyin qaytib ketasan», degan.

– Sabr qilishingizga nima yordamlashgan?
– Dadam, ikki amakim futbolchi bo‘lishgan (ikkisi ham terma jamoada o‘ynagan), doim qo‘llab-quvvatlashadi. Ularning ishonchini oqlashni xohlayman.

– Yaqinda agentingiz aytdi, RPLning boshqa klublaridan takliflarni ko‘rib chiqmoqchi emas ekansiz, Yevropaga ketish niyatingiz bor ekan. Qaysi ligani yoqtirasiz?
– Yevropada o‘ynashim – o‘zimning ham, ota-onamning ham orzusi. Top-5 chempionatlarida. Qaysi biri ekani muhim emas. Lekin hozir «Rostov» bilan 4 yillik shartnomam bor, ketish haqida o‘ylamayapman.

– Futboldan tashqari eng ko‘p yana nimaga qiziqasiz?
– Rus bilyardini yaxshi ko‘raman, bilyardning shu turi qiziqroq. «Rostov»da ko‘pchilik o‘ynab turadi.

– Siz uchun ideal dam olish kuni qanaqa?
– Ko‘pincha uyda bo‘lishni, hordiq chiqarishni yoqtiraman.

– Oxirgi vaqtlarda sizda katta taassurot qoldirgan kitob qaysi?
– O‘zbekcha kitoblar o‘qiyman. Oxirgi o‘qigan kitobim juda yoqdi. Rus tiliga o‘girsak, «Mej dvux dverey» («Ikki eshik orasi», O‘.Hoshimov) bo‘ladi. Asar 1941-1945 yillardagi urush, o‘sha yillarda odamlar qanday yashagani haqida.

– Barcha zamonlarning eng yaxshi hujumchisi?
– Menga Torres va Drogba yoqardi. Va yana Ronaldo – «Zubastik».

– YouTube`da nimalarni ko‘rib turasiz?
– Faktlar haqida gap ketadigan har xil qiziqarli videolarni. Sportdan tashqari mavzularda ham.

– Nimani orzu qilasiz?
– Terma jamoam bilan Jahon chempionatiga chiqish va u yerda o‘ynashni.

Mavzuga oid