Jamiyat | 15:25 / 23.08.2019
6794
5 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi: O‘zbekistonda travmatologiya yo‘nalishida yana bir yangi endoprotezlash amaliyoti qo‘llanmoqda

Suyak, bo‘g‘im kasalliklari va jarohatlarning oldini olish, bunday xastaliklarni erta tashxislash hamda davolash jahon tibbiyotining dolzarb  muammosidir. Bu yo‘nalishda mamlakatimiz olimlari ham o‘ziga xos ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Natijada yurtimiz travmatologiyasida yangi usul — bipolyar endoprotezlash amaliyoti joriy etildi.

«Ma'lumki, shu kunga qadar tibbiyotimizda chanoq-son bo‘g‘imini endoprotezlash amaliyotining ayrim turlari, jumladan, total hamda revizion usullaridan foydalanib kelinar edi. Endilikda esa, ular sirasiga chanoq-son bo‘g‘imini bipolyar endoprotezlash usuli ham qo‘shildi. Bu usulning noyobligi shundaki, bunda bo‘g‘im ochilgandan so‘ng uning aynan shikastlangan son suyagi qismigina olib tashlanib, o‘rniga endoprotez qo‘yiladi. Ya'ni, endoprotez qo‘yiladigan qismning o‘lchamlari olinib, bo‘g‘imning chanoq-son qismiga tegmagan holda, maxsus keramik yoki metalldan ishlangan endoprotez uskunasini chanoq-son kosasi ichiga erkin harakatlanadigan qilib o‘rnatiladi.

Ilgari ushbu amaliyot biroz murakkab tarzda o‘tkazilar, bunda chanoq-son kosasi uskunalar yordamida tozalanib, tog‘ay qismi olib tashlanar va maxsus vositalar yordamida mahkamlanar edi. Bu esa amaliyotning uzoq vaqtga cho‘zilishiga, qon yo‘qotish xavfining ortishiga va bemorda jarrohlik amaliyoti bilan bog‘liq boshqa holatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lardi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining telegramdagi kanali xabarida.

«Endi esa bunga hojat qolmadi. Boisi ushbu usul orqali ham vaqt, ham mablag‘ tejaladi. Jumladan, ushbu amaliyot o‘zining bor yo‘g‘i 45 daqiqagina davom etishi bilan ham ajralib turadi. Bordi-yu, bemorning umumiy ahvoli yaxshi bo‘lib, amaliyot jarayonidagi ishtirok etuvchi shifokor-xodimlar guruhi tajribali bo‘lsa, unda operatsiya 30 daqiqada ham yakunlanishi mumkin. Tabiiyki, bunda bemor ortiqcha qon yo‘qotish holatidan aziyat chekmaydi. Shuningdek, tananing kesilgan qismidagi kesma uzunligi 7-8 santimetrni tashkil etadi. Eng muhimi esa, shunday murakkab amaliyotdan so‘ng bemor qisqa vaqt oralig‘ida oyoqqa turib, yura boshlaydi, operatsiyaning beshinchi kunida esa uyiga ruxsat beriladi. Bu dunyo tibbiyotida kamdan-kam holatlardagina kuzatiladi», deydi 1-Respublika klinik shifoxonasi shifokori, tibbiyot bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Kamolxo‘ja Eshnazarov.

Turli xastalikni jarrohlik usuli bilan davolashda, bemorning umumiy ahvoli alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki bir organda qo‘llanayotgan amaliyot, ikkinchi xastalikni zo‘raytirib yuborishi mumkin. Qizig‘i shundaki, bipolyar endoprotezlash usulida bunga hojat qolmaydi. Boisi tibbiyotimizda yangi joriy etilayotgan ushbu usul ana shu yuqorida aytilgan jihatlari bilan boshqa organ va to‘qimalarga deyarli ta'sir qilmaydi. Qisqa vaqt ichida yo‘lga qo‘yilgan ushbu amaliyot bugun og‘ir kasalliklar sirasiga kiruvchi son suyagi bo‘yinchasi jarohatlanishi, og‘ir turdagi politravma, bundan tashqari, turli yondosh kasalliklar (yurak qon-tomir, nafas organlari, ruhiy va boshqa kasalliklar) mavjud bo‘lgan bemorlarda ham muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.

«Endoprotezlash amaliyotining dunyo tan olgan ushbu usuli jahonning sanoqli mamlakatlaridagina amalga oshiriladi. Jumladan, AQSh, Germaniya, Turkiya, Yaponiya, Janubiy Koreya singari tibbiyoti rivojlangan davlatlar bu yo‘nalishda yetakchilardan hisoblanishadi. Ilg‘or usul, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalardan keng foydalangan holda o‘tkazilib kelinayotgan mazkur amaliyot mana to‘rt oydan buyon shifoxonamizda ham qo‘llanilmoqda. Muassasamizning bir guruh xodimlari bilan birgalikda Janubiy Koreyaning Yonsey va Chonnam universitetlarida malaka oshirib qaytdik. U yerda bipolyar endoprotezlash amaliyotining keng imkoniyatlari, zamonaviy texnologiyalar yordamida tez va oson ravishda bajariladigan usullarni o‘rgandik.

Ayni paytda shifoxona olimlari tomonidan ushbu murakkab texnologiyali amaliyotlarni yurtimiz tibbiyotida ham keng qo‘llash ustida ish olib borilmoqda. O‘tgan qisqa vaqt mobaynida 25 nafardan ziyod 70 va undan katta yoshdagi bemorlarda ushbu amaliyotning qo‘llanilgani yuqoridagi fikrimiz tasdig‘idir. Quvonarlisi, amaliyot o‘tkazilgan barcha bemorlar sog‘lom hayotga qaytarilib, o‘zlarini yaxshi his qilishmoqda. Endilikda, ushbu usul dastlab mamlakatimizning Samarqand, Navoiy, Farg‘ona, Toshkent, keyinchalik esa boshqa viloyat travmatologiya va ortopediya markazlarida ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilyapti», deydi Kamolxo‘ja Eshnazarov.

Mavzuga oid