Jamiyat | 17:14 / 31.08.2019
84693
9 daqiqa o‘qiladi

“Hammasi boshqacha bo‘lgandi”: Vazirlar Mahkamasi xodimini ishdan ketkazgan lavha muallifi bilan suhbat

Yaqinda qator saytlarda, ijtimoiy tarmoqlarda Vazirlar Mahkamasi mas'ul xodimining murojaatchi tadbirkor bilan mojarosi aks etgan video tarqaldi. Lavhada xodim murojaat qilgan tadbirkorga nisbatan rus tilida haqoratli so‘zlar ishlatadi. Eng qizig‘i, oradan bir necha soat o‘tib, ya'ni zudlik bilan bu xodim o‘z lavozimidan ozod etilgani (haydalgani) to‘g‘risidagi xabarlar e'lon qilindi. Bu ma'lumotning o‘ziga xos jihati shunda ediki, O‘zbekiston tarixida o‘z tiliga erk bergan mas'ul xodimning bu qadar tez jazolanishi kuzatilmagandi.

Lavhada faqat o‘sha xodim ko‘rinadi, u bilan bahslashayotgan, haqoratlarga nishon bo‘lgan shaxs kadr ortida qolgan. Faqat uning “men ham tadbirkorman, oila boshlig‘iman” degan e'tirozlarigina eshitiladi.

Biz bugun tahririyatimizga kadr ortidagi o‘sha qahramon – yosh tadbirkor Jamshid Ahmedovni taklif qildik.

– Jamshid, sizni o‘zi Vazirlar Mahkamasi binosiga kim yoki nima yetaklab borgandi?

– Buning tarixi ko‘pchilik o‘ylaganidan ko‘ra murakkabroq. Men besh yildan buyon tadbirkorlik qilaman. Toshkent viloyati Toshkent tumanida kamida 40, ko‘pi bilan 60 nafargacha yoshlarni ish bilan ta'minlovchi, tikuvchilik sexi, avtoservis kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oluvchi “Yoshlar guzari” loyiham tasdiqlangan. Yoshlarga mo‘ljallangan maxsus jamg‘arma orqali dastlabki mablag‘ni olishim kerak edi. Loyiha ancha yirik – 3,4 mlrd so‘m sarflash rejalashtirilgan. Ammo resurs tugaganligi uchun mablag‘ ajratilishi to‘xtab qolgan, tabiiyki mening ham ishim yurishmay turgandi.

Shundan so‘ng tumandagi mutasaddilarga murojaat qildim, masala hal etilmaganidan keyin asta-sekin respublika miqyosiga chiqishga majbur bo‘ldim. Hatto prezident adminstratsiyasiga ham murojaat qildim. U yerda arizamni elektron tarzda Vazirlar Mahkamasiga yuborishlarini aytishdi. Men xatim bo‘yicha ko‘rilgan chorani bilish uchun belgilangan raqamga bir necha marta qo‘ng‘iroq qildim, lekin hech kim go‘shakni ko‘tarmadi. Shundan so‘ng u yerga shaxsan o‘zim bordim.

– Endi o‘sha mojaroli vaziyat qanday tug‘ilganini batafsil tushuntirib bersangiz? U xodim bilan oldindan tanish bo‘lganmisiz, o‘rtada qandaydir xusumat bo‘lmaganmi? Odatda bunday videolar tarqatilganda ko‘pchilik g‘arazli maqsadlar bor-yo‘qligi haqida o‘ylaydi.

– O‘rtamizda hech qanday xusumat bo‘lmagan, 14 avgustgacha u kishini tanimaganman ham. Vazirlar Mahkamasiga borib, eshik oldidagi qo‘riqchilarga arzimni aytganimda ichkaridan bir kishi chiqdi va ishim bo‘yicha “Nodir aka” ismli xodim shug‘ullanishini aytishdi va meni bir xonaga olib kirishdi. O‘sha yerda 45 minut kutib turdim. Faqat qo‘lidagi telefonga qarab olgan bir kishi u yoq-bu yoqqa o‘tib turganini aytmasa, xonada mendan tashqari hech kim yo‘q edi. Men chiqavermaganimdan keyin olib kirgan kishi keldi va nega o‘tirganimni so‘radi. Men Nodir akani kutib turganimni bildirdim. Uning aytishicha, o‘sha o‘tib-qaytib yurgan inson Nodir aka bo‘lgan ekan. O‘sha joyda 45 minut kutganimda telefonlar uzluksiz jiringlashini, lekin o‘sha kishining ataylab ko‘tarmaganligining guvohi bo‘ldim. Tasavvur qiling, Qoraqalpog‘istondan bir kishi o‘z xati bo‘yicha so‘ramoqchi, javob berilmayapti, atay shuncha yo‘l yurib kelib ketadimi?

Jamshid Ahmedov

Men oldiga kirdim va salom berib “Nodir aka sizmi?” deb so‘radim. Suhbatimiz boshidanoq qovushmagani belgisi shuki, u kishi salomimga ham alik olmadi, ko‘zini monitordan ham uzmadi va “Nima edi?” deb so‘radi. Men vaziyatni tushuntirdim, ishim to‘xtab qolganini, hammasi resursga taqalayotgani, resurslar esa Vazirlar Mahkamasi buyrug‘i bilan Moliya vazirligi tomonidan ajratilishini aytganimda “Sening ishing bizga adashib kelib qolibdi, Prezident adminstratsiyasi bizga jo‘natmasligi kerak edi. Men uni kerakli joyga jo‘natdim”, dedi. Jo‘natgani shuki, mening xatim mazmunini o‘qib ham ko‘rmay, men doimiy ro‘yxatda turgan Toshkent shahri Olmazor tumaniga yo‘naltirib yuborgan. Holbuki, mening loyiham Toshkent viloyati Toshkent tumanida amalga oshirilyapti. Shuni tushuntirsam “aqllilik qilma, hali yosh bolasan” deb qo‘pol gapirdi. Men o‘zim yosh ko‘rinishim mumkin, lekin 27ga kirdim, oilaliman, ko‘p yillik tadbirkorman. Bunday muomala qilinishi yaxshi emas-da.

Shundan keyin yana bir bor vaziyatni tushuntirishga harakat qildim. U kishi: “Bor, qo‘lingdan kelganini qil, terpila”, deb yubordi. Haqorat aralashtirishga o‘tdi. Juda jahlim chiqdi. Men hali ichkarida bo‘lgan gaplarni to‘liq aytmadim, sababi, baribir ularni isbotlash iloji yo‘q. Tashqariga yo‘nalib, kirishda olib qolingan telefonimni oldim va qaytib kirmoqchi bo‘ldim. Ammo qo‘riqchilar kirgizishmadi. Shunda u kishini chaqirishlarini so‘radim. Haqoratni hazm qila olmayotgandim, telefonga tushirmasam, baribir o‘zim aybdor bo‘lib qolaverardim.

Tashqariga chiqqanidan keyin aytgan gaplarini men internetga joylagan videolavha orqali eshitdinglar, bu yog‘iga nima bo‘lganidan boxabarsizlar...

– Sizni haqorat qilgan ekan, nega sudga murojaat qilmadingiz?

– Avvalo, shunday nufuzli tashkilotlarda ham bunday insonlar ishlashini omma bilishi kerak. O‘z dardini aytuvchilar juda ko‘p, ko‘pchilik norozi. Ammo noto‘g‘ri muomala, haqorat qilinganini isbotlay olmaydi. Men lavhani joylaganimdan keyin ko‘p o‘tmay u xodimning ishdan bo‘shatilgani xabar qilindi. Shuning o‘zi jiddiy jazo deb o‘yladim, sudma-sud yurishga vaqtim ham, toqatim ham yo‘q.

– O‘tgan vaqt davomida nega omma oldiga chiqish qilmadingiz?

– Yuqoridagi voqea 14 avgust kuni yuz bergandi. U kishi ishdan bo‘shatilganidan keyin bu mojaroni unutishga harakat qildim, o‘z ishlarim bilan shug‘ullanishga kirishdim. Ammo yaqinda bir nashrda o‘sha xodimni oqlab, meni esa bu voqeada aybdor qilib ko‘rsatilgan bir maqola e'lon qilindi. Uni o‘qib juda jahlim chiqdi. Qarang, meni haqorat qilgan odam oppog‘u, men qop-qora emishman. Maqolada “terpila” so‘zi haqorat emasligini bildirishgan. Ikkinchi tomondan esa mening bu harakatimni yo‘llarda mashinalar tagiga ataylab oyog‘ini tiqib oladigan, buning ortidan moddiy manfaat ko‘zlaydiganlarga tenglashtirishgan.

Eng qizig‘i, meni Vazirlar Mahkamasidan kredit so‘rab borishda, bu ishlar tartibini umuman tushunmaslikda ayblashgan. Yuqorida aytdim, tadbirkorlik sohasida ozmi-ko‘pmi, tajribam bor. Avval quyi bo‘g‘inlarga murojaat qilganman, keyin aniq tavsiyaga ko‘ra, telefonga javob bermaganlaridan keyin Vazirlar Mahkamasiga borganman.

Maqola muallifi u xodim haqida sobiq ish joyidan fikr so‘rabdi. Qiziq, o‘z hamkasbi haqida OAV orqali yomon fikr aytadigan odam bormikan? Baribir andisha qiladi-ku. Ikkinchidan, maqolasida u kishining ism-sharifini sir saqlabdilar-da, menikini bemalol oshkor qilibdilar. Iye, aybsizlik prezumpsiyasi faqat bir taraflama amal qiladimi?! Yana u xodimning jahlini ataylab chiqarganim tilga olingan. Men unday qilmaganman. U xodim biz kabi soliq to‘lovchilar hisobidan maosh oladi, murojaatchilarni qabul qilishga, kerakli javobni berishga majbur, ishi shu. Mana shu holat sabab men ham yetakchi OAV orqali o‘z sha'nimni himoya qilishga qaror qildim.

– Loyihangiz taqdiri nima bo‘ldi?

– Shu kunlarda ijobiy javob kutyapman. Mablag‘ ajratilishi bilan ish boshlaymiz. Ishonamanki, ko‘pchilikka foydasi tegadigan maskan bo‘ladi.

Abror Zohidov suhbatlashdi,
tasvirchi Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid