O‘zbekiston | 15:02 / 06.09.2019
42680
6 daqiqa o‘qiladi

Prezident qarori: Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning yangilangan asosiy vazifalari belgilandi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi bilan birgalikda jamiyatda vijdon erkinligi kafolatlari va diniy-ma'rifiy muhit barqarorligini ta'minlash bo‘yicha mustahkam va doimiy hamkorligini nazarda tutuvchi yangi tizim joriy etiladi.

Quyidagilar yangi tizim doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

din sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsadi, vazifalari va prinsiplarini keng jamoatchilikka, davlat va jamoat tashkilotlari rahbar va xodimlariga tushuntirish, ularning faolligi, tashabbuskorligini oshirish;

vijdon erkinligi kafolatlarining buzilishi holatlariga nisbatan tezkor choralar ko‘rish;

aholining, ayniqsa yosh avlodning diniy va dunyoviy qarashlarini rivojlantirish;

ommaviy axborot vositalari, Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan radikal g‘oyalarga qarshi milliy an'ana va qadriyatlarimizning keng targ‘ib etilishini ta'minlash.

Quyidagilar Qo‘mitaning yangilangan asosiy vazifalari etib belgilandi:

vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq din ishlari sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

O‘zbekiston Respublikasining dunyoviy davlat tamoyilini amaliy ro‘yobga chiqarish, fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlarini himoya qilish;

diniy mutaassiblik va ekstremizm g‘oyalarini tarqatish, turli konfessiyalar o‘rtasida adovatni yuzaga keltirishga qaratilgan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish;

jamiyatda diniy-ma'rifiy muhit barqarorligi va e'tiqod erkinligiga tahdid tug‘dirishi mumkin bo‘lgan omillarni o‘rganish, tahlil qilish va ularning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, ushbu jarayonlarda diniy-ma'rifiy soha vakillarining ishtirokini kengaytirish;

davlat organlarining diniy tashkilotlar bilan o‘zaro aloqasi va hamkorligini muvofiqlashtirish hamda davlat siyosatida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan diniy tashkilotlar manfaatlarini aks ettirish;

aholi orasida konfessiyalararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borish;

fuqarolarning xorijiy davlatlarga va chet el fuqarolarining O‘zbekistonga ziyorat turizmini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratish;

ekstremizm, separatizm va mutaassiblik g‘oyalari ta'siriga tushib qolgan shaxslarni, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarni sog‘lom hayotga qaytarish, jamiyatda tinchlik va totuvlik muhitini mustahkamlash borasida ma'rifiy-tarbiyaviy ishlarni olib borish, bu borada ilg‘or xorijiy tajriba asosida takliflar tayyorlash;

manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda aholining diniy-ijtimoiy jarayonlarga munosabatini o‘rganish bo‘yicha sotsiologik so‘rovlarni tashkil etish.

Belgilab qo‘yilishicha:

a) Qo‘mita:

jamiyatda “jaholatga qarshi - ma'rifat” degan ulug‘vor g‘oya asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlar ifodasi ekanligini targ‘ib etish maqsadida barcha davlat va nodavlat notijorat tashkilotlariga bu boradagi faoliyatni amalga oshirishda ko‘maklashadi;

mamlakatdagi diniy-ijtimoiy jarayonlar hamda diniy bag‘rikenglikni ta'minlash masalalarini o‘rganish natijalari asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, targ‘ibot va tashviqot tadbirlarini o‘tkazish choralarini ko‘radi;

b) ijtimoiy-ma'naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini mustahkamlash, ular orasida ma'rifiy-tarbiyaviy ishlar samaradorligini kuchaytirish maqsadida respublika, viloyat, tuman (shahar), mahalla darajasida davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarining targ‘ibot guruhlari faoliyatini tashkil etish orqali o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish amaliyoti joriy etiladi;

v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosarlari Qo‘mitaga tegishli hudud bo‘yicha vijdon erkinligi kafolatlari hamda diniy-ma'rifiy muhit barqarorligini ta'minlash, davlat organlarining diniy tashkilotlar bilan o‘zaro aloqasi va hamkorligini muvofiqlashtirib borishda ko‘maklashadi hamda bu borada Qo‘mita raisiga hisobdor hisoblanadi;

g) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosarlari Qo‘mita raisi bilan kelishilgan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Qo‘mita boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni 58 nafardan iborat bo‘lgan markaziy apparati tuzilmasi tasdiqlandi.

Bundan oldin, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati ishdan olingani xabar berilgandi.

Mavzuga oid