Jamiyat | 13:30 / 01.09.2019
33327
4 daqiqa o‘qiladi

«Zo‘r»ning kuchi shifokorga yetadimi - Yurtdoshlarimiz bunday holatlarga qanday qaraydi?

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda shifokorlarga bemor va uning qarindoshlari tomonidan tajovuz va zo‘ravonliklar, hatto suiqasd uyushtirish holatlari aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqalib, omma e'tiborini tortayotgani hech kimga sir emas.

Avval ham internetda bu kabi voqealar muhrlangan tasvirlar yoki audioyozuvlarga ko‘zimiz tushar, ammo endi bunday holatlar tez-tez kuzatilmoqda.

 Faqatgina avgust oyining o‘zida bunday xunuk holatlar bir necha bor kuzatildi.

7 avgust kuni Samarqand viloyati Qo‘shrabot tuman tibbiyot birlashmasida o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan terapevt shifokor O.S.ni bemorning mast holatdagi ikki nafar yaqini kaltaklashgan.

11 avgust kuni Buxoro viloyati Jondor tuman tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limi akusher ginekologi M.T. fuqaro V.Q. tomonidan haqoratlanib, kaltak yeyishi natijasida jarohatlanadi. Oradan bir necha daqiqa o‘tgach, fuqaro «Spark» rusumli avtomashinasi orqali vrachning «Cobalt» rusumli avtomashinasini turgan joyida orqasidan kelib, zarb bilan qayta-qayta uradi va u mashinadan tushib oq xalat sohibiga turli haqoratli so‘zlar aytib, tahdid qiladi.

21 avgust kuni Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi xodimlariga tahdid qilib, ulardan birini yoqib yubormoqchi bo‘lgan shaxsning xatti-harakati ham ko‘pchilikning g‘azabini uyg‘otdi.

 Ming afsuski, respublika bo‘yicha bunday holatlar sodir bo‘lishi tobora ko‘payib bo‘lmoqda.

 Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Sog‘liqni saqlash vazirligi jamiyatimizda fuqarolarning shifokorlarga tajovuz qilish kabi noxush holatlarning oldini olishning eng samarali yo‘llaridan biri sifatida tibbiyot xodimiga nisbatan sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar uchun qat'iy javobgarlikni kuchaytirish lozimligini muntazam ta'kidlab kelmoqda. Vazirlik tashabbusi bilan bundan bir muddat oldin tayyorlangan «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan edi.

 Mazkur loyiha bilan o‘z xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga bemor va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi yoki ularga tan jarohati yetkazilishidan iborat qilmishlarni Jinoyat kodeksining bezorilik uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi 277-moddasi bilan kvalifikatsiya qilish hamda ushbu harakatlarni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholash taklif etilgandi. So‘nggi paytlarda kuzatilayotgan voqealar esa ushbu loyiha qabul qilinishi nihoyatda dolzarbligini ko‘rsatmoqda.

 Shifokorlarning bemor va uning yaqinlari tomonidan o‘zboshimchalik bilan jazolanayotgani singari noxush holatlar yuzasidan yurtdoshlarimizning fikr-mulohazalarini bilish maqsadida ularga bir necha savol bilan yuzlandik.

Миролим Исажонов
Tayyorlagan Миролим Исажонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid