O‘zbekiston | 18:27 / 05.09.2019
47542
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident davlat xavfsizlik xizmatining terrorizmga qarshi kurash sohasidagi vakolatlari belgilandi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Xavfsizlik va mudofaa sohasidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.

Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 17 avgustda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 24 avgustda ma'qullangan.

O‘zbekiston Respublikasining 2000 yil 15 dekabrda qabul qilingan «Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi Qonuniga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi:

8-moddaning (Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha davlat organlari):

birinchi qismi (Terrorizmga qarshi kurashni amalga oshiruvchi davlat organlari quyidagilardan iborat) quyidagi mazmundagi to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirildi:

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati»;

quyidagi mazmundagi 9-2-modda bilan to‘ldirildi:

«9-2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining terrorizmga qarshi kurash sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, uning oila a'zolari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan davrda qo‘riqlanishi lozim bo‘lgan chet davlatlar va hukumatlar boshliqlarining, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining va boshqa shaxslarning xavfsizligini hamda shaxsiy daxlsizligini ta'minlaydi;

qo‘riqlanuvchi shaxslarning doimiy va vaqtinchalik tashrif buyuradigan joylari, shuningdek harakatlanish yo‘nalishlari xavfsizligini ta'minlaydi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi».

Mavzuga oid