O‘zbekiston | 23:04 / 15.08.2019
29632
6 daqiqa o‘qiladi

Qanot Sharq O‘zbekistonda hududiy aviakompaniya tashkil etishni rejalashtirayotganini ma'lum qildi

Qanot Sharq O‘zbekistonda hududiy aviakompaniya tashkil etishni rejalashtirmoqda, deb ma'lum qildi kompaniya muassisi Nosir Abdug‘afforov Kun.uz muxbiriga.

«O‘tgan yil noyabrda prezident farmoni chiqqanidan so‘ng («O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» – tahr.) biz aviakompaniyani hududiy aviatashuvchi sifatida qayta jonlantirishga qaror qildik. Biz hududiy texnika ishlab chiqaruvchi uchta yetakchi – Embraer (Braziliya), Bombardier (Kanada) va Sukhoi (RF) kompaniyalari bilan uchrashdik. Parvozlar geografiyasi, parvoz jadvali ishlab chiqilmoqda. Shuningdek aviakompaniyaning tashkiliy tuzilmasi tayyorlanmoqda», – dedi Abdug‘afforov.

Kompaniya boshlanishiga 2-3ta samolyot olish va o‘z flotini muntazam ravishda kengaytirishni rejalashtirmoqda.

«Biz oyoqlarimiz ostidagi tuproqni his qilishimiz lozim»

Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, hukumat hozircha aniq javob bergani yo‘q. Tashabbus barcha doiralarda ochiqchasiga ma'qullanayotgan bo‘lsa-da, tadbirkor bir oydan ortiq vaqtdan buyon O‘zbekiston Transport vazirligi vakillari bilan uchrashishga urinmoqda.

«Yozishma bir oydan ortiq vaqtdan beri davom etmoqda. To‘g‘risini aytsam, xat va hujjatlarni ko‘rib chiqish muddati juda katta. Hammasi juda sekin ketmoqda. Yordam berishga go‘yoki tayyor, ammo barchasi cho‘zilmoqda. Bizga yordamlarini taklif qilishdi va barcha masalalarni muhokama qilishga rozi bo‘lishdi, ammo hozircha hech kim bilan uchrashishning imkoni bo‘lmadi», – dedi Abdug‘afforov.

Aviakompaniya qachondan ish boshlashi mumkinligi haqidagi savolga Abdug‘afforov bu unga bog‘liqmasligini aytdi.

«Agarda kompaniyani yo‘lga qo‘yish uchun zarur bo‘lgan barcha savollarimizga javoblar bo‘lsa, kamida 2-3 oy ketadi. Uchuvchilar va texnik tarkibni o‘qitish vaqt oladi, – dedi u. – Hozirda bizga yangi samolyotlar sotib olish bo‘yicha ishlab chiqaruvchilardan va havo kemalarini ijaraga olish bo‘yicha lizing kompaniyalaridan takliflar kelib tushmoqda, ammo bu yerda hech narsa tayyor bo‘lmasa, ularni qanday olamiz. Biz oyoqlarimiz ostidagi tuproqni his qilishimiz lozim».

«Millionlab savollar»

Qanot Sharq 1998 yilda ro‘yxatga olingan hamda yuk va yo‘lovchi aviatashuvlariga ixtisoslashgan. 2003 yildan 2012 yilgacha kompaniya «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKdan Il-76 samolyotlarini ijaraga olgan va O‘zbekistondagi birinchi xususiy aviakompaniya o‘laroq o‘z charter reyslarini amalga oshirgan. Kompaniya 150 mingdan ortiq yo‘lovchi tashigan. Barcha Il-76 samolyotlari O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga o‘tkazilgach, Qanot Sharq’ning ekspluatantlik sertifikati to‘xtatilgan.

Kompaniyada xohish ham, tajriba ham bor, ammo «millionlab savollar» ochiqligicha qolmoqda, deydi Kun.uz suhbatdoshi. Abdug‘afforov barchasi «hukumatning xohish va irodasiga bog‘liq» deb hisoblaydi, muzokaralarning cho‘zilishini esa xususiy aviakompaniya tashkil etilishi mamlakat uchun yangicha sharoitlarda kechayotgani bilan bog‘laydi.

«Ha, barchasi yangicha sharoitlarda. Ilgari bizda bunday narsa bo‘lmagan. Boshqa mamlakatlarda barchasi ancha tez kechadi, chunki qonunchilik ham, bozor ham tartibga solingan. Agarda hammasi tayyor bo‘lsa, bir oy ichida aviakompaniyani ishga tushirish mumkin», – deydi u.

Masalan, chastotalarni taqsimlash hamda parvozlar yo‘nalishini belgilash bilan kim va qanday tarzda shug‘ullanadi degan savol tug‘iladi. Yonilg‘i quyish va aviayonilg‘i sotish, MAKdan ajralib chiqadigan aeroportlar bilan ishlash mexanizmini kim amalga oshiradi degan savol ham dolzarb.  

«Samolyotni uchirish qiyinmas, ammo yonilg‘i va aeroportlardagi stavkalar masalasi hal qilinishi kerak. Hozirda amalda bo‘lgan eski stavkalarni qayta ko‘rib chiqish lozim. Masalan, chegaradan chiqib ketayotgan har bir yo‘lovchi uchun stavka 60 dollar atrofida. Buning ustiga QQSsiz. Agarda uchish-qo‘nish uchun summani ham qo‘shib, uni yo‘lovchilarga bo‘linsa, 70-75 dollar atrofida bo‘ladi, bu juda ko‘p», – dedi Abdug‘afforov.  

U yirik va kichik aviatashuvchilarning o‘zaro hamkorligi sifatida Emirates Airlines va Flydubai kompaniyalarini misol keltirdi. Ikkinchi kompaniya keyin Emirates Airlines samolyotlari orqali uzoqqa parvoz qiladigan yo‘lovchilarni «olib kelib berish» bilan shug‘ullanadi.   

«Bizda ham shunday qilish mumkin. Buning ustiga MAK ichki reyslarda yarim soatlik parvozlarga mo‘ljallanmagan A-320 samolyotlaridan foydalanadi. Bu mashinalarning resurslarini kuchli darajada yo‘qotadi. Biz kichik masofalar uchun hududiy aviakompaniya tashkil qilmoqchimiz. Bunda hamkorlikda ishlash mumkin – yo‘lovchilar ichki hududlarda tashiladi, MAK esa ularni uzoq masofalarga tashiydi», – deydi Abdug‘afforov.

Avvalroq SilkJet kompaniyasi O‘zbekistondagi birinchi loukosterni ochishga tayyorligi xabar qilingandi. Uning asoschisi Alisher Annazarov Kun.uz’ga bergan intervyusida yangi aviatashuvchining paydo bo‘lishi bozordagi vaziyatni qanday o‘zgartirishi, bundan nafaqat yo‘lovchilar, balki «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK va davlat yutishi mumkinligi haqida so‘z yuritgandi.

Mavzuga oid