O‘zbekiston | 00:38 / 18.08.2019
52762
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud matbuot xizmati rahbari faoliyatidan qoniqmaganligini bildirib lavozimini tark etdi

16 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining to‘liq tarkibdagi navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Sudlar faoliyati tahliliga bag‘ishlangan va tanqidiy ruhda o‘tgan mazkur yig‘ilishda Oliy sud matbuot xizmati rahbari Olimjon O‘sarov sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligi mavzuida ma'ruza qilgan. 

Kun.uz manbasining xabar berishicha, matbuot xizmati rahbari o‘z ma'ruzasida so‘nggi vaqtlarda OAVda sudlar faoliyati borasida tanqidiy chiqishlar ko‘payib borayotgani va bu kabi chiqishlarga jiddiy e'tibor qaratish, xolis munosabat bildirish kerakligini, ammo bu borada joylarda sustkashliklarga yo‘l qo‘yilayotgani, shuningdek, ayrim sudya va sud xodimlari tomonidan jurnalistarning sud majlislarida ishtirok etishiga asossiz to‘siqlar qo‘yilayotganini tanqid qilgan.

«Hozir davlat organlarining axborot xizmatlari faoliyati yangitdan ko‘rib chiqilmoqda, matbuot xizmati rahbarlariga esa katta vakolat va imkoniyatlar berilyapti. Bundan birinchi navbatda davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikka xolis axborot yetkazish maqsadi ko‘zlangan. Tashkilot va OAV o‘rtasida hamkorlik qog‘ozda emas, amalda bo‘lishi lozim. 

Ammo matbuot xizmati xodimlarining ish joyiga tushga yaqin kelishi, natijada jurnalistlarning murojaatlari javobsiz qolayotgani, berilayotgan qisqa javoblar esa ularni qoniqtirmayotgani, natijada sud faoliyatiga nisbatan turli noroziliklarning ko‘payib borayotgani tufayli lavozimimni tark etaman», deya fikrlarini yakunlagan Olimjon O‘sarov.

Ma'lumot uchun, Olimjon O‘sarov 28 yillik ish faoliyati davomida davlat hokimiyati organlari va ommaviy axborot vositalarida turli mas'ul lavozimlarda ishlagan. 

2002-2005 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining matbuot xizmati rahbari hamda «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Axborotnomasi» ilmiy-amaliy jurnali va «Kuch-adolatda» gazetasi birlashgan tahririyati bosh muharriri, shuningdek, ikki chaqiriq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo‘lgan.

Mavzuga oid