Jamiyat | 18:52 / 05.09.2019
5706
7 daqiqa o‘qiladi

Og‘ufurush hamtovoqlar qonuniy jazoga mahkum etildi

Foto: Yekateriny Chesnokovoy / RIA Novosti

Donishmandlar "bu hayotda eng kuchli odam — nafsini jilovlagan odamdir", deb bejizga aytishmagan. Chunki nafsga berilish kishini nafaqat to‘g‘ri yo‘ldan adashtiradi, balki og‘ir jinoiy qilmishlarni ham keltirib chiqaradi.

Afsuski, bu hayotiy haqiqatni hamma ham to‘liq idrok eta olmaydi. Yoki anglasa ham, tan olgisi kelmaydi.  

Agar urgutlik Qobil Ahatov, O‘ktam Rahmatov va tayloqlik Sayfulla Shodiyevlar o‘z nafsini jilovlay olganida edi, qo‘shni respublikada yashovchi Umid Hasanovning nag‘malariga uchmagan bo‘lardi. Eng ayanchlisi, bu to‘rtovlonning "hamkorligi" asr vabosi atalmish giyohvandlik moddasi bilan bog‘liq.

O‘shanda 2018 yilning avgust oyi edi. Umid Hasanov jinoiy sheriklari tomonidan O‘zbekistonga qonunga xilof ravishda olib kelingan ko‘p miqdordagi — 20 gramm "opiy" giyohvandlik vositasini olib, Urgut tumani hududiga o‘tkazib, Q. Aha­tovga sotadi. Chunki Qobil Ahatov muqaddam ko‘p miqdorda giyohvandlik vositasini sotgani uchun sudlangan, qolaversa, o‘zi ham bu zahri qotildan bot-bot "tortib" turardi. U Umid Hasanovdan sotib olgan giyohvandlik moddasini uyida saqlagan va iste'mol qilib turgan. Oradan 4 oy o‘tgach, U. Hasanov avvalgidan bir yarim baravar ko‘p­roq, ya'ni 50 gramm "opiy"­ni 500 ming so‘m evaziga yana eski mijozga yetkazib beradi. Shu bilan birga, 1 gramm "opiy"ni xonadonida qurilish ishlarini bajarib yurgan O‘ktam Rahmatovga 250 ming so‘mga pullaydi. O‘z navbatida, O‘ktam Rahmatov giyohvand­lik vositasini uyida saqlab, iste'mol qilib keladi.

Buni qarangki, Umid Hasanovning Sayfulla Shodiyev bilan amalga oshirgan oldi-berdisi yuqoridagi ishlaridan anchagina "salmoqli" ekan.

Aniqlanishicha, U. Hasanov va S. Shodiyevlar joriy yilning fevral oyida qo‘shni respublikada yashovchi shaxs­dan 5 kilo 800 gramm "opiy" giyohvandlik vositasining har bir kilogrammini 3 ming AQSh dollari bahosida sotib olishadi. So‘ngra uni Umidning xonadonida qadoqlab, Sayfullaning "Damas" avtomashinasi gaz balloni ichiga yashirishadi.

Shundan so‘ng "tovar"ni chegara bojxona posti orqali bojxona nazoratidan yashirgan holda olib o‘tib, S. Shodiyevning xonadoniga yashirib qo‘yishadi. Oradan ko‘p o‘tmay Sayfulla "opiy"ning 1 kilosini eski tanishi A. Islomovga 4 200 AQSh dollariga, 1 800 grammini esa, Urgut va Tayloq tumanlaridagi boshqa shaxslarga sotadi. Qolgan 3 kilogramini sotish maqsadida saqlab qo‘yadi.

Ular 2019 yil 7 mart kuni yana qo‘shni davlatda yashovchi jinoiy sheriklaridan har bir kilogrammini 3 ming AQSh dollari bahosida 10 kiloyu 905,84 gramm "opiy" va 41,46 gramm "ekstrak­tsiya­li opiy" giyohvandlik vositalarini sotib olishadi. So‘ng bu "yuk"ni ham avvalgi usulda mamlakatimiz hududiga olib o‘tib, S. Shodiyevning somonxonasiga yashirib qo‘yishadi.

Bu voqeadan bir kun avval — 2019 yil 6 mart kuni Qobil Ahatov O‘ktam Rahmatovga 0,81 gramm "ekstraksiya­li opiy" giyohvandlik vositasini 240 ming so‘mga sotayotgan paytda DXX Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlanadi. Shunda u aybiga iqror bo‘lib, U. Hasanovning jinoyatlarini fosh etishga yordam berishini ma'lum qiladi. Shu bois tezkor tadbir davom ettiriladi.

Tezkor tadbir rejasiga ko‘ra, Qo­bil Ahatov 2019 yil 8 mart kuni Umidga qo‘ng‘iroq qilib, giyohvandlik vositasidan 1 kilogramm sotib olmoqchi ekanini aytadi. Bundan quvonib ketgan U. Hasanov "mahsulot" narxini juda oshirib yuboradi. Ya'ni "opiy"ning 1 kilogrammini 9 ming AQSh dollariga sotishini bildiradi.

— Bir yarim kilo yuk qolgan. Siz o‘zimiznikisiz. Shuning uchun hozir bir kilosiga pul bering. Qolgan qarzingizni keyin uzaverasiz, — deydi u.

Umid Urgut tumanining Mo‘g‘ol mahallasi hududida 1 500 gramm giyohvandlik vositasini 13 500 AQSh dollari evaziga sotayotgan vaqtda qo‘lga olinadi. Ertasi kuni esa, Sayfullaning Tayloq tumani Taraqqiyot mahallasidagi uyi­da tintuv o‘tkazilganda respublikamizga kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan 12 kilo 404 gramm "opiy" va 41,46 gramm "ekstraksiyali opiy" giyohvandlik vositalari topiladi.

Shundan so‘ng og‘ufurush hamtovoqlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ji­noyat ishi qo‘zg‘atildi. Yaqinda ush­bu jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atining jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi binosida o‘tgan sud majlisida ko‘rib chiqildi va aybdorlarga nisbatan qonuniy jazo tayinlandi.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, Qobil Ahatov 2005 yilda Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan aybdor deb topilib, shu kodeksning 57-moddasiga muvofiq 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Bir yarim yildan keyin esa, amnis­tiya aktiga binoan o‘talmay qolgan jazodan ozod etilgan. Kollejda ingliz tili fani o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritgan Q. Ahatov 62 yoshda.

Endi haqli savol tug‘iladi: Qobil Ahatovning muqaddam sodir etgan jinoyatidan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmagani, o‘zi ta'lim-tarbiya beruvchi kasb sohibi bo‘la turib, jinoyatga qo‘l urgani yoki farzandlari tengi yigitlarni jinoyatdan qaytarish o‘rniga ularga sherik bo‘lganini qanday tushunish mumkin? "Mening nafsim balodur, yongan o‘tga soladur", deb shunga aytishsa kerak-da.

Tal'atjon MeLIBOYeV,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy sudi sudyasi

Mavzuga oid