O‘zbekiston | 23:19 / 31.08.2019
28687
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Masjidlarda odamlarga dinni xuddi birinchi sinf bolasiga alifbodan saboq bergandek o‘rgatamiz»

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 avgust kuni «Shahidlar xotirasi» xiyoboniga tashrif buyurib, qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida qatnashdi.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida nuroniylar, ulamo va ziyolilar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbari yurtimizda fidoyi va vatanparvar bobolarimizning hayoti va merosini o‘rganish, xotirasini abadiylashtirishga katta e'tibor qaratilayotgani qayd etdi. Mamlakatdagi tinchlik, erkinlik va to‘kinlikning qadriga yetish, vatan mustaqilligi uchun kurashgan shahidlar hayotini yoshlarga o‘rnak qilib ko‘rsatish lozimligini ta'kidladi.

«Tinchlikning qadriga yetishimiz kerak. Tahlikali dunyoda vaziyat kun sayin emas, soat sayin o‘zgaryapti. Mana shunday og‘ir sharoitda yashayapmiz. Mustaqilligimiz uchun kurashgan, mashaqqat ko‘rgan, yorug‘ kunlarga intilgan, shu yo‘lda adolatsiz qurbon bo‘lganlar, shahid bo‘lganlarning hayotini yoshlarga har kuni yuz marta tushuntirishimiz kerak. Masjidlarda, juma namozlarida duo-fotiha qilib, va'zlar bilan, og‘irlik, vazminlik bilan, hayot bilan hamnafas tarzda, amaliy narsalarni aytib, xalqimizni, mo‘min-musulmonlarni tinchlikni qadrlashga da'vat qilsak, yaxshi natija bo‘ladi», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yurtboshimiz mamlakatimizda ulamolarning, imomlarning yosh avlodni tarbiyalash, to‘g‘ri yo‘lga chaqirishdagi dolzarb vazifalarini ko‘rsatib berdi.

«Tizim qilyapmiz, u bag‘rikenglik, ma'rifat va madaniyat bilan adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga solishni ko‘zda tutadi. Imomlarni o‘qitish tizimini ham o‘zgartiramiz. Endi har bir imom o‘zining hududidagi mo‘min-musulmonning yaxshisigayam, yomonigayam javob beradi. Imomlar oddiy til bilan odamlarga Islomning jamiyatdagi o‘rnini yetkazishi, tushuntirishi kerak. Endi masjidlarda mo‘minlarga dinni xuddi birinchi sinf bolasiga alifbodan saboq bergandek o‘rgatamiz. Musulmon odam avvalo oilasi, farzandiga tinchlik, omonlik tilaydi. Bu bilan o‘zi yashaydigan yurtga, vatanga tinchlik tilaydi. Imomlar o‘zi yashaydigan hududda odamlarga o‘rgatishi, ta'lim berishi, to‘g‘ri yo‘lga solishi kerak», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, davlatimiz rahbari ma'rifat tarqatish yo‘lida odamlar ham qarab turmasligi lozimligini, hamma bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi lozimligini ta'kidladi.

«Biz hadislar maktabiga asos soldik, Islom sivilizatsiya markazini barpo qildik, «Mir Arab» madrasasini oliygoh qildik. Har yili Haj xarajatlarini 30 foizga arzon qilyapmiz. Odamlar Hajdan nur olib kelsin, shukronalik tuyg‘usini olib kelsin. Hajdan kelgan har bir odam o‘z qo‘shnisini ma'rifatga, e'tiqodga inontira olsa, shundagina vatanimiz, jamiyatimiz o‘nglanib boraveradi.

Yaqinda Abdulla Qodiriy bobomizning maktabini ochyapmiz. Nimaga? Ana shunday vatanparvar, haqiqatparvar odamlarimizning hayotini yoshlar o‘rganishi, ulardan o‘rnak olishi uchun. Zulm bo‘lsayam ular «elim, xalqim» deb jonini bergan. Ota-bobolarimiz O‘zbekistonning mustaqilligi uchun kurashgan. Biz o‘zimizning tinchligimizni saqlash uchun jips bo‘lib, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak to‘g‘ri bo‘ladi», - dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Mavzuga oid