O‘zbekiston | 00:49 / 20.08.2019
16650
2 daqiqa o‘qiladi

Mixail Chudakov: “O‘zbekiston atom texnologiyasi sohasiga endigina kirib kelgan mamlakat emas”

Bugun, 19 avgust kuni, Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligida Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) direktori o‘rinbosari Mixail Chudakovning O‘zbekistonga tashrifi munosabati bilan rasmiy uchrashuv tashkil etildi. Unda XAEAning kadrlar salohiyatini oshirish va yadroviy infratuzilma yaratish bo‘yicha texnik hamkorlik dasturining O‘zbekistonda ilk AES qurilishi loyihasi doirasida tatbiq etilishi hamda xavfsizlik masalalari muhokama etildi.

“Xalqaro atom energetikasi agentligi 1956 yilda tashkil etilgan bo‘lsa, o‘sha paytdayoq O‘zbekiston atom energetikasi bo‘yicha faoliyatini boshlagan. Yadro fizikasi instituti ilmiy izlanishlar olib borgan.  Shuning uchun O‘zbekiston yadro texnologiyasi sohasiga endigina kirib kelgan mamlakat emas. Yetarli tajriba to‘plangan. Ayni paytda XAEA O‘zbekiston hukumatiga AES qurish uchun qanday infratuzilma kerakligi yuzasidan tavsiyalar berib kelmoqda. AES reaktorlari Finlyandiya va Fransiya tomonidan qurilishi rejalashtirilgan. Bunda mahalliy kadrlarning qatnashishi ham muhim hisoblanadi, negaki ular tajriba va bilimga ega bo‘lishlari juda zarur”, - deya fikr bildirdi Chudakov.

Chudakovning qo‘shimcha qilishicha, XAEA xavfsizlik dasturlarini O‘zbekistonning taklifiga ko‘ra ishlab chiqadi. Bunga xalqaro ekspertlar jalb qilinadi. Xavfsizlik chora-tadbirlari XAEA tomonidan belgilangan mezonlar bo‘yicha olib boriladi va bu me'yorlarning barchasi mamlakatning nazorat organlari o‘rnatgan qoidalarga asoslanadi, chunki mahalliy hukumatning xavfsizlik talablari XAEAnikidan ko‘ra kuchliroq bo‘ladi.

 

Mavzuga oid