O‘zbekiston | 20:50 / 29.08.2019
29825
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tarixida ilk marta vazirlikka nomzod deputatlar muhokamasidan o‘tdi. Deputatlar nomzodni qaytarishi ham mumkin

May oyidan buyon vakant bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi uchun yangi rahbar nomzodi deputatlar tomonidan ma'qullandi. 

Yangi vazir yangicha tayinlanmoqda 
Bugun, 29 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tarkib topgan yangi amaliyotga muvofiq, Hukumat a'zoligiga tayinlanayotgan nomzodni ko‘rib chiqishdi. Bu gal quyi palatada O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri lavozimiga nomzod muhokamasi o‘tkazildi.

Muhokamalar chog‘ida deputatlar ayni paytda mamlakatda qurilish, bunyodkorlik sohasida qilinayotgan ishlarga batafsil to‘xtalib, keskin sur'atlarda kechayotgan bunyodkorlik ishlarini e'tirof etish barobarida bu borada uchrayotgan muammolar, yechilishi lozim bo‘lgan masalalarga ham e'tibor qaratishdi. Bosh vazir tomonidan ushbu lavozimga nomzodi ko‘rsatilgan Botir Zokirovga qurilishlar sifati, uy-joylar narxi, davlat rahbari tomonidan qayd etilgan sohada korrupsiya holatlariga chek qo‘yish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqidagi savollar bilan murojaat qilindi.

O‘z navbatida, nomzod ham deputatlar tomondan ko‘tarilgan savollarga atroflicha javob qaytardi hamda ular e'tiboriga mazkur lavozimga kirishganidan so‘ng qurilish sohasidagi islohotlarning samaradorligini ta'minlash maqsadida kelgusida amalga oshiriladigan ishlari bo‘yicha o‘z Harakatlar dasturi haqida axborot berdi.

Muhokamalar yakuniga ko‘ra, Botir Zokirov nomzodi O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri lavozimiga ma'qullandi. 

Yangi amaliyot taklifi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yilda mamlakatni rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalari to‘g‘risidagi Parlamentga Murojaatnomasida parlamentning muhim qarorlar qabul qilish va qonunlar ijrosini nazorat etish faoliyatini kuchaytirish lozimligi haqida gapirgandi.

«Hozirgi kunda Konstitutsiyaga muvofiq, parlament Bosh vazirni tasdiqlaydi. Lekin vazirlarni lavozimga qo‘yishda qatnashmaydi. Shuning uchun Hukumat a'zolari parlament oldida mas'uliyatni yetarli darajada his etayotgani yo‘q. Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi a'zolarini Oliy Majlis tomonidan tasdiqlash amaliyotini kiritishni taklif etaman.

Bo‘lajak vazir parlament a'zolari oldida sohani rivojlantirish bo‘yicha o‘z dasturini himoya qilsin va unga erishish yo‘llarini asoslab bersin. Bir so‘z bilan aytganda, lavozimga munosib ekanini isbotlasin», degandi prezident.

2019 yil 5 martda «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra hukumat a'zolarini bosh vazir taqdimiga ko‘ra palatada ma'qullanganidan so‘ng prezident tomonidan lavozimga tasdiqlanishi yoki lavozimdan ozod qilinishi belgilab qo‘yilgan.

Shu o‘zgartirishga asosan birinchi marta vazir lavozimiga nomzod deputatlar tomonidan ma'qullandi. Endi prezident lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi qarorni imzolasa, u rasman vazirga aylanadi.

Botir Zokirov kim?
Botir Zokirov - 2018 yil aprelidan buyon Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari edi. U 2008 yildan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a'zosi bo‘lgan.

Botir Erkinovich Zokirov 1963 yilning 28 iyulida Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent politexnik institutini (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) quruvchi-muhandis mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

1980 yilda Toshkent instrumental zavodida mehnat faoliyatini boshlagan. 1985-1990 yillarda «Toshsantexmontaj» trestida ishlagan. 1990 yilda esa «12-trest» qurilish shirkatida ish boshlab, bu yerda chilangarlikdan boshqaruv kengashi raisi lavozimigacha ko‘tarilgan. 2011 yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi etib tayinlangan, 2011 yil dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksi rahbari bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2016 yil 14 dekabrdagi PF-4877-son farmoniga muvofiq Botir Zokirov Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi lavozimiga tasdiqlanib, bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan.

Yangi vazirlikdagi ikkinchi rahbar
Prezidentning 2018 yil 2 apreldagi «Qurilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni va «O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ-3646-son qarori bilan Qurilish vazirligi tashkil etilgandi.

Yangi vazirlikka Toshkent shahrining sobiq hokimi (2005-2011) Abduqahhor To‘xtayev rahbar etib tayinlandi, Botir Zokirov unga birinchi o‘rinbosar, Kozim To‘laganov o‘rinbosar etib tayinlandi. To‘xtayev 2019 yilning mayida lavozimidan ozod etilib, Toshkent shahrining Shayxontohur tumaniga hokim etib tayinlangach, vazirlik rahbarligi lavozimi bo‘sh qolayotgandi.

Deputatlar nomzodni rad qilishi ham mumkin
Qayd etish kerakki, Botir Zokirov deputatlar tasdig‘i orqali lavozimga ma'qullangan ilk amaldor emas. O‘zbekistonda bunday amaliyot ilk marta Elmira Irkinovna Bositxonovani Bosh vazir o‘rinbosari - Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlashda kuzatilgandi. O‘shanda deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida bosh vazir tomonidan kiritilgan nomzodni tasdiqlashgandi va shundan keyin prezident uni lavozimga tayinlash haqidagi farmonga imzo chekkandi.

Nomzod deputatlar tasdig‘idan o‘tsa ham prezident tomonidan lavozimga tayinlanmasligi mumkin. Shu bilan birga, deputatlarning o‘zi ham nomzodni qaytarishi mumkin, agar ovoz natijasiga ko‘ra, deputatlarning yarmi rozi bo‘lmasa, nomzod prezidentga tasdiqlash uchun o‘tkazilmaydi.

Betaraf deputatlar
Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev feysbukdagi sahifasida yozishicha, u muhokama vaqtida betarafligini bildirgan.

«Botir Zokirovni Qurilish vaziri lavozimiga tasdiqlash masalasi deputatlar tomonidan ma'qullandi. Men betaraf qoldim, chunki savollarim juda ko‘p qurilish sohasida...
Botir Zokirov savollarimga javoban qurilishdagi qoidalarni yangilash va eng asosiysi joylarda namunaviy uy joylar qurilishidagi sifatsizlik, nazoratsizlik va korrupsiyani yo‘qotish uchun astoydil ishlashga va'da berdi. Ko‘ramiz vaqt oliy hakam», deydi deputat. 

Qonunchilik palatasi deputati Abdurashid Abduqodirovning ma'lum qilishicha, muhokamadan so‘ng ovoz berish jarayonida uch nafar deputat betaraf qolgan va yana uch nafar deputat ovoz bermagan, qarshi chiqqan deputatlar bo‘lmagan.

Mavzuga oid