Jamiyat | 20:09 / 04.09.2019
100848
4 daqiqa o‘qiladi

«Ularning sochlari qorayib, yangi tishlari o‘sib chiqmoqda...» - 80 yoshli qizi qaramog‘idagi 120 yoshni qoralagan onaxon

Inson tug‘iladi, yashaydi va dunyodan ko‘z yumadi. Bu hayot sikli. Kimdir bir yil, kimdir oltmish yil umr ko‘rsa, yana kimdir bir asrdan ortiq vaqt umrguzaronlik qiladi. Olimlar uzoq umr kechirishni turli sabablarga bog‘lashadi. Ularning aksari sog‘lom hayot, jismoniy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanish va to‘g‘ri ovqatlanishni uzoq umr ko‘rish omillari sifatida keltiradi. Teologik nazariyalarda esa ruhiy sokinlik uzoq umr kechirishning garovi ekani tushuntiriladi.

Aholisi uzoq umr kechirishi bo‘yicha yuqori reytinglarni Monako, Yaponiya, Singapur va Islandiya kabi dengizbo‘yi mamlakatlari egallaydi. Bu mamlakatlarda odamlar o‘rtacha 85-89 yil yashashadi. Yuz yoshdan oshgan fuqarolar soni bo‘yicha ham mazkur davlatlar yuqori ko‘rsatkichlarga ega.

Ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda odamlar o‘rtacha 73,3 yil umr ko‘radi. Yuzdan oshgan fuqarolar soni ham yildan yilga oshib bormoqda. Mana shunday yurtdoshlarimizdan biri sal kam 120 yoshni qarshilagan, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yashovchi onaxon Rayhon Dilova bo‘ladi. Biz ushbu onaxonning nevarasi Xudoberdi Xolov bilan suhbatlashdik.

Uning aytishicha, Rayhon xola asli Buxoro viloyati Vobkent tumanida tug‘ilgan, keyinroq G‘ijduvonga ko‘chib o‘tgan. Rayhon xolaning bir opasi va ikki singlisi bo‘lgan, ular yorug‘ olamni tark etishgan. Turmush o‘rtog‘i Bilbek Norov ham 1993 yili 93 yoshida olamdan ko‘z yumadi. Ularning ikki qizi bo‘lgan. Katta qizi vafot etgan, kichkina qizi Xolbibi Xolova 1940 yilda tug‘ilgan va hozirda hayot. Rayhon xolaning 30 nafar chevarasi va 8 nafar evarasi bor.

«Qarindosh-urug‘lar enamizning holidan xabar olib turishadi. Bundan tashqari, har bayramda qo‘ni-qo‘shnilar, hokimlikdagi mutasaddilar va mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari ularni yo‘qlab turishadi.

Enamizning quloqlari eshitmaydi, ko‘zlari deyarli ko‘rmaydi, lekin shunga qaramay, ancha dadil. Bizni hidimizdan tanib oladilar.

Ertalab uyg‘ongach, bir kosa shirin choy ichadilar. Tushlikda suyuq ovqat tanovul qiladilar. Soat 16:00lar atrofida bir dona uy tuxumi yeydilar. Kechki ovqatga esa baquvvatroq bo‘lgan biror go‘shtli ovqat tayyorlab beramiz. Chuchvara, somsa va palovni xush ko‘radilar. Mevalarni ham doim sevib iste'mol qiladilar.

Shifokor ignasini yoqtirmaydilar. 2011 yil ozgina shamollaganlarida davolatdik. Shundan beri, Yaratganga shukr, sog‘-salomatlar. Hozirda ularning sochlari qoraymoqda, yangi tishlari o‘sib chiqmoqda, ovozlarida ham tiniqlashish kuchaygan. Yuz yoshdan oshsa insonda shu holat kuzatilar ekan-da. Ilohim bizning baxtimizga sog‘-omon yursinlar», - deydi nevarasi Xudoberdi Xolov.

Yaqinlarining aytishicha, Rayhon Dilova uzoq yillar qishloq xo‘jaligi ishlari bilan band bo‘lgan, kolxozlarda ishlagan. Tinmay mehnat qilgan onaxon hozir ham tashqariga chiqib tabiat qo‘ynida dam olib turishni kanda qilmaydi. Biz ham Rayhon Dilovaga salomatlik tilab, yaqinlari baxtiga umrlari yanada uzoq bo‘lishini va Ginnessning rekordlar kitobiga kirishini tilab qolamiz.

(Rayhon Dilovaning yaqinda olingan biometrik pasportlarida tug‘ilgan kuni birinchi yanvar qilib ko‘rsatilgan. Qizining aytishicha, bu taxminiy sana hisoblanadi, lekin uning tug‘ilgan yili 1900 yilligi aniq).

Zafarbek Solijonov suhbatlashdi

Mavzuga oid