O‘zbekiston | 08:19 / 30.08.2019
26686
4 daqiqa o‘qiladi

Karimov Fondida «umid»chilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Foto: Facebook/Karimov Fondi

O‘zbekiston mustaqilligining 28 yilligi arafasida Prezident Islom Karimov asos solgan iqtidorli yoshlarning chet elda ta'lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash “Umid” jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Karimov Fondi xabar bermoqda.

“Umid” jamg‘armasi 1990-yillar oxiri – 2000-yillar boshida O‘zbekistonning iqtidorli yoshlariga, ta'bir joiz bo‘lsa, porloq istiqbolga yo‘llanma bergan edi. Prezident jamg‘armasining 5 yillik faoliyati mobaynida 800 nafardan ziyod o‘zbekistonlik yigit-qiz Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, AQSh, Fransiya va Yaponiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida ta'lim oldi.

“Umid”chilar bilan uchrashuv doirasida Karimov Fondi tomonidan ta'sis etilgan Yevropa oliygohlarida magistratura yo‘nalishida ta'lim uchun uchinchi grantlarning 10 nafar sohibiga sertifikatlar ham taqdim etildi. Shahodatnomalarni Tatyana Karimova topshirdi.

Kecha mehmoni, G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali dotsenti, favqulodda va muxtor elchi, tashqi ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Baxtiyor Islomov o‘z chiqishida bunday dedi:

“Islom Abdug‘aniyevich mamlakatimiz uchun mushkul sinov damlarida ham bozor iqtisodiyotiga o‘tishning turli modellari iqtisodiy va huquqiy jihatlarini o‘rganish uchun bizni Garvard universitetiga yuborishga tayyor edilar. U kishi xorijda tahsil juda muhim ahamiyatga ega ekani, dunyo ko‘rgan kadrlar kelajakda Vatan taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilishini yaxshi bilar edilar. Darhaqiqat, 25 yil davomida turli lavozimlarda ishlab, Islom Abdug‘aniyevich bildirgan ishonchni oqlashga harakat qildik”. 

Karimov Fondi tomonidan tashkil etilgan ma'rifiy anjumanda qatnashgan “umid”chilar chet elda o‘qish davri xotiralari bilan ham o‘rtoqlashdilar. Xususan, xorijdagi tahsil ular hayotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etgani, O‘zbekistonga qaytganlaridan keyin taqdirlarida qanday o‘zgarishlar ro‘y bergani haqida so‘zlab berdilar.

Xususan, Buyuk Britaniyadagi Uorvik universiteti bitiruvchisi, ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobur Karimov quyidagi mulohazani bildirdi: “Hayotga yo‘llanma” degan ibora chuqur ramziy ma'noga ega. Chindan ham, munosib ta'lim olgach, hayotimizni mustaqil O‘zbekiston ravnaqiga xizmat qilish, istiqbolda yanada ulkan yutuqlarga erishishga bag‘ishladik”.

“Biz beqiyos hayotiy tajriba va bilimlarga ega bo‘ldik. O‘z oilamiz, eng asosiysi, mamlakatimiz koriga yarashni o‘rgandik, – dedi Illinoys universiteti huzuridagi Jon Marshall huquqshunoslik maktabi (AQSh) bitiruvchisi, “Thellia Esthetics” kompaniyasi asoschisi va muassisi Laylo Usmonova. – Bizni Vatanimizda Islom Abdug‘aniyevich zimmamizga yuklagan mas'uliyat, qolaversa, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsadlar kutar edi. Shu tariqa biz mamlakatimiz taraqqiyotga hissa qo‘shish ishtiyoqi ila yaqinlarimiz bag‘riga qaytdik. Biz hozirga qadar bor kuch-g‘ayratimiz bilan ana shu maqsadlarga erishish yo‘lida faoliyat yuritmoqdamiz va umrimiz oxiriga qadar ushbu maslakka sodiq qolamiz”.

“Umid” jamg‘armasi prezident Islom Karimov tomonidan 1997 yilda ta'sis etilgan. Oradan roppa-rosa 20 yil o‘tib, 2017 yilning yanvar oyida Karimov Fondi o‘zbekistonlik yoshlar Yevropaning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida magistratura dasturi bo‘yicha ta'lim olishi uchun grantlar tanlovini e'lon qildi. So‘nggi ikki yil mobaynida birinchi prezident nomidagi Fond 32 nafar iqtidorli yigit-qizga Germaniya, Italiya, Polsha, Rossiya, Fransiya va Shveytsariya oliygohlarida bilim olish imkoniyatini taqdim etdi.

Mavzuga oid