O‘zbekiston | 15:28 / 06.09.2019
42501
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Adliya vazirligi va Oliy sudga faoliyati taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxati bo‘yicha topshiriq berdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan  Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisiga, zarurat bo‘lganda, Qo‘mita markaziy apparati tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan shtatlar soni hamda mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Qo‘mita xodimlari faoliyatini har tomonlama o‘rganib chiqib, diniy-ma'rifiy sohada chuqur bilimlarga hamda amaliy ish tajribasiga ega halol, tartib-intizomli va malakali kadrlar bilan to‘ldirilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi diniy-ma'rifiy sohada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarni xalqaro jamoatchilikka yetkazishda Qo‘mitaga doimiy ravishda amaliy yordam ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Oliy sudi o‘zining rasmiy veb-saytlari va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali sud tomonidan ekstremistik yoki terroristik deb topilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyati taqiqlangan tashkilotlar, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlar ro‘yxatini e'lon qilib, uning doimiy ravishda yangilab borilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qaror talablaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2019 yil uchun tasdiqlangan parametrlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3668-son qarorining 1-bandi va unga 1-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid