Jamiyat | 22:14 / 27.08.2019
8385
3 daqiqa o‘qiladi

«Yozuvchilarimiz xalq og‘zaki ijodidan tobora uzoqlashib bormoqda» - Usmon Azim

Bugun, 27 avgust kuni Yozuvchilar uyushmasi anjumanlar zalida Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari tomonidan tayyorlangan va G‘ofur G‘ulom nashriyotida nashr qilingan “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” nomli 100 jildlik majmuaning dastlabki 15 jildi taqdimoti o‘tkazildi.

Unda fan, adabiyot va san'at vakillari, nashriyot xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, mazkur loyiha 2015 yilda boshlangan bo‘lib, unda o‘zbek xali og‘zaki poetik ijodi asarlarining eng mukammal namunalari qamrab olingan. Jumladan, nashrning 59 jildi dostonlar, 10 jildi xalq qo‘shiqlari, 12 jildi ertaklar, qolgan jildlar esa terma, afsona, rivoyat, naql, maqol, topishmoq, askiya, lof, latifa, og‘zaki drama, bolalar folklori va boshqa janrlarni ham o‘z ichiga olgan.

Tadbirda so‘z olganlar xalq og‘zaki ijodini o‘rganishning ahamiyati haqida gapirishdi.

— «Jahon «Odisseya» dostonini o‘rgandi, lekin bizning «Alpomish» hali o‘rganilgani yo‘q. Alpomishning «Odisseya»dan biror-bir kam joyi yo‘q. 

Meni yana bir narsa dahshatga soladi, yozuvchilarimiz xalq og‘zaki ijodidan tobora uzoqlashib bormoqda. Bilib qo‘yinglar, bu yaxshilikka olib bormaydi. Men yaqinda bir shoirga she'rlaringiz juda zamonaviy, yangicha ekan, desam, siz surxonliklarga yaxshi-da, deydi. Nega desam, xalq og‘zaki ijodini bilasizlar, deydi. Siz-chi, desam endi biz farg‘onalikmiz, deydi.

Xo‘sh, Farg‘onadan chiqqan ijodkor xalq og‘zaki ijodini bilmasligi kerakmi? O‘zini ijodkorman degan kishi borki, avvalo o‘z xalqining og‘zaki ijodini bilishi kerak. To‘g‘ri, jahon adabiyoti ham kerakdir-u, lekin xalq og‘zaki ijodini bilmagan ijodkor bu ijodkor emas», dedi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim.

Ma'lumot uchun, shu yil oxiriga qadar mazkur kitoblarning yana 5ta jildini tayyorlab o‘quvchilar e'tiboriga havola etish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid