Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqi kimlarga beriladi?
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan imzolangan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlarni xususiylashtirish huquqi kimlarga berildi va u qanday tartibda amalga oshiriladi? Shu kabi savollar bilan Oliy Majlis Senati a'zosi Tolibjon Madumarovga murojaat qildik.
– Kimlar yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega?
– Faqat O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirib olishi mumkin.
– Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarning hammasi xususiylashtiriladimi?
– Yo‘q. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarning barchasini ham xususiylashtirishga ruxsat berilmaydi. Yer uchastkasining o‘ziga xos jihatlaridan kelib chiqqan holda, yer uchastkalari va ular bilan mustahkam bog‘langan obektlar birligi prinsipi belgilanadi. Unga binoan, joylashgan yer uchastkasi mulkdoriga tegishli bo‘lgan bino yoki inshootga mulkdorlik huquqi berilganda, bino yoki inshoot bilan band hamda undan foydalanish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkasiga egalik huquqi bino yoki inshootni sotib oluvchiga o‘tadi.
Shu bilan birga, qonunda bu borada aniq norma belgilangan. Ya'ni:
* belgilangan tartibda rejalashtirish sxemalari bo‘lmagan hududlarda joylashgan yerlar;
* foydali qazilmalar konlari, davlat mulkidagi strategik obektlar joylashgan yerlar;
* tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan yerlar;
* o‘rmon va suv fondlarining, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi yerlari;
* erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga berilgan hamda shu kabi boshqa yerlar xususiylashtirilmaydi.
– Yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi qanday?
– Yer uchastkalarini xususiylashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining qarorlari asosida pullik amalga oshiriladi. Buning uchun to‘lov miqdori yer uchastkasi xususiylashtirilgan kundagi yer solig‘i stavkasining karrali miqdorlarida belgilanadi.
Bo‘sh turgan va Urbanizatsiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish elektron onlayn-auksion orqali bajariladi. Eng muhimi, yer uchastkalarini xususiylashtirish faqat bosh rejalar va batafsil rejalashtirish loyihalari, shuningdek, ko‘chmas mulk kadastr hujjatlari mavjud bo‘lgan aholi punktlarida joylashgan yer uchastkalariga nisbatan amalga oshiriladi. Belgilangan yer uchastkalarining boshlang‘ich bahosi auksionga qo‘yilgan vaqtda ularning bozor qiymatiga teng etib belgilanadi.
Shuningdek, qonunda, xususiylashtirilgan yer uchastkalariga bo‘lgan mulkdorlik huquqi davlat tomonidan muhofaza qilinishi mustahkamlangan. Ya'ni ularning daxlsizligini kafolatlaydi. Bu o‘z navbatida belgilangan tartib-taomillarga zid ravishda yerlarning mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan olib qo‘yilishi kabi holatlarning bartaraf etilishiga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun 2020 yil 1 martdan e'tiboran kuchga kiradi.
Jonibek MA'RUPOV
suhbatlashdi.
Mavzuga oid
13:48 / 18.04.2025
Hududlarda yer sotish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi
16:12 / 31.03.2025
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish tartibi o‘zgartirildi
11:13 / 31.03.2025
Tomorqadan samarasiz foydalanganlarga ko‘riladigan choralar ishlab chiqildi
11:33 / 28.03.2025