Sport | 14:28 / 03.09.2019
35459
12 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek futbolining umidi Eldor Shomurodov «yangi Shatskix» bo‘la oladimi?

Foto: KUN.UZ

«Rostov» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov Rossiya chempionati yangi mavsumining asosiy kashfiyoti bo‘lib turibdi. 24 yoshli futbolchi Premer-Liga doirasida 8 marta maydonga tushib, 7ta gol urgan va to‘purarlar ro‘yxatida karvonboshilik qilmoqda. Uning jamoasi esa «Krasnodar» va «Zenit» bilan birga peshqadamlar safida bormoqda. Qayd etish joizki, hali o‘zbekistonlik futbolchilardan hech kim Rossiya chempionati to‘purarlari ro‘yxatida birinchi bo‘lmagan edi.

Futbol statistikasiga ixtisoslashgan Whoscored portali ma'lumotiga ko‘ra, Shomurodov dastlabki 8 turning eng yaxshi uch nafar futbolchisidan biridir. Eldor jamoadoshi, himoyachi Dmitriy Chistyakov va «Spartak» himoyachisi Samuel Jigo bilan birgalikda reytingda eng yuqori - 7,7 ball to‘plagan. Bir necha marta turning ramziy terma jamoasiga kiritilgan.

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan Eldor Shomurodov uchun O‘zbekiston milliy jamoasidagi faoliyati ham muvaffaqiyatli kechmoqda. 2019 yilda Eldor 8 marta maydonga tushib, 7ta gol urdi. Vaholanki, bundan oldingi 28ta o‘yinida 6ta gol urgan edi. Umumiy hisobda u 36ta o‘yinda raqiblar darvozasini 13 marta ishg‘ol etgan.

Shubha qilmasak ham bo‘ladi, Shomurodovning 2019 yilgi yutuqlari Yevropa klublarining skautlari nazaridan chetda qolmagan. Ular allaqachon Eldorni yon daftarchalariga yozib, «kuzatuv ro‘yxatiga» qo‘shib qo‘yishgan bo‘lsa ajab emas. Bunday vaziyatda bolalaydigan mish-mishlar esa uni TsSKA, «Galatasaroy», «Shalke» va «Manchester Yunayted» klublari qiziqish doirasiga kiritib qo‘ydi. Ammo «qiziqish bildirish» bu hali transfer amalga oshadi degani emas. Har yili top-klublarning skautlari minglab futbolchilarni kuzatib borishadi. Yakunda ularning sanoqlisi eng yaxshi klublarga ishga joylashadi. Eldor bu darajaga yetishi uchun hali ko‘p mehnat qilishiga to‘g‘ri keladi.

Albatta Shomurodovning yutuqlarini o‘zbek futbol muxlislari va mutaxassislari ham mamnuniyat bilan kuzatib borishmoqda. Maksim Shatskix porlagan davrlardan keyin futbolimizda ilk marotaba nafaqat milliy jamoada, balki Yevropa maydonlarida ham yuqori saviyada to‘p tepayotgan golurar futbolchi paydo bo‘ldi. JCh-2022 saralash o‘yinlari arafasida bu quvonarli hol va muxlislarda yaxshi umidni uyg‘otmoqda.

2014 yili o‘zbek futbolidagi eng yaxshi hujumchilardan biri Maksim Shatskix milliy jamoadagi faoliyatini yakunlagach, «oq bo‘rilar»da barqaror golurar futbolchining o‘tkir tanqisligi yuzaga keldi. Maksim Kiyevning «Dinamo» klubidagi o‘yinlari bilan tanilgan, Yevropada nom qozongan, O‘zbekiston milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar (34ta gol), Ukraina chempionatlari tarixidagi eng yaxshi to‘purar (124ta gol), yevrokuboklarda «Nyukasl» (Angliya), «Fenerbaxche» (Turkiya), «Real» (Madrid, Ispaniya), «Bayyer» (Leverkuzen, Germaniya), PSV (Niderlandiya), «Anderlext» (Belgiya), «Yuventus» (Italiya) va «Arsenal» (London, Angliya) klublari darvozasini ishg‘ol etgan noyob iste'dod sohibi edi.

«Supermaks» ketganidan so‘ng, biz turli davrlarda Aleksandr Geynrix, Marat Bikmayev, Igor Sergeyev va boshqa nomlarga umid bog‘ladik. Afsuski, ularga yuqori mahoratga ega hujumchilarning asosiy xislatiga xos bo‘lgan barqarorlik yetishmadi.

Xo‘sh, Eldor Shomurodov O‘zbekiston milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi hujumchi Maksim Shatskix darajasiga chiqa oladimi?

Uning o‘yinini, natijalarini kuzatar ekanmiz, beixtiyor, qaysidir ma'noda futbolimizda Shatskixga o‘xshagan, uning izidan boradigan, yutuqlarini takrorlaydigan hujumchining paydo bo‘layotgani haqida umid uchqunlari uyg‘onadi.

Qayd etish joizki, ayni paytda Shatskixning milliy jamoadagi gollar soni bo‘yicha rekordidan o‘zib ketishga 2 nafar futbolchi yaqin turibdi. Ulardan biri Odil Ahmedov (19ta gol), ikkinchisi esa aynan bugungi kun qahramoni Eldor Shomurodov (13ta gol).

Endi biroz orqaga qaytamiz. 2017 yil yozida Eldor Shomurodov «Bunyodkor»ni tark etib, «Rostov» klubiga o‘tdi. O‘zbek futboliga xos an'ana bo‘yicha uning transfer narxi e'lon qilinmadi. Nufuzli Transfermarkt portali Eldorni o‘sha paytda 750 ming yevroga baholagan edi.

«O‘ynab keta olarmikan?» - Shomurodovning Rossiya chempionatiga yo‘l olishini eshitganimizda shunday fikr miyaga kelgan bo‘lsa ajab emas. Chunki so‘nggi yillarda Rossiya Premer-Ligasida o‘zini yaxshi namoyon qilgan futbolchilardan faqat Odil Ahmedovni eslash mumkin.

Xavotirlar o‘rinli bo‘ldi, ilk mavsumda Eldor zaxira o‘rindig‘ida qoldi. «Rostov» bosh murabbiyi Leonid Kuchuk qo‘l ostida u deyarli o‘ynamadi va uzoq vaqt davomida Rossiya chempionatiga moslasha olmadi. Nisbatan ochiq futbol namoyish etiladigan, raqiblar ta'qibi kuchli bo‘lmagan O‘zbekiston chempionatidan boshqa ligaga ketib, muvaffaqiyatli to‘p tepish hech kim uchun oson kechmaydi.

Valeriy Karpin «Rostov» bosh murabbiyi bo‘lgach, Shomurodov asosan zaxiradan maydonga tushirildi va islandiyalik hujumchi Sigurdarsonga o‘rinbosar sifatida qaraldi. Ammo aynan Karpin Shomurodov faoliyatida burilish yasay oldi desak to‘g‘ri bo‘ladi. Mutaxassis unda sof hujumchiga xos xislatini payqadi va o‘yinlarning oxirida, raqibning sust joylariga bosim uyushtirish maqsadida maydonga tushirib turdi. Natijada «Rostov» aynan Shomurodovning so‘nggi daqiqalarda urgan gollari evaziga «Spartak»ni mag‘lub etib, «Krasnodar» bilan durangga erishdi.

2019 yil yozida «Rostov» islandiyalik hujumchi Kyartanssonni «Rubin»ga ijaraga berib yubordi. Karpin esa nursiz o‘ynayotgan Sigurdarsonni zaxira o‘rindig‘iga o‘tqazib qo‘ydi. Natijada, Shomurodov asosiy hujumchiga aylandi. Ko‘rsatkichlar hammaga ma'lum: futbolchi to‘purarlar ro‘yxatida birinchi, «Rostov» peshqadamlar qatorida. Transfermarkt portali esa Eldorning transfer narxi 2 barobar oshib, 1,5 million yevroga teng ekanini ko‘rsatmoqda.

Eldor Shomurodovning xislatlari va kamchiliklari nimada?

Yosh hujumchining hislatlari to‘g‘risidagi bir necha mutaxassislarning fikri bilan mana bu joyda tanishishingiz mumkin.

Umumiy xulosalarga tayanadigan bo‘lsak, Eldor to‘psiz juda ko‘p va yaxshi o‘ynaydi, tez-tez orqaga qaytib, himoyachilarga yordam beradi. Bu xislatlari dunyoning to‘psiz o‘ynaydigan eng yaxshi hujumchilaridan biri Roberto Firminoni eslatib yuboradi. Bundan tashqari, Shomurodov himoyachilardan birini o‘ziga jalb qilib, qanot hujumchilariga kenglikni ochib beradi. Jarima maydoni chizig‘ida to‘pni ajoyib tarzda qabul qiladi. Bu esa ko‘proq pleymeykerlarga xos bo‘lgan xislat.

O‘tgan mavsumda Shomurodov ko‘proq «ikkinchi qavat ishchisi» vazifasini bajardi – havodan kelgan to‘plar uchun kurashdi, uni jamoadoshlariga tashlab berdi, darvozaga yo‘lladi. Bu mavsumda uning vazifasi o‘zgardi – endi u ko‘proq oyog‘i bilan o‘ynamoqda, raqibni aldab o‘tishga urinmoqda, jarima maydoni tashqarisida harakat qilmoqda. Eng muhimi – yaxshiroq ochilib, vaziyatlardan unumli foydalanmoqda. Yana bir muhim jihati – jamoadoshlari uchun golli vaziyatlarni yaratishi. Bu mavsumda Eldorning hisobida atigi 1ta golli uzatma bor, ammo u «Rostov»ning 12ta golidan 9tasida ishtirok etgan.

«Minus»larga to‘xtaladigan bo‘lsak, mutaxassislar fikriga ko‘ra, Shomurodov sayqallab olishi shart bo‘lgan ko‘nikmalardan muhimi – to‘g‘ri pressing qilishdir.

Eldorning qisqa vaqt ichidagi yutuqlari bir necha klublar e'tiboriga tushdi. Avvalroq TsSKA va «Galatasaroy» uning xizmatiga qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ammo «Rostov»ning u bilan xayrlashish niyati yo‘q. Valeriy Karpin Shomurodovni «liganing eng iqtidorli yosh futbolchilaridan biri va transfer qiymati 50 million yevro» ekanini aytdi. Eldorning o‘zi esa vaqti kelganida Yevropada to‘p tepishni istayotganini bildirdi.

Rossiyada mavsum endi boshlaganini hisobga oladigan bo‘lsak, qandaydir xulosalar qilishga hali erta. Do‘ppini osmonga otadigan vaqt ham yetib kelmadi. Eldor hali ko‘p ishlashi, barqaror gol urishi, o‘z o‘yinini mukammalashtirib, kamchiliklarini sayqallab, yaxshilab borishi kerakligini hammamiz tushunib turibmiz. Eldorda ko‘plab yoshlarning iqtidorini dafn qilgan «yulduzlik kasalligi»ni ham ko‘rmayapmiz, bu quvonarli hol. Agar futbolchi o‘z o‘yinida barqarorlikni ta'minlay olsa, shubhasiz marra uniki bo‘ladi. Bu top-klublar talab qiladigan eng asosiy xislatdir. Bir o‘yinda beshta gol urgandan ko‘ra, beshta o‘yinda bittadan gol urgan afzal – bu oltin qoida.

Shomurodov kumiri sifatida Fernando Torres va Dide Drogbani tilga oladi. Eldor Torresga faqat tezkorligi bilan o‘xshab ketadi. Ammo Drogba bilan umumiy jihatlari ko‘proq: yakkakurashlarda taslim bo‘lmaydi, jamoadoshlariga to‘pni zo‘r oshiradi, to‘psiz yaxshi o‘ynaydi.

Maksim Shatskix 24 yoshida milliy jamoa tarkibida 12ta o‘yinda maydonga tushib, 9ta gol urgan edi. Shomurodovning bu ko‘rsatkichi 36ta o‘yinda 13ta golga teng. Uning tajribasi ko‘proqdek ko‘rinmoqda, ammo to‘purarlik ko‘rsatkichi bo‘yicha ancha orqada. Shatskix yevrokuboklarda ko‘p marta ishtirok etdi, Chempionlar Ligasida ko‘plab jamoalarning darvozasini ishg‘ol qildi. Shomurodovning «Rostov» bilan bu marraga yetishishi mushkulroq, buning uchun unga o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘yadigan boshqa jamoa kerak bo‘ladi. Bunga erishish uchun hali juda ko‘p mehnat qilishga, ko‘p narsani isbotlashiga to‘g‘ri keladi.

Ammo Shomurodovning Shatskixdan bir ustun jihati bor: Maksim milliy jamoa bilan jahon chempionatida to‘p tepish orzusini amalga oshirolmadi, Eldorda esa buni ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat bor. O‘zbek futbol muxlislarining ko‘p yillik orzusini ham.

Nurmuhammad Said 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid