O‘zbekiston | 08:53 / 01.09.2019
13331
4 daqiqa o‘qiladi

«Olimlar o‘z ishlanmalarini bozor talablariga moslashtirolmayapti» – Ekspert bilan suhbat

Jahon ilm-fani yorug‘lik tezligida ilg‘orlashib ketyapti. Olimlar o‘rtasidagi mislsiz poyga natijasida yaratilgan texnologiya insoniyat hayotini butkul o‘zgartirmoqda. Jadallik bilan ketayotgan tendensiyani tushungan mamlakatlar ilm-fanni yuqori cho‘qqiga olib chiqish uchun bor kuch va resurslarni sarflashayotgani hech kimga sir emas. O‘zbekiston ham ushbu oqimga qo‘shilib, munosib o‘rinni egallashga harakat qilyapti. Yaqin yillardagi islohotlar «shamol»i bu sohaga ham imkoniyatlarni taqdim etdi. Eng katta muammo – mablag‘ borasidagi taqchillik masalasi biroz bo‘lsa-da «yumshadi». Xo‘sh, endi o‘zbek olimlarining nazariy bilimlarini amaliyotda ko‘ra olishga muvaffaq bo‘lamizmi? O‘zbek ilm-fanida yana qanaqa yechilishi lozim bo‘lgan masalalar bor? Olimlar xorijlik hamkasblariga yetib olishlari uchun nimalarga e'tibor qilishlari lozim?

Innovatsion rivojlanish vazirligi fan va ilmiy-texnik tadqiqotlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Otajonov o‘zbek ilm-fani oldida turgan muammolar va yaratilayotgan sharoitlar haqida fikr bildirdi.

«Hozirda respublikada 40 mingga yaqin xodimlar ilmiy-tadqiqot olib boradi. Ular asosan kimyo, biologiya, fizika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika bo‘yicha faoliyat ko‘rsatishadi. Xalqaro miqyosda fiziklarimiz qo‘lga kiritgan yutuqlari alohida e'tirof etiladi. 2016 yilgacha ilm-fan tadqiqotlari davlat grantlari hisobiga moliyalashtirilardi. YaIMning 0,18 foizi sohaga yo‘naltirilgan. 2020 yilga borib bu ko‘rsatkichni 0,8 foizga ko‘tarish ko‘zda tutilgan. Shuni alohida ta'kidlash lozimki, ilm-fanni yoshartirish kerak», deydi u.

Hozir olimlarning o‘rtacha yoshi 57 yoshdan ortiq tashkil etyapti.

«Agar yoshlarga keng imkoniyatlar berilmas ekan, 5-6 yildan keyin ilm-fanda kadrlar bilan bog‘liq katta muammo yuzaga kelishi mumkin. 12 ming 98 nafar magistr, 3 ming 391 nafar bakalavr ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga jalb qilingan. Ular konchilik, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish jabhalarida ilm-fanni rivojlantirishyapti», deya qo‘shimcha qildi Otajonov.

Ekspert, shuningdek, O‘zbekiston ilm-fani oldidagi turgan qator muammolarni sanab o‘tdi.

·       jiddiy asoslarsiz ilmiy ishning rahbar tomonidan kechiktirilishi. Buning asosiy sababchilaridan biri, yuqorida ta'kidlaganimdek, yosh bilan bog‘liq masala;

·       olimlar o‘z ishlanmalarini bozor talablariga javob beradigan darajaga olib chiqolmayapti. Ularga marketing, menejment bilimlari yetishmayapti. Biz shu paytgacha ilm-fanda yig‘ilgan muammolarni mablag‘ bilan bog‘lardik. 2017 yildan keyin sohaga ulkan moliyaviy ko‘mak berildi. Lekin shunga yarasha kutilgan natijalarni ololmadik. Ma'lum bo‘ldiki, asosiy masala olimlarning salohiyatida. Ularda o‘z ishlanmalarini tegishli tarmoqqa joriy etish, bozorini topishda bo‘lgan tajriba kamlik qilyapti;

·       aksariyat ilmiy-tadqiqot muassasalari laboratoriya bazasi eskirgan. Ilmiy salohiyatimizning muhim indikatorlaridan biri yuqori nufuzga ega bo‘lgan jurnallarda chop etilgan maqolalar soni. Agar eskirgan asbob-uskunada olib borilgan tadqiqot bo‘yicha maqolani xorijiy ilmiy nashrlarga bersangiz, u yerdan shunday mazmundagi taqriz keladi: «Siz amalga oshirgan tadqiqotingiz natijasiga ishonmaymiz, chunki siz eskirgan jihozdan foydalangansiz».

Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi
Tasvirchi: Muhammadjon G‘aniyev

Mavzuga oid