O‘zbekiston | 18:34 / 05.09.2019
67127
3 daqiqa o‘qiladi

«Harbiy qasamyod» o‘rniga «Vatanga qasamyod» joriy qilinmoqda

Foto: Norma.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Xavfsizlik va mudofaa sohasidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasining 2002 yil 12 dekabrda qabul qilingan «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi Qonuniga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:

3-modda (Umumiy harbiy majburiyat va Harbiy qasamyod):

nomidagi «Harbiy qasamyod» degan so‘zlar «Vatanga qasamyod» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

oltinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Harbiy xizmatga birinchi marta chaqirilgan yoki ixtiyoriy ravishda (kontrakt bo‘yicha) kirgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i oldida quyidagi mazmunda Vatanga qasamyod qabul qiladilar:

«Men, (familiyasi, ismi, otasining ismi), O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga kirar ekanman, davlatim timsoli bo‘lmish muqaddas bayroqni o‘pib, buyuk ajdodlarimning pok ruhlari oldida, vatanim oldidagi burchimni halol bajarishga bel bog‘lab, vijdonim, or-nomus va sha'nimni o‘rtaga qo‘yib:

O‘zbekiston Respublikasiga, xalqimga va Prezidentimga bir umr sodiq bo‘lishga, Vatanimning mustaqilligini, uning sarhadlarini, ona xalqimning tinchligi va osoyishtaligini, milliy manfaatlarini so‘nggi nafasimgacha himoya qilishga, O‘zbekiston Respublikasiga qarshi qaratilgan har qanday tajovuz va g‘arazli harakatlarga qarshi ayovsiz kurashishga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlari va umumharbiy nizomlarga qat'iy amal qilishga, davlat va harbiy sirlarni saqlashga, Quruqlikda, suvda, havoda - har qanday sharoitda ham o‘z burchimni vijdonan bajarishga, har qanday mashaqqatli sinov va qiyinchiliklarda ham el-yurtimning yuksak ishonchini oqlashga tantanali ravishda qasamyod qilaman!».

Mavzuga oid