O‘zbekiston | 09:29 / 29.08.2019
13064
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 dekabrdagi farmoyishi ijrosini ta'minlash bo‘yicha Toshkent shahar hokimining joriy yil 21 avgustdagi 1143-sonli qarori qabul qilinib, Toshkent shahrida o‘zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi tashkil etildi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Joriy yilning 21-25 avgust kunlari A.Qodiriy ijod maktabida o‘qish istagida bo‘lgan o‘quvchilardan 2019-2020 o‘quv yili uchun hujjatlar qabul qilindi. Mazkur o‘quv yilida ijod maktabining 5-8 sinflariga jami 120 nafar o‘quvchini qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, 488 nafar o‘quvchilardan hujjatlar kelib tushdi (bir o‘ringa o‘rtacha 4,1 nafar).

Joriy yilning 28 avgust sanasidan boshlab, Olmazor tumanidagi 224-sonli maktabda A.Qodiriy nomidagi ijod maktabining ijodiy tanlovlari boshlandi. Ijodiy tanlovlarni shaffof va adolatli o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan zarur chora-tadbirlar belgilandi. Ijodiy tanlov o‘tkazish jarayonida o‘quvchilar va ota-onalarga barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, ota-onalarga tanlov jarayonlarini “onlayn” kuzatib borish imkoniyati yaratilgan.

O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, ijodiy imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan iqtidorli o‘quvchilar 30 avgust kuni o‘tkaziladigan test sinovlarida ishtirok etadi.

Ma'lumot uchun, ijod maktabi poytaxtning Olmazor tumani hududida joylashgan A.Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hududida barpo etilayotgan yangi o‘quv binosida joylashadi.

Mavzuga oid