Jahon | 09:35 / 03.09.2019
75037
3 daqiqa o‘qiladi

«Kameralarni oling». O‘g‘lini birinchi sinfga olib borgan Zelenskiylar oilasi matbuot vakillariga qarshilik ko‘rsatdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va mamlakatning birinchi xonimi Yelena 1 sentabr kuni o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan Novopecherskaya maktabiga o‘z o‘g‘illarini olib kelishdi. 

Bino atrofida jurnalistlar yig‘ilgan, ular prezident va uning oilasini tasvirga olishni rejalashtirishgandi. Vladimir va Yelena Zelenskiy kamera nigohi ularning o‘g‘li Kirillga tushishini istashmadi va jurnalistlardan suratga olmaslikni so‘rashdi.

«Kameralarni oling», deb talab qilgan Yelena Zelenskaya va ularni qo‘li bilan yopgan.

Shundan keyin Zelenskiyning shaxsan o‘zi suratga olish guruhi yoniga gaplashib qo‘yish uchun borgan va ulardan o‘g‘li suratlarini e'lon qilmaslikni talab qilgan.

«Ukrainskiye vesti» nashrining xabar berishicha, Kirill Zelenskiy bungacha ushbu maktab qoshidagi bog‘chaga qatnagan. Zelenskiylar o‘z farzandlari matbuotda chiqishiga salbiy qarashadi - prezidentning o‘zi bir necha marta intervyularida o‘z shaxsiy hayotini namoyish etishni istamasligi haqida gapirgan, chindan ham oila farzandlarining suratlari internetda kamdan-kam ko‘rinadi. 

Bundan avvalroq, Yelena Zelenskaya Instagram’dagi sahifasida o‘g‘lining maktabga ilk bor qadam qo‘yishi haqidagi xabar bilan bo‘lishgandi. 

«Bizning o‘g‘limiz Kirill endi birinchi sinf o‘quvchisi. Bugun u ilk marta partada o‘tirdi, o‘zining birinchi o‘qituvchisi va sinfdoshlarini ko‘rdi. Endi u 12 yil davomida do‘stlik nima, ko‘ngil qolish nima degani, bularning barchasini bilib oladi. Shuningdek - sho‘xliklar bo‘ladi, ota-onasiz ilk sayohatiga chiqadi, xarakteri toblanadi va mas'uliyatli bo‘ladi. Kirill faqat o‘quv dasturini o‘rganish bilan cheklanmaydi, u o‘zgaruvchan mamlakatda yashashni ham o‘rganishi kerak bo‘ladi. Bizning bolalarimiz - kelajak avlod. Ular sovetcha cheklovlar va ma'nosiz yodlashlar neligini bilishmaydi», - deya yozgan Yelena Zelenskaya.

Shu maktabning 9-sinfida prezidentning 15 yoshli qizi Aleksandra ham ta'lim oladi. Bundan tashqari, ta'lim uchun to‘lov 13 ming dollargacha yetadigan ushbu nufuzli maktabga Ukrainaning boshqa taniqli insonlari, jumladan bokschi Aleksandr Usik, sobiq bosh vazir Vladimir Groysman, taniqli shifokor Rostislav Valixnovskiy va «Yevropeyskaya solidarnost» fraksiyasi yetakchisi Artur Gerasimovning farzandlari ham boradi.

Mavzuga oid