O‘zbekiston | 19:50 / 22.08.2019
24977
5 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 avgust kuni mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashdi. 

«Muloqot chog‘ida partiyalarning jamiyatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotidagi o‘rni va rolini oshirish, shu yil dekabr oyida milliy parlamentimiz va mahalliy vakillik organlariga bo‘ladigan saylovlarga tayyorgarlik ishlarining borishi to‘g‘risida, bu boradagi eng muhim va dolzarb masalalar xususida atroflicha fikr yuritildi. 

Ma'lumki, mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ygan hozirgi vaqtda barcha soha va tarmoqlarda chuqur demokratik o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Harakatlar strategiyasi asosida jamiyatimizda ko‘ppartiyaviylik, siyosiy plyuralizm, fikrlar rang-barangligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini kuchaytirishga alohida e'tibor berilmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda beshta siyosiy partiya – «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi va Ekologik partiya faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning o‘z g‘oya va dasturlarini amalga oshirishi, saylovlarda tenglik, ochiqlik va xolislik tamoyillari asosida faol ishtirok etib, parlament, mahalliy vakillik organlarida o‘z fraksiyalari va partiyaviy guruhlarini shakllantirishi hamda mamlakatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishi uchun barcha qonuniy asoslar yaratilgan. Yangi qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi bu borada yanada keng imkoniyatlar yaratishi bilan ahamiyatlidir», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida

Uchrashuvda davlat rahbari «Har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas bo‘lib, uning o‘tkir talablariga javob bergan taqdirdagina siyosiy kuch sifatida yashay oladi», deb ta'kidlagan.

Oliy Majlis va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga bo‘ladigan saylovlar mamlakatimiz hayotidagi muhim voqea bo‘lib, butun xalqimiz qatori siyosiy partiyalar uchun ham katta siyosiy maktab bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Saylovlarning ko‘ppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillari asosida, dunyoda umume'tirof etilgan demokratik standartlarga mos holda o‘tishi ko‘p jihatdan siyosiy partiyalarning ushbu jarayonga puxta tayyorgarlik ko‘rishi hamda chuqur o‘ylangan yangi g‘oya va maqsadlar, dasturlar bilan ularda faol ishtirok etishiga bog‘liq. 

Milliy qonunchiligimizda bo‘lajak saylovlarda deputatlikka nomzodlar faqat siyosiy partiyalar tomonidan ilgari surilishi qat'iy belgilab qo‘yilgani har bir partiyaga katta huquq va imkoniyat berishi bilan birga yuksak mas'uliyat ham yuklaydi. 

Albatta, saylovlar oldidan har bir siyosiy partiya o‘zining saylovoldi dasturi, siyosiy platformasini ishlab chiqadi, yangi-yangi g‘oyalarni o‘rtaga tashlaydi, el-yurt orasida obro‘-e'tibor qozongan insonlar nomzodini ilgari suradi. Bir so‘z bilan aytganda, kurash qizg‘in bo‘ladi. 

Siyosiy partiyalar rahbarlari bilan suhbat davomida bu galgi saylovlarning o‘ziga xos xususiyatlari va ahamiyati, partiyalar ushbu g‘oyat muhim jarayonga qanday g‘oya va maqsadlar bilan borayotgani, elektoratning faolligini oshirish, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda siyosiy yetakchilik fazilatlarini shakllantirish, partiya tashkilotlari faoliyatini kuchaytirish haqida atroflicha fikr yuritildi. 

«Qaysi partiyaga mansubligidan qat'i nazar, barcha yurtdoshlarimizni birlashtiradigan yagona va mushtarak maqsad – bu jonajon O‘zbekistonimiz, uning buyuk kelajagidir. Ayni shu maqsad hammamizni ona yurtimizga sadoqat bilan xizmat qilishga da'vat etadi», deb ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Saylovlar jarayonida, demokratik plyuralizm sharoitida xalqimizga xos bo‘lgan bag‘rikenglik va olijanoblik, siyosiy-huquqiy madaniyatni namoyon etish lozimligiga urg‘u berildi. Ayniqsa, saylovoldi targ‘ibot kampaniyalarini zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida olib borish bo‘yicha qonunchiligimizda belgilangan normalarga amal qilish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Muloqot jarayonida bugungi davr hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar talablaridan kelib chiqqan holda, siyosiy partiyalar faoliyati chuqur tahlil qilinib, ularning ishini takomillashtirish va samarasini oshirish bo‘yicha fikr-mulohazalar, amaliy takliflar bildirildi.

Mavzuga oid