O‘zbekiston | 22:27 / 27.08.2019
23666
7 daqiqa o‘qiladi

So‘rov: agar ertaga parlament saylovlari o‘tkazilsa, qaysi partiyaga ovoz bergan bo‘lardingiz?

Tez orada O‘zbekistonda Oliy Majlis va davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi.

Hozirda respublikada beshta siyosiy partiya - «Milliy tiklanish» Demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi va Ekologik partiya faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mavzuning dolzarbligidan kelib chiqib, Kun.uz «Sizning fikringiz» Telegram kanalida ekspress-so‘rovnoma o‘tkazdi. So‘rov onlayn tarzda o‘tkazilganligi bois ishtirokchilarning jinsi, yoshi va boshqa jihatlari inobatga olinmadi.

Respondentlarga agar ertaga parlament saylovlari o‘tkazilsa, qaysi partiyaga ovoz bergan bo‘lishlari so‘raldi. Ushbu savolga 33,6 ming kishi javob qaytardi.

Respondentlarning 11 954 nafari (35 foiz) Liberal-demokratik partiyani, 10 738 nafari (32 foiz) «Milliy tiklanish» Demokratik partiyasini, 1 872 nafari (6 foiz) «Adolat» sotsial-demokratik partiyasini, 1 661 nafari (5 foiz) Xalq demokratik partiyasini va 883 nafari (3 foiz) Ekologik partiyani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Shu bilan birga, 4 341 nafar respondent (13 foiz) saylovlarda qatnashishni rejalashtirmayotganini bildirdi. Bundan tashqari, 2 164 kishi (6 foiz) kimga ovoz berishini bilmasligini ma'lum qilgan.

Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra , Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi 2003 yil 15 noyabrda bo‘lib o‘tgan ta'sis s'yezdida tashkil topgan. Ushbu partiyadan nomzodi ko‘rsatilgan Shavkat Mirziyoyev 2016 yil 4 dekabrda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lgan. Mazkur partiya deputatlari o‘zbekistonliklarga yaxshi tanish. Xususan, deputat Rasul Kusherbayev mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar borasida tez-tez o‘z fikrini bildiradi . U uy-joylarni buzish, qurilishlar, tonirovka va boshqa muammolar xususida ochiqchasiga gapirgan.

2008 yil 20 iyun kuni O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi va O‘zbekiston "Fidokorlar" milliy demokratik partiyasining birlashish Qurultoyi bo‘lib o‘tib, ikki partiya negizida yangi O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi tashkil topgan. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining asosiy maqsad-vazifasi milliy an'analarni va qadriyatlarni saqlashdan iborat. Shu yilning mart oyi o‘rtalarida partiyaning sobiq rahbari Sarvar Otamurodov bugungi jamiyatdagi muammolar haqida so‘zladi va qator vazirliklar hamda Yoshlar ittifoqi faoliyatini tanqid qildi . Keyinroq u lavozimini tark etdi va «O‘zagrosug‘urta» aksiyadorlik jamiyati rahbari bo‘ldi. Partiya shuningdek, mamlakatda turizmni rivojlantirishga faol hissa qo‘shmoqda.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi 1995 yil 18 fevralda partiyaning birinchi ta'sis qurultoyida tashkil topgan. Partiyaning asosiy maqsadi – demokratik, huquqiy davlatni, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan kuchli, adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etishda hamda O‘zbekiston hududida yashayotgan barcha millat va elatlarning umumiy manfaatlariga mos keladigan, fuqarolarning qonun oldida tengligi, birdamligi, konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari ta'minlangan ma'naviy jipslashgan jamiyatni shakllantirishda faol ishtirok etish.

Xalq demokratik partiyasiga 1991 yil 1 noyabrdagi partiyaning ta'sis qurultoyida asos solingan. Partiya ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga va himoyaga ehtiyojmand fuqarolar manfaatlarini ifodalaydi va himoya qiladi. Iyun oyida partiya markaziy kengashi raisi Hotamjon Ketmonov o‘z lavozimini tark etdi . Namangan davlat universiteti rektori Ulug‘bek Inoyatov partiyaning yangi rahbari bo‘ldi.

Afsuski, MSK saytidan O‘zbekiston Ekologik partiyasi haqida ma'lumot topib bo‘lmadi. 2018 yil 14 noyabr kuni ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxasisislar, olimlar, professor-o‘qituvchilar, nodavlat notijorat tashkilotlari, umuman keng jamoatchilik vakillaridan iborat bir guruh fuqarolar tomonidan O‘zbekiston Ekologik partiyasini tuzish tashabbusi ko‘rsatilgandi. Joriy yilning  8 yanvarida  O‘zbekiston Ekologik partiyasi ta'sis s'yezdi bo‘lib o‘tdi. O‘sha oyda Adliya vazirligi ushbu partiyani ro‘yxatga oldi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 22 avgust kuni respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida partiyalarning jamiyat siyosiy-ijtimoiy hayotidagi o‘rni va rolini oshirish, shu yil dekabr oyida parlament va mahalliy vakillik organlariga bo‘ladigan saylovlarga tayyorgarlik ishlarining borishi to‘g‘risida, bu boradagi eng muhim va dolzarb masalalar xususida atroflicha fikr yuritildi.

Uchrashuvda davlat rahbari «Har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas bo‘lib, uning o‘tkir talablariga javob bergan taqdirdagina siyosiy kuch sifatida yashay oladi», deb ta'kidladi.

Umuman olganda, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pincha o‘zbekistonliklar o‘z deputatlaridan shikoyat qilishlarini kuzatish mumkin. Ko‘pchilikning fikricha, muammolar qalashib yotishiga qaramasdan, deputatlar hech qanday tashabbus  ko‘rsatmayapti.

Kun.uz aprel oyida ham «Sizning fikringiz» Telegram kanalida ekspress-so‘rovnoma o‘tkazgandi. O‘shanda respondentlardan o‘z deputatlarini tanishlari haqida so‘ralgandi.

So‘rovnomada 2 968 kishi qatnashgan. Afsuski, ularning 95 foizi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan o‘z deputatlarini tanimasliklarini aytishgan. Bu esa ayrim deputatlarning o‘z saylovchilari bilan faol ishlamasliklarini anglatadi. Anglashiladiki, agarda deputat o‘z saylovchilariga pand bersa, u holda siyosiy partiya butun bir elektoratga pand beradi.

Ta'kidlash lozimki, xolisona so‘rov o‘zbekistonliklarning fikrini bilish uchun o‘tkazildi. Tahririyat hech kimning manfaatini ko‘zlamaydi. Saylov kodeksiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida saylov ochiq va oshkora hamda umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali o‘tkaziladi.  

Ulug‘bek Akbarov

Mavzuga oid