Sport | 16:59 / 07.09.2019
108596
5 daqiqa o‘qiladi

«Sud jarayoni hamon davom etyapti» – fermerlik faoliyatini boshlagan Ruslan Nuriddinov bilan suhbat

Ruslan Nuriddinov

Joriy yil boshida sport arbitraj sudining Dopingga qarshi kurash bo‘limi o‘zbekistonlik taniqli sportchi Ruslan Nuriddinovni 2012 yilgi London Olimpiadasida og‘ir atletika bo‘yicha musobaqalarda antidoping qoidalarini buzganlikda aybdor deb topgani va u sportdan chetlashtirilganligi haqida xabarlar tarqaldi. Ayrimlarda chindan Ruslan Nuriddinov 7 yil avvalgi musobaqada doping iste'mol qilgandir, degan shubha uyg‘ongan bo‘lsa, aksariyat sport ishqibozlari bu borada Ruslanni O‘zbekistondagi sportga aloqador tashkilotlar munosib himoya qilishi zarurligini ta'kidlagan.

Oxirgi paytlarda OAV va internetda ko‘rinish bermay qo‘ygan Ruslan Nuriddinov bilan bog‘liq turli gap-so‘zlar ham bolalamoqda. U shu paytga qadar erishgan barcha yutuqlaridan mahrum qilingani, sportni tark etib, biznes faoliyatini boshlagani qanchalik rost ekanligiga aniqlik kiritish maqsadida 2016 yilda Rio Olimpiadasi va 2018 yil Indoneziyada bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida tengsiz ekanligini isbotlab, rekord o‘rnatgan 28 yoshli sportchi bilan suhbatlashdik.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

O‘zining bir qator yirik xalqaro musobaqalardagi ishtiroki va g‘alabasi orqali nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida mashhur bo‘lgan Ruslan Nuriddinov suhbatimiz boshida doping bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan shaxsiy fikrlarini quyidagicha bayon etdi:

“Biz o‘ziga mos va xos bo‘lgan vitaminlar ichamiz. Lekin aynan doping hisoblangan andriogen va anabolik narsalarni hech ham qabul qilmaymiz. 2012 yilning yanvaridan avgust oyiga qadar taxminan 6-8 yoki 8-10 marta doping nazoratchilari kelib ketgan. Ular bu narsani organizmga London Olimpiadasidan 3-5 yil oldin ham tushgan bo‘lishi mumkin, degan fikrni bildirishdi. 7 yildan keyin nima ichgansiz, qanday ichgansiz buni hech qanday isbotlay olmaysiz. Ammo ularning qo‘lida isboti bor. Meni o‘sha musobaqadan oldin va oxirida topshirgan peshob tahlillarimdan ijobiy natija chiqqan. Shu bois haligacha ayblanmoqdaman va sud jarayoni hozir ham bo‘lyapti. Bu masalada aniq bir narsa aytish qiyin oldindan. 7 yildan so‘ng nima ko‘zlanib va nima maqsadda bu ish ochilganini bilmayman.

Ko‘pchilik “Riodan oldin ichganmiding? Medallaringni olib qo‘ydimi?”, degan savolni beryapti. Meni odamlar Rio Olimpiadasidan keyin tanigani tufayli London Olimpiadasi bilan adashtirib yuborishmoqda. Buni Rioga hech qanday aloqasi yo‘q. London Olimpiadasidan keyingi medallarga ham daxli yo‘q”, deydi sportchi.

Ruslanning aytishicha, sud ishi shu yilning yanvar oyi oxirlarida boshlangan. Lekin jarayon hamon davom etmoqda. Bu borada sportchi nomidan tajribali advokat ish olib boryapti.

Intervyu davomida ayon bo‘ldiki, Ruslan Nuriddinov o‘zi tug‘ilib, o‘sgan ona yurti – Xonobod shahrida turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shish istagida tadbirkorlik faoliyatini ham boshlab yuborgan. U shahar hokimligi tomonidan berilgan yer maydonida dam olish maskani qurish harakatida. Shuningdek, Bo‘ka tumanida fermer xo‘jaligini ham tashkil etib, chorvachilik tarmog‘ini yuksaltirishga intilmoqda. “O‘tgan yili baliqchilikni yo‘lga qo‘ydik, afsus o‘xshamadi. Hozir qo‘ylarim ko‘p. Asta-sekin qoramol ham boqish niyatidaman. Oldin oilamiz bunday katta fermani boshqarmagani bois biroz qiynaldik boshida. Ayni paytda esa ko‘nikib qoldik”, - deydi Ruslan.

Vaqti ziq bo‘lishiga qaramay, suhbatimizga rozi bo‘lib, o‘nlab savollarimizga ro‘yi rost javob bergan og‘ir atletikachi kelgusidagi faoliyati to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tdi. Uning sportga qachon to‘liq qaytishi, ayni paytda unga tegishli tashkilotlar tomonidan qanday yordam berilayotganligini bilish maqsadida O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti Shahrillo Mahmudovning fikrlariga ham quloq tutdik.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mirolim Isajonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid