Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Advokatlar palatasi va advokatlar yangi Soliq kodeksi loyihasiga jiddiy e'tiroz bildirdi
Joriy yilning 2 sentabr sanasida Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida yangi Soliq kodeksi loyihasi yana jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilingandi.
O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahriri loyihasi yuzasidan o‘z munosabatini Palataning rasmiy sayti orqali bildirib, loyihaning advokaturaga doir qismlari bilan kelishib bo‘lmasligini ma'lum qildi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi yangi tahriri loyihasi muhokamaga qo‘yilgan bo‘lib, uning advokaturaga daxldor qismlarida amaldagi me'yorlardan farq qiluvchi jihatlar mavjud.
Jumladan, Kodeks loyihasining 488-moddasida advokatlar hay'atining notijorat tashkilot shaklida tashkil etilishi, uni saqlab turish va tadbirkorlik faoliyati bo‘lmagan umumiy vazifalarni bajarish uchun advokatlardan olinadigan mablag‘lar qismi bo‘yicha advokatlar hay'ati yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini va qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchi hisoblanmasligi belgilangani holda advokatlik firmalari va advokatlik byurolarining soliq solish maqsadlarida tadbirkorlik sub'yektlari deb e'tirof etilishi hamda yuridik yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyat qismi bo‘yicha soliqlar va yig‘imlarni ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda to‘lashi ko‘rsatib o‘tilgan.
«O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi esa muhokama uchun qo‘yilgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasining advokaturaga taalluqli mazkur moddalari bilan kelishib bo‘lmaydi deb hisoblaydi», – deyiladi Palataning rasmiy axborotida. Xabarda ta'kidlanishicha, shunga ko‘ra Palata O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Soliq qo‘mitasiga yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi yuzasidan o‘z e'tirozlarini yuborgan.
Advokatlar palatasining e'tirozlari axborotda jumladan quyidagicha bayon qilingan:
«O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 116-moddasida advokatura faoliyati qonun bilan tartibga solinishi ko‘rsatib o‘tilgan. «Advokatura to‘g‘risida»gi qonunda esa advokatlik faoliyatini amalga oshirish uchun tashkil etiladigan advokatlik byurosi, advokatlik firmasi va advokatlar hay'ati notijorat tashkilotlari etib belgilangan (4-1, 4-2, 4-3-moddalar).
Shuningdek, «Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasida ham «Advokatura notijorat tashkilotdir» deb belgilab qo‘yilgan. Zero, advokatura o‘zining asosiy faoliyati davomida daromad (foyda) olishni ko‘zlamaydi va faoliyati davomida yig‘ilgan daromadni (foydani) o‘z a'zolari (ishtirokchilari) orasida taqsimlamaydi. Advokatlik tuzilmalari Konstitutsiyaga muvofiq fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida tashkil etiladi. Shuning uchun ham Qonun advokatlik tuzilmalarining, har qanday maqsad yo‘lida ham, statusiga yoki tashkiliy tuzilishiga ko‘ra notijorat faoliyatdan tashqari faoliyat bilan shug‘ullanishini inkor etadi.
Shularga ko‘ra, taqdim etilgan soliq kodeksi loyihasining 488-moddasi tahriri nafaqat Konstitutsiyamiz, balki «Advokatura to‘g‘risida»gi, «Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunlar normalariga ham ziddir. Shuningdek, u hatto taqdim etilgan loyihaning 11-moddasida belgilangan talabga ham mos kelmaydi. Zero, mazkur moddada fuqarolarning Konstitutsiya bilan qo‘riqlanadigan huquqlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan soliqlarni joriy etish mumkin emasligi belgilangan.
Masalaning yana bir nozik jihati shundaki, soliq solishda advokatlik firmalari va byurolariga nisbatan differensial munosabatda bo‘linishi fuqarolarning o‘z konstitutsion huquqlarini amalga oshirishda qiyinchiliklar yaratishi va advokatura institutini rivojlantirishda negativ holatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Jumladan, SK loyihasining 488-moddasi tahriri davlat hisobidan ko‘rsatiladigan yuridik yordamni moliyalashtirishda ma'lum muammolarni keltirib chiqaradi. Ya'ni gumonlanuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga davlat hisobidan ko‘rsatilgan advokatlik yordami advokatlik firmasi yoki advokatlik byurosi tomonidan amalga oshirilganida davlat tomonidan to‘lanadigan pul miqdori QQS va boshqa soliqlar miqdorida oshadi va bu budjetga qo‘shimcha xarajatlarni keltiradi. Bu o‘rinda yana shuni ham e'tiborga olish lozimki, ayrim viloyatlarda advokatlar hay'ati mavjud emas va har qanday yuridik yordam (jumladan, davlat hisobidan moliyalashtiriladigani ham) faqat advokatlik firma yoki byurolari orqali ko‘rsatiladi».
Shuningdek, Palata bunday e'tiroz bilan chiqishga haqli ekanini ham axborotda qisqacha ta'kidlab o‘tadi: «Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasida advokatura manfaatlariga daxldor masalalarning davlat organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi ishtirokida belgilangan tartibda hal etilishi ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 maydagi «Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5441-son Farmonining 7-bandida advokatlik faoliyati va sud ishini yuritish bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari Advokatlar palatasi bilan kelishilishi shartligi belgilab qo‘yilgan. Bu esa yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasining advokatlik tuzilmalari faoliyatiga bevosita daxldor moddalari yuzasidan ham O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining munosabati inobatga olinishi lozimligini bildiradi», - deyilgan xabarda.
Shundan so‘ng, bir nechta advokatlar bilan holat yuzasidan bog‘landik. Ulardan biri Bahodir Hamrokulov holatga quyidagicha izoh berib o‘tdi.
«Advokatlar palatasi aytganidek, loyihaning o‘zi asosiy qonunlarimizga zid. Mazkur loyiha bo‘yicha advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi advokatlar hay'ati notijorat tashkilot sifatida qoladi, advokatlik byurosi va advokatlik firmasi tijorat tashkilotiga aylantirilishi niyat qilingan.
Bu loyiha advokatlik byurosi va firmalari uchun ilgari to‘lamagan qo‘shimcha soliqlar to‘lanishiga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida malakali yuridik yordam ko‘rsatish qiymatini oshishiga sabab bo‘ladi.
Hozirda demokratik jamiyat qurishni maqsad qilgan O‘zbekiston uchun eng muhim vazifalardan biri huquqiy ong va madaniyatni oshirish hisoblanadi. Bu loyiha bilan davlatning mazkur siyosati amalga oshirilishi qiyinlashtiriladi.
Shundoq ham hozirgi kunda ayrim fuqarolarimiz malakali yuridik yordam olish uchun iqtisodiy tomondan qiynalishadi. Agar O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga kiritilgan bu yangilik amalga kiritilsa, aholi malakali yuridik yordam olishda iqtisodiy muammolarga duch kela boshlaydi» - dedi advokat Bahodir Hamroqulov.
Advokat Abdumalik Abdullayev ham bu borada o‘z fikrlarini bildirdi:
«Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni mavjud.
Unda advokatlik faoliyati va sud ishini yuritish bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari Advokatlar palatasi bilan kelishilishi shart, deyilgan. Shunga ko‘ra, mazkur yangi soliq kodeksi loyihasi tashabbuskorlari palata bilan kelishganlarida maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Bundan tashqari, hozirda faoliyat yuritib kelayotgan taxminan 1600ta advokatlik firmalari va byurolari advokatlik hay'ati shakliga ӯzgartirib olinishi mumkin, bu bilan hech narsa ӯzgarmaydi, faqatgina ortiqcha qog‘ozbozlik, yana byurokratiya avj oladi xolos. Ӯzbekistonning advokatura imidjiga salbiy ta'sir qiladi.
Shuningdek, loyiha tashabbuskorlari davlat manfaatini ӯylash bilan birga xalq manfaatini ham ӯylashi lozim edi, masala shundaki amaldagi qonunchilik talablaridan kelib chiqib, agar advokatlar xalqqa huquqiy yordamni bepul kӯrsatgan har bir holat diqqat e'tiborda bӯlgani holda ularga tegishli soliq imtiyozlari va preferensiyalarini joriy etish ustida bosh qotirishi lozim», - dedi u.
Davlat soliq sohasida islohotlarni amalga oshirishni muhim vazifalaridan biri deb hisoblaydi. Boshqa tomondan, bu sohada amalga oshirilayotgan ishlar davlatning asosiy vazifalaridan biri bo‘lgan fuqarolarning huquqiy ongini oshirish siyosatiga xalal bermasligi kerak. Yuqoridagilarga ko‘ra, yangi soliq kodeksi loyihasi qaytadan ko‘rib chiqilishini ko‘rsatmoqda. O‘ylaymanki, loyiha tashabbuskorlari Advokatlar palatasi e'tirozlarini inobatga oladi va bu borada muqobil yechim beriladi.
Zafarbek Solijonov
Mavzuga oid
14:26 / 29.04.2025
Soliq kodeksiga tadbirkorlarni qo‘llashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritilmoqda
13:46 / 07.04.2024
Toshkent va Samarqandda noqonuniy harakat qilgan advokatlar ushlandi
13:26 / 30.03.2024
Senatorlar turizmni rivojlantirishga va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan qonunni ma’qulladi
16:10 / 11.01.2023