O‘zbekiston | 12:28 / 17.08.2019
20736
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh toksikologi va bosh gematologi Samara oblastiga uchib ketdi

Illyustrativ foto

O‘zbekistonning Qozon shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasi ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yil 17 avgust kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh toksikologi Rustam Akalayev va bosh gematologi Hamida Kazakbayeva «Koshelevskiy posad» korxonasida ishlagan va iyul oyida «noma'lum moddadan zaharlanish» tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilib, hozirdan davolanishni davom ettirayotgan 48 nafar O‘zbekiston fuqarolariga yordam ko‘rsatish uchun Samara oblastiga uchib ketdi.

TIV xabariga ko‘ra, 4 nafar og‘ir ahvolda bo‘lgan jabrlanuvchi (Og‘abek Ortiqov, Islomboy Qo‘chqorov, Farhod Hayitov, Omonboy Ro‘zimov) 16 avgust kuni davolanishni davom ettirishlari uchun Rossiya FVVning maxsus samolyotida Moskva shahridagi Gematologiya Milliy tibbiy tadqiqotlar markaziga olib kelindi. Rossiya poytaxtida ularni mamlakat elchixonasi va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi vakolatxonasining xodimlari kutib olishdi.

44 nafar O‘zbekiston fuqarolari esa hamon V.D.Seredavin nomidagi Samara oblasti klinik shifoxonasida va 1-son Tolyatti shahar klinik shifoxonasida bo‘lib turibdi.

Konsullik-huquqiy departamenti Rossiyaning Volgabo‘yi federal okrugi (Boshqirdiston Respublikasi, Kirov oblasti, Mariy El Respublikasi, Mordoviya Respublikasi, Nijyegorod oblasti, Orenburg oblasti, Penza oblasti, Perm o‘lkasi, Samara oblasti, Saratov oblasti, Tatariston Respublikasi, Udmurtiya Respublikasi, Ulyanov oblasti, Chuvashiya Respublikasi) hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda mamlakatning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan: +7-967-772-66-00.

Mavzuga oid