O‘zbekiston | 16:28 / 17.08.2019
221516
8 daqiqa o‘qiladi

Bu yil terilgan 1 kg paxta uchun necha pul to‘lanishi rejalashtirilayotgani ma'lum bo‘ldi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “2019 yil hosili paxta xomashyosini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati, «O‘zagroservis» aksiyadorlik jamiyati, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining 2019 yil hosili uchun yetishtirilgan paxta xomashyosini terib olishda:

paxta xomashyosining mashinada terilgan 1 tonnasi uchun 500 000 so‘m xizmat haqi to‘lash;

paxta xomashyosining qo‘lda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi terimda o‘rta tolali paxta navlari uchun – 800 so‘mdan, uzun tolali paxta navlari uchun – 1000 so‘mdan, ikkinchi terimda o‘rta tolali paxta navlari uchun – 1000 so‘mdan,  uzun tolali paxta navlari uchun – 1400 so‘mdan mehnat haqi to‘lash;

paxta yig‘im-terimi mavsumida terim otryadi rahbarlari hamda Sirdaryo viloyatida tashkil etilayotgan dala markazlarining rahbarlari (menedjyerlari)ga istisno tariqasida fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnat haqi to‘lash to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi joriy yilning 15 sentyabriga qadar eksperiment tariqasida, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan paxta terish ishlariga jalb qilinadigan paxta terish mashinalari xizmatidan foydalanganlik uchun xarajatlarning 30 foizini qoplab berish mexanizmini joriy etadi.

Belgilanishicha:

otryad rahbarlari terilgan paxta xomashyosi miqdoridan kelib chiqqan holda mehnat haqini oshirib borish asosida rag‘batlantiriladi;

paxta yig‘im-terimida ish kuchi yetishmovchiligi mavjud bo‘lganda, tumanlar hokimliklari, paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari hamda tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlarining buyurtmalariga asosan tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlari va xususiy bandlik agentliklari tomonidan qo‘shimcha terimchilar ixtiyoriy ravishda jalb etiladi;

xususiy bandlik agentliklari xizmatlari tomonidan har bir ish bilan band bo‘lmagan aholini paxta yig‘im terimiga ixtiyoriy ravishda jalb qilganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida mehnat organlari tomonidan Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlariga paxta xomashyosi yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining moddiy manfaatdorligini oshirish, yetishtirilgan paxta xomashyosini o‘z vaqtida terib olishni ta'minlash maqsadida o‘zlariga biriktirilgan hududda paxta xomashyosini qo‘lda terib olish uchun mehnat haqini mazkur qarorda belgilangan narxlardan kam bo‘lmagan holda erkin belgilash tavsiya etiladi.

«O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi, paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari:

paxta yig‘im-terimini mexanizatsiyalash darajasini oshirish, paxta terish mashinalaridan keng ko‘lamda foydalanishni rag‘batlantirish, paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklarning manfaatdorligini oshirish uchun qo‘lda va mashinada terilgan paxta xomashyosining navlari va sinflari bo‘yicha davlat tomonidan kafolatlangan narxlarda xarid qilinishini;

mahsulot yetishtiruvchilar tomonidan topshirilgan paxta xomashyosini qabul qilib olishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan va elektron tarozilardan foydalangan holda paxta qabul qilish jarayonining shaffofligini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati tizimidagi paxta tozalash tashkilotlari hamda paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari tomonidan paxta xomashyosini qabul qilish maskanlaridagi laboratoriyalarda paxta xomashyosini qabul qilishda sof (fizik) vazn bilan konditsion vazn o‘rtasidagi farqlarning haqqoniyligi va chegirmalarning adolatli qo‘llanilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, respublika tijorat banklariga «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi bilan birgalikda paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlariga paxta xomashyosini terib olishga talab etiladigan mablag‘lar uchun yillik foiz stavkasini xorijiy valutada 6 foizdan va milliy valutada 16 foizdan oshmagan miqdorda kreditlar ajratish tavsiya etiladi.

Jamg‘arma, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, respublika tijorat banklari, «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi, paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari paxta xomashyosi uchun terimchilarga mehnat haqini ushbu qarorda belgilangan tarif stavkalaridan kelib chiqqan holda har besh kunda, zarurat bo‘lganda har kuni to‘lashni tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2018 yil 28 fevraldagi PQ-3574-son qarori talablaridan kelib chiqib, 2019 yil paxta hosilini qisqa muddatda yig‘ib-terib olishni, terimchilar bilan hisob-kitoblarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida jamg‘armaga 2020 yilda qaytarish sharti bilan foizsiz ssuda ajratadi.

Jamg‘arma, «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi, paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari yetkazib berilgan paxta xomashyosi uchun fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan joriy yilning 31 dekabriga qadar to‘liq hisob-kitob qilinishini ta'minlaydi.

Paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari bilan hisob-kitoblarning to‘g‘ri va o‘z vaqtida amalga oshirilishiga hamda ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishiga «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi va «Agrobank» ATB rahbarlari shaxsan mas'ul ekanliklari belgilab qo‘yiladi.

Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining paxta yig‘im terimi mavsumida terimchilar joylashgan yotoq joylarida sarflanadigan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi xarajatlarini mahalliy budjet hisobidan qoplab berish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 2019 yil paxta hosilini nes-nobud qilmasdan uyushqoqlik bilan yig‘ib-terib olishni tashkil etish, mavsumda qatnashayotgan terimchilarga mehnat haqi to‘lash hamda ish kuchi yetishmovchiligi mavjud tumanlarga qo‘shimcha terimchilarni jalb qilish va ularga kafolatlangan haq to‘lash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni tasdiqlaydi.

Mavzuga oid