Iqtisodiyot | 18:06 / 27.08.2019
7273
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Milliy banki va Xitoy Davlat taraqqiyot banki 309 million AQSh dollari miqdorida shartnoma tuzdi

Xitoy Davlat Taraqqiyot Banki (XDTB) hamkorlik yillari davomida bir necha marotaba pul mablag‘larini taqdim etdi, ular orqali Milliy bank 460 dan ortiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirdi, shu jumladan, umumiy qiymati 655 mln. AQSh dollari bo‘lgan 6 ta transh o‘zlashtirildi.

O‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash maqsadida 2019 yil 26 avgustda O‘zbekiston-Xitoy xalqaro hamkorlik komissiyasining 5 yig‘ilishi doirasida Milliy bank va XDTB o‘rtasida «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasining samolyot parkini modernizatsiya qilish loyihasi bo‘yicha 309,0 million AQSh dollari miqdorida shartnoma imzolandi.

Ushbu loyihalarni moliyalashtirishning asosiy banki sifatida XDTBni tanlash, eksportni sug‘urtalash agentliklaridan foydalanmasdan, yetkazib berish to‘lovlari uchun imtiyozli davrni ta'minlaydigan moliyalashtirishning eng qulay shart-sharoitlari ta'minlanishi bilan bog‘liq. Bu esa resurslar narxi oshishi oldini oladi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi parkini yangilash mamlakatning sayyohlik salohiyatini kengaytirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash va aviakompaniyaning yo‘lovchilar oqimini ko‘paytirisha qaratilgan.

XDTB bilan hamkorlik qilishning afzalliklari ko‘p yillik hamkorlik tajribasi, qulay moliyaviy sharoitlar va hujjatlar tezkorlik bilan ko‘rib chiqilishi hisoblanadi.

Imzolangan bitim ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga kuchli turtki beradi va pul-mablag‘larini nafaqat kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasidagi imtiyozli shartlarda jalb qilish, balki O‘zbekiston iqtisodiyotining barcha sohalarida yirik strategik investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun imkoniyat yaratadi hamda sheriklik aloqalarini mustahkamlash va moliyaviy institutlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning ko‘rsatkichidir.

«O‘zmilliybank» Matbuot xizmati

Mavzuga oid