O‘zbekiston | 14:21 / 22.08.2019
136794
2 daqiqa o‘qiladi

Sotuvlarning birinchi kuni banklar tomonidan qancha naqd dollar sotilgani ma'lum bo‘ldi

Foto: REUTERS / Beawiharta Beawiharta

O‘zbekistonda tijorat banklari tomonidan naqd valuta sotish boshlangan kunning o‘zida banklar tomonidan qariyb 10 mln naqd dollar sotildi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, sotuvlarning ilk kunida tijorat banklari 9,6 mln naqd xorijiy valuta sotgan. Iyul oyida valutaga bo‘lgan talab yilning birinchi yarim yilligidagi o‘rtacha oylik hajmi bilan taqqoslaganda 34 foizga oshib, 1,36 mlrd. dollarni tashkil etgandi.

Eslatib o‘tamiz, valuta bozorini yanada erkinlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida joriy yilning 20 avgustidan boshlab tijorat banklari valuta ayirboshlash shoxobchalari orqali naqd xorijiy valuta sotishni boshladi.

O‘z navbatida, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov valuta kurslari endi bozorda mustaqil shakllanishi haqida aytdi. «Markaziy bank tomonidan valuta uchun belgilangan 0.5 foizli kurs tebranishi bekor qilindi. Bu farq endi valuta sotuvchilar va sotib oluvchilar tomonidan belgilanishiga qaror qilindi. 0,5 foizli chegirmaning borligi valuta bozori ishtirokchilari manfaati uchun zid, degan qarorga kelindi», - dedi MB raisi.

21 avgust kuni valuta birjasidagi savdolar davomida milliy valuta 1 AQSh dollari uchun 9379 so‘mgacha mustahkamlandi. So‘nggi marta so‘m iyul oyida mustahkamlangandi, o‘shanda 1 AQSh dollari uchun 8659 so‘mdan sotilgan, so‘ng eng yuqori ko‘rsatkichga ko‘tarildi va 20 avgustda 1 AQSh dollari uchun 9384 so‘mdan savdo qilindi. Savdolar hajmi 154 million dollargacha keskin o‘sdi - bunday holat iyun oyidan beri sodir bo‘lmagan.

Mavzuga oid