Sport | 09:40 / 03.09.2019
2586
2 daqiqa o‘qiladi

APL klublari Angliyada transferlar oynasi erta yopilganidan norozi

Angliya Premer-ligasi klublari Angliyada transferlar darchasi mavsum boshlanishi arafasida yopilishi bo‘yicha qoidani bekor qildirishmoqchi.

2018 yildan APLda transferlar darchasi chempionatning birinchi o‘yini arafasida yopiladigan bo‘ldi, lekin Yevropaning boshqa mamlakatlarida transferlar sentabr oyi boshigacha davom etadi.

Daily Mail nashri ma'lumotiga ko‘ra, liga klublarining navbatdagi yig‘ilishida bunday qoida bekor qilinishi uchun ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tadi va klublarning yarmidan ortig‘i (11 ovoz) ma'qullasa, qoida bekor qilinadi.

Bu boradagi e'tirozlar asosan top-6 tarkibidagi klublar tomonidan bildirilmoqda, chempionat grandlarining hisoblashicha, bu qoida Angliya klublari Yevropa klublaridan ortda qolishiga sabab bo‘ladi.

APL jamoalari fikricha, bu qoida tufayli qit'aning boshqa chempionatlari vakillari muzokaralarda qo‘shimcha ustunliklarga ega bo‘lishmoqda.

Avvalgi tizimga qaytish g‘oyasining asosiy tarafdorlaridan biri «Manchester Yunayted» hisoblanadi.

Shuningdek,  Brendan Rodjyers («Lester»), Maurisio Pochettino («Tottenhem») va Yurgen Klopp («Liverpul») APL klublari uchun transferlar darchasi erta yopilishiga qarshi chiqishlar qilishgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid