Uchta yangi qonun ma'qullandi, hukumat parlamentga hisob berdi – Senat yalpi majlisi suratlarda
Foto: KUN.UZ
Oliy Majlis Senatining 21-yalpi majlisi o‘z ishining ilk kunida uchta qonun loyihasini ma'qulladi va hukumat hisobotini qabul qildi.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bugun senatorlar tasdig‘idan o‘tgan quyidagi qonunlar imzolash va e'lon qilish uchun prezidentga yuboriladi:
– «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»,
– «Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»,
– «Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida»,
«Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi esa rad etildi.
Senatda, shuningdek, «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturining 2019 yil ikkinchi choragidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti tinglandi.
Hisobotni Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov o‘qib eshittirdi.
Qayd etish joiz, majlisning dastlabki kunida 84 nafar senator ishtirok etdi. Majlisning ba'zi qismlari – Senat raisi Tanzila Norboyevaning kirish nutqi va hukumat vakili Aziz Abduhakimovning hisoboti parlament yuqori palatasining Facebook`dagi rasmiy sahifasida jonli efirga uzatildi.
Tushdan so‘ng Senat a'zolari prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va jamiyatda o‘qituvchi mavqeyini oshirish yuzasidan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida qatnashish uchun yo‘l olishdi.
Ertaga, 24 avgust kuni ayrim qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi 7ta qonun loyihasi, 4ta xalqaro hujjatlarning O‘zbekiston tomonidan qabul qilinishi bo‘yicha qonunlar va Senat vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, yalpi majlisning ikkinchi kunida Ichki ishlar va Tashqi ishlar vazirlari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining axborotlari, Xorazm viloyati hokimining hisoboti eshitiladi.
Kun.uz, o‘z an'anasiga muvofiq, O‘zbekiston qonun chiqaruvchi hokimiyatining oliy organida o‘tgan yalpi majlisdan eksklyuziv suratlarni taqdim etadi.