O‘zbekiston | 11:11 / 26.08.2019
32051
11 daqiqa o‘qiladi

Patent markazlari, Uzbekistan Airways’ga topshiriq va sug‘urta. Hukumat mehnat migrantlari bo‘yicha yangi qaror qabul qildi

Foto: Ivan Sekretarev / AP

Vazirlar Mahkamasining “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga ular Vatanga qaytib kelganidan keyin ishsiz va band bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va kasbiy ta'limning boshqa muassasalari, shu jumladan, nodavlat kasbiy ta'lim muassasalarining kasbga o‘qitish markazlarida, keyinchalik ishga joylashtirish uchun, shu jumladan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga grantlar berish yo‘li bilan talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha bepul kasbiy o‘qitish, qayta o‘qitish va ularning malakasini oshirishni nazarda tutuvchi mehnat, ijtimoiy va psixologik qayta integratsiyalashuvida ko‘maklashish shakllarini kengaytirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:

2020-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Yekaterinburg, Novosibirsk, Volgograd, Pyatigorsk (Rossiya Federatsiyasi), Istanbul (Turkiya), Nur Sulton (Qozog‘iston), Dubayda (Birlashgan Arab Amirliklari) Agentlik mablag‘lari hisobiga vakolatxonalarini ochish, keyinchalik mablag‘larni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda huquqlari va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga qoplash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘radilar;

2021 yil 1 martgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasida Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnomani (patentni) tayyorlash, rasmiylashtirish va berish xizmatlari ko‘rsatish vakolatiga ega bo‘lgan Rossiya organlari va tashkilotlarining filiallarini (front-ofislarini) ochish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi mintaqalari (Tatariston Respublikasi, Primore o‘lkasi, Sankt-Peterburg shahri, Krasnoyarsk, Novosibirsk, Rostov, Leningrad va Sverdlovsk viloyatlari, shuningdek, Ural federal okrugining Xanti-Mansiysk va Yamal-Nenets avtonom okruglari) bilan muzokaralar o‘tkazadilar;

Rossiya Federatsiyasining Andijon, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi migratsiya markazlari vakolatxonalari negizida, shu jumladan, bepul foydalanish huquqi bilan binolar va xonalarni berish yo‘li bilan Rossiyada ishga joylashishga ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish xizmatlari ko‘rsatuvchi mehnat migrantlarini viza, hujjatlar bilan qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etilishiga ko‘maklashadilar;

mehnat migrantlarining murojaatlari bo‘yicha, ayniqsa mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda vafot etgan fuqarolarning jasadlarini, shuningdek, chet eldagi mehnat faoliyati davrida mehnat layoqati yo‘qotilishiga olib kelgan shikastlangan yoki og‘ir tan jarohati olgan fuqarolarni tashish, hamrohlik qiladigan shaxslarning transport xarajatlarini moliyalashtirish, Agentlik vakolatxonalari bilan O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalari o‘rtasidagi funksiyalarni aniq chegaralash masalalarini kechiktirmasdan va jadal ko‘rib chiqish va hal etishni nazarda tutuvchi Agentlikning Chet eldagi vakolatxonalari reglamentini ikki hafta muddatda ishlab chiqadilar va tasdiqlaydilar.

"Uzbekistan Airways" AJga O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari yoki Agentlikning buyurtmanomalari bo‘yicha mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda vafot etgan fuqarolarning jasadlarini, shuningdek, xorijda mehnat faoliyati vaqtida og‘ir tan jarohati olgan fuqarolarni bepul asosda O‘zbekiston Respublikasiga olib kelish tavsiya qilindi.

Belgilab qo‘yilishicha, vafot etgan fuqarolarning jasadlarini, shuningdek, xorijda mehnat faoliyati vaqtida og‘ir tan jarohati olgan fuqarolarni olib kelish zarur bo‘lgan mintaqalardan (aeroportlardan) "Uzbekistan Airways" AJning yo‘nalishlari mavjud bo‘lmagan taqdirda transport xarajatlari Mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga qoplanadi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq Agentlik huzuridagi ixtisoslashtirilgan kassalarda xorijiy aviatsiya, temir yo‘l va avtomobilda yo‘lovchilar tashuvchilarning chiptalari sotilishiga yo‘l qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2020 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazlari negizida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga chet elga ishga ketayotgan fuqarolarni ketishdan oldin kasbga yo‘naltirish markazlari tashkil etadi.

Belgilanishicha:

ketishdan oldin kasbga yo‘naltirish markazlarida shu jumladan, ishsizlar va ish bilan band bo‘lmagan shaxslarni kasbga o‘qitish markazlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet elga jo‘nab ketayotgan fuqarolarni xorijiy mehnat bozorida talab etilgan mutaxassisliklar va chet tillari bo‘yicha qisqa muddatli o‘qitish, qayta o‘qitish va malakasini oshirish, shuningdek, professional kompetensiyasini test sinovdan o‘tkazish va tasdiqlash amalga oshiriladi;

ketishdan oldin kasbga yo‘naltirish markazlari faoliyatini tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Agentlik shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlarida professional o‘quv markazlari, tarmoq uyushmalari, yirik ish beruvchilar va boshqa muassasalar sirasidan xorijiy yoki mahalliy sheriklarni jalb etishga haqlidir;

Agentlik yoki xususiy bandlik agentliklari tomonidan tashkiliy mehnat migratsiyasi yo‘li bo‘yicha chet elda ishlash uchun ketayotgan fuqarolarni kasbga o‘qitish uchun ketishdan oldin kasbga yo‘naltirish markazlarida yoki kasbiy ta'limning boshqa muassasalarida, shuningdek, davlat muassasalarida kasbga o‘qitish uchun Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga har bir ta'lim oluvchi uchun bir oyda 4 bazaviy hisoblash miqdoridan ortiq bo‘lmagan miqdorda grantlar ajratiladi;

fuqarolarni ketishdan oldin kasbga yo‘naltirish markazlarida yoki kasbiy ta'limning boshqa muassasalarida kasbga o‘qitish xorijiy ish beruvchilar yoki xorijiy davlatlarning mehnat bozorida vositachilik faoliyatini amalga oshirish vakolatiga ega bo‘lgan tashkilotlarning buyurtmanomalari bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin.

Agentlik ikki oy muddatda:

Agentlikning rasmiy veb-saytida migratsiya va mehnat haqidagi qonunlar buzilishi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha mehnat migrantlarini ular turgan mamlakatlarda huquqiy himoya qilish xizmatlari ko‘rsatishga ochiq tanlovni joylashtirish uchun elektron maydonchalar tashkil etish;

tanlov yakunlari bo‘yicha migratsiya va mehnat haqidagi qonunlar buzilishi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha mehnat migrantlarini huquqiy himoya qilish xizmatlarini ko‘rsatishga bo‘lish mamlakatlarining ixtisoslashtirilgan tashkilotlari bilan, ular xizmatlari qiymati Mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga haq to‘langan holda bitimlar tuzish chora-tadbirlarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida mehnat migrantlarining sog‘lig‘i holati to‘g‘risidagi tibbiy xulosani, shuningdek, sug‘urta polislarini o‘zaro e'tirof etish to‘g‘risida bitim loyihalarini tayyorlaydilar va Rossiya tomonidan ko‘rib chiqish uchun diplomatik kanallar bo‘yicha yuboradilar.

"O‘zagrosug‘urta" AJ va "Kafolat" sug‘urta kompaniyasi" AJga hayotni sug‘urta qilish sohasida faoliyatni amalga oshirayotgan ixtisosli shu'ba tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni ishlab chiqish va joriy etish tavsiya qilindi:

a) mehnat migrantlari uchun imtiyozli tariflar bo‘yicha:

ishga joylashishga patent va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar berilishi rad etilishi tavakkalchiligini sug‘urta qilishni;

xorijda ishga joylashish bo‘yicha transport xarajatlari va boshqa xarajatlarni to‘lash uchun berilgan kreditlar qaytarilmasligi tavakkalchiligini sug‘urta qilishni;

mehnat migrantlariga O‘zbekiston Respublikasi hududida ixtiyoriy tibbiy sug‘urta polisi berish va sug‘urta qoplamasini to‘lashni yoki sug‘urta polisi shartlariga muvofiq mehnat migrantlari vaqtincha bo‘lgan mamlakatdagi assistans xizmatlari ko‘rsatuvchi xorijiy sug‘urta kompaniyalari tomonidan tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishini tashkil etishni nazarda tutuvchi yangi sug‘urta mahsulotlarini;

b) sug‘urta qoplamasini sug‘urta badali to‘langan valutada to‘lashni, sug‘urta qoplamasi miqdori sug‘urta hodisasiga qarab quyidagi hollarda mehnat migrantlarining hayotini ixtiyoriy uzoq muddatli sug‘urta qilish mexanizmlarini:

sug‘urta summasi miqdoriga teng bo‘lganda - sug‘urta qilingan shaxs vafot etgan yoki u mehnatga layoqatini yo‘qotgan taqdirda (I va II guruh nogironlik);

sug‘urta summasi miqdoriga va sug‘urta tashkilotining investitsiya daromadidagi ulushga teng bo‘lganda - sug‘urta qilingan shaxs belgilangan yoshga yetganda. Bunda yo‘naltirilayotgan pul mablag‘larining kamida 30 foizi sug‘urta mukofotini to‘lashga o‘tkazilgan va hayotni uzoq muddatli sug‘urta qilish shartnomasiga muvofiq sug‘urta davri 12 oydan ortiqni tashkil etganda, sug‘urta tashkilotlari joriy pul o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘liq qoplaydilar.

Mavzuga oid