O‘zbekiston | 00:30 / 23.08.2019
89137
8 daqiqa o‘qiladi

Internetda Ortiqxo‘jayev murojaatchilarga qo‘pollik qilgani haqidagi audiolar tarqaldi. Toshkent shahri hokimiyati izoh berdi

16 avgust kuni Toshkent shahar hokimligining majlislar zalida poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hamda Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi aholi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda shahar hokimidan tashqari uning o‘rinbosarlari va Mirobod tuman hokimi Shuhrat Po‘latov ham ishtirok etgan.

21 iyun kuni internetda ushbu uchrashuv vaqtida yozib olingan audioyozuvlar tarqaldi. Bu audioyozuvlar orqali uchrashuv davomida Toshkent shahri hokimi shikoyat qilib kelganlarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgani ko‘rsatilgan.

«Ozodlik» radiosi ma'lumotiga ko‘ra, Mirobod tumanida yashovchi 10dan ortiq kishi shahar hokimi qabuliga Nukus ko‘chasidagi 88-uy va 1-Mirobod tor ko‘chasidagi 5-uy orasidagi 60 metrlik bo‘sh maydonni savdo majmuasi qurish uchun xususiy tadbirkorga berish qarorini bekor qilishni so‘rab kelgandi.

Qayd etilishicha, bu mirobodliklar va shahar hokimining mazkur masaladagi uchinchi uchrashuvi bo‘lgan.

Tarqatilgan audiolarda mirobodlik shikoyatchilar Jahongir Ortiqxo‘jayevga 2017 yili shaharning sobiq hokimi Rahmonbek Usmonovning qarori bilan mashinalar turargohi va bolalar maydonchasi bo‘lgan yerning qurilishga berilganini shaharsozlik kodeksi va sanitariya talablariga zid ekanini tushuntirishgani eshitiladi.

«To‘qqiz qavatli uylar orasida kamida 45 metr masofa bo‘lishi kerak, bu qurilish qilinsa, orada faqat 20 metr joy qoladi - bu qonunga xilof. Bolalarimiz qayerda o‘ynaydi, qariyalarimiz qayerga chiqib nafas rostlaydi? Bu yerni xususiy tadbirkorga berish - noqonuniy. Uni hech qanday auksionsiz hokim qarori bilan sotib yuborish esa qonunni takror buzishdir», deydi norozi shikoyatchilardan biri.

Videokamera qarshisida murojaatchilar vakilining so‘zlarini bo‘lmasdan eshitgan hokim  murojaatchilar «agar muammo hal qilinmasa, prezident qabulxonasiga borish, bolalarni olib mitingga chiqish» haqida ogohlantirishganidan keyin hissiyotga berilib, ularga baqira boshlaydi.

«Meni sudga bering! Qayerga istasangiz...  Boring, Xudo haqqi meni sudga bering!.. Siz meni ayblayapsiz, xuddi men ataylab qilganday!.. Boring, qayerga istasangiz boring! Men bu ishlardan charchadim... Istasangiz prezidentga boring, istasangiz Xudoga boring!.. Men siz bilan xotirjam gaplashib, bu masalani hal qilmoqchi edim. Endi istasangiz, shikoyat qilib Bryusselga boring, marhamat!», deya stolni urib baland ovozda rus tilida gapiradi hokim.

U baland ohangda davom etadi: «Hech kim men bilan bunday gaplashishga haqli emas, men nafaqat hokim, balki shu mamlakat fuqarosiman, xuddi siz kabi... Qayerga borsangiz boring! Istasangiz - isyon qiling, istasangiz - piketga chiqing. Men nima qila olaman. Men qonunga qarshi bormayman...

Men harakat qildim. Buning uchun sizlar bilan uch marta uchrashdim... Muammolaringizni sud hal qiladi, men bu muammolardan charchadim... Men buni hal qila olmayman, tushunyapsizlarmi?».

Qayd etish kerakki, tarqalgan audiolar ketma-ket emas va qaysi gaplar qaysi gapdan keyin aytilganini aniqlab bo‘lmaydi. Lekin audiolarda hokim tilidan «Erkakmisan o‘zi, g‘ururing bormi, mujikmisan, nimadan qo‘rqasan, qamalishdanmi?», «Erlaring bormi sanlarning o‘zi, bolalaring bormi, g‘urur bormi? Musulmon (aël) erkak kishi gapirganda yerga qarab jim o‘tiradi», kabi iboralar chiqadi.

Bugun, 22 avgust kuni Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati Mirobod tumani aholisi bilan o‘tkazilgan uchrashuv yuzasidan izoh berdi.

Hokimlik ushbu uchrashuvga oid boshqa bir videoni keltirgan. Aftidan, bu videoda hokim hissiyotga berilib ketishidan oldingi holat aks etgan.

«Biz sizlar bilan uch marta uchrashdik. Sizlarni hech qachon kutdirmadim. Har safar qabul qildim. Boshidan sizlarga yordam ko‘rsatishga harakat qilib keldim, to‘g‘rimi? Lekin, u ham tadbirkor, men u bilan sizlarning oldingizda ko‘rishdim, keyin yana bir marta ko‘rishdik. Keyin u sudga berdi.

Sud - uchinchi hokimiyat. Bizning hokimiyat - ijro hokimiyati. Biz sudga ta'sir o‘tkazishga haqli emasmiz. Aks holda, Konstitutsiyani buzgan bo‘laman. Men yordam berishni xohlayapman, ammo men sudga ta'sir ko‘rsata olmayman. Sudga faqat Oliy sud ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Sizlarda ikki marta sud ishi bo‘ldi, ikki safar ham sud tadbirkor foydasiga qaror chiqardi», deya qayd etgan hokim.

Shundan keyin, murojaatchilardan biri so‘z olib, sud tomonidan aholiga hurmatsizlik ko‘rsatilayotgani haqida gapiradi.

«O‘tgan safar men sizdan juda xursand bo‘lib ketgandim... Biz sizni duo qilayotgandik, lekin sudyaning kechagi gaplaridan hafsalam pir bo‘ldi. Yoshgina yigit shuncha odamning ustidan kulib ketdi. U hokim masalani hal qilishi mumkin dedi. «Nega hokim hal qilmayapti» deydi. Bu qanday hurmatsizlik?», deya savol bilan yuzlanadi ayol.

Shundan keyingi kadrda murojaatchilar o‘zaro baland ovozda muloqotga kirishgani ko‘rsatilgan.

Toshkent shahri hokimligi o‘z munosabatida «ayrim xorijiy nashrlar» hokimning so‘zlarini kontekstdan yulib olish orqali nimani maqsad qilgani haqida savol qo‘ygan.

«Ba'zi xorijiy OAVlarning asl maqsadi haqida o‘ylanib ko‘raylik: maqsad - dunyoda O‘zbekistondagi islohotlar va ularning samaralarini ko‘rsatishmi yoki mamlakatimizning imiji, nufuzini tushirishmi?

Nahot jamoatchilik xorij OAVlari davlatimiz siyosati, hukumatimiz va hokimliklar tomonidan olib borilayotgan ishlarni noxolis yoritayotganini hamon sezmagan?

Aholining muammo va murojaatlarini o‘rganish, hal qilish maqsadida mamlakatimiz miqyosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xalq qabulxonalari tashkil etilgan, Bosh vazir, viloyat, shahar va tuman hokimlari hamda ularning o‘rinbosarlari tomonidan sayyor qabullar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, zaruratga ko‘ra, shahar hokimi aholi bilan rejadan tashqari ham uchrashuvlar o‘tkazadi.

Shunday uchrashuvlardan biri Mirobod tuman … aholisi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan. Bu uchrashuv qanday boshlangan, unda nimalar haqida so‘z yuritilgan va muloqotning qaysi qismini Ozodlik e'lon qilgan?», deyiladi xabarda.

Lekin bu bayonotda Toshkent shahri hokimi murojaatchilar bilan uchrashuv davomida o‘zini nomunosib tutgani bo‘yicha lom-mim deyilmagan. Shuningdek, hokimiyat tomonidan keltirilgan ikki daqiqalik video yarmida uzilib qolgani tufayli hokim stolni mushtlab, odamlarga qo‘pollik qilib baqirishi faqat audioyozuvlardagina aks etgan.

Mavzuga oid