O‘zbekiston | 18:23 / 06.09.2019
1897
5 daqiqa o‘qiladi

Oliy sudda qonunosti hujjatlariga tadbirkorlarga yengillik yaratishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish masalasi muhokama qilindi

Bugun, 5 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida «Mamlakatimizda tadbirkorlik sub'yektlariga yaratilayotgan imkoniyatlar, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash masalalari» mavzusida tadbirkorlar va jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Oliy sud raisi Kozimjon Komilov ishtirok etdi. Tadbirda asosan so‘nggi paytlarda eksportyor tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan bir masala muhokama qilindi.

Vazirlar Mahkamasining «Birjadan tashqari valuta bozorini yanada rivojlantirish va mustahkamlash to‘g‘risida»gi qarori va boshqa qarorlarida chet el valutasidagi tushumning tushishi, eksport qiluvchilar tomonidan «erkin muomala uchun chiqarish» rejimida tovarlarni respublikaga olib kirish va rasmiylashtirish, ishlar bajarishni va xizmatlar ko‘rsatishni ta'minlash muddatlari belgilangan bo‘lib (holatlariga qarab 30, 60, 120, 180, 365 kungacha), bu muddatlarni buzganlik uchun kelib tushmagan valuta mablag‘lari yoki tovarlar summasining 100 foizigacha miqdorda jarima qo‘llanishi belgilangan.

Prezidentning «Valuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2017 yil 2 sentyabrdagi Farmoni asosida valuta sohasini tartibga solishning bozor mexanizmlari joriy qilinib, eksportchi korxonalarning chet el valutasidagi tushumini majburiy sotish kabi talablar bekor qilindi.

Bundan tashqari, davlat rahbarining «Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2018 yil 30 oktyabrdagi Farmoni bilan 2019 yil 1 yanvardan boshlab davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan korxonalar kontragentlari bilan o‘zaro munosabatlarda kechiktirilgan debitorlik qarzlar uchun sanksiyalarni bekor qilish belgilandi va bu tadbirkorlarga ancha yengillik yaratdi.

Lekin, haligacha yuqorida qayd etilgan hukumat qarorlariga ushbu o‘zgartirishlar kiritilmagan, bu esa amaliyotda sudlarga qayd etilgan sanksiyalarni qo‘llash bo‘yicha arizalar bilan murojaat qilinishiga sabab bo‘lmoqda, o‘z navbatida bundan tadbirkorlar ham noroziliklarini bildirishyapti.

2017 yilda 32ta, 2018 yilda 94ta shunday ishlar ko‘rilgan bo‘lsa, 2019 yilning 9 oyi davomida ushbu toifada 445ta ish ko‘rilib, ularning 250tasi qanoatlantirilgan va tadbirkorlik sub'yektlariga 149 486,8 mlrd. so‘m jarimalar qo‘llangan, 165tasini qanoatlantirish rad etilgan, 28ta da'vo ko‘rmasdan qoldirilgan, 2tasi bo‘yicha ish yuritish tugatilgan.

Iqtisodiy sudlarga aksariyat hollarda eksport bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra xorijdagi hamkorlari tomonidan to‘lov tushumining kechiktirilishi oqibatida soliq idoralari tomonidan qo‘llangan moliyaviy jarimalarni sud tomonidan bekor qilishni so‘rab murojaat qilishadi.

Ammo yuqoridagi normativ-huquqiy hujjatda qat'iy belgilangan talablar tadbirkorlarning da'volarini qanoatlantirish huquqini bermaydi. O‘z navbatida qonun hujjatlar talabi mamlakatdagi vijdonli importyor va eksportyor huquqlarini himoyasini samarali tashkil etish imkonini bermaydi.

Sud amaliyotini tahlil qilish natijalari shuni ko‘rsatmoqdiki, tadbirkorlik sub'yektlariga ushbu jarima qo‘llanganidan keyin valuta mablag‘lari kelib tushishini yoki tovarlarni olib kirishni ta'minlash yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rilmasligiga olib kelmoqda.

Shu munosabat bilan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni chet elga olib chiqib ketilgan tovarlar bo‘yicha valuta tushumi tushishini ta'minlashi yoki tovarlarni olib kirish uchun chora-tadbirlar ko‘rishga rag‘batlantirish maqsadida qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritish taklif etilmoqda.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Oliy sud o‘zining qonunchilik tashabbusidan foydalanib, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasining «Birjadan tashqari valuta bozorini yanada rivojlantirish va mustahkamlash to‘g‘risida» 2000 yil 29 iyundagi 245-sonli qarorini qayta ko‘rib chiqishni taklif etmoqda. Loyihaga ko‘ra, agar jarima qo‘llash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish paytiga kelib yoki sudning jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qarorini ijro etish paytiga kelib valuta mablag‘larining tushishi yoki tovarlarni olib kirish ta'minlangan bo‘lsa, jarima qo‘llamaslikni, to‘langan jarimani esa, agar jarima qo‘llanganidan keyin bir yil ichida valuta mablag‘larining tushishi ta'minlangan bo‘lsa, tadbirkorga qaytarishni nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilgan.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid