O‘zbekiston | 19:25 / 08.09.2019
35073
4 daqiqa o‘qiladi

To‘ra Bobolov: «Xalq paxta terimidan daromad ola boshlasa, majburiy mehnatga o‘rin qolmaydi»

Kun.uz saytiining mahalliy hokimliklar va davlat idoralari rahbarlari bilan muntazam uyushtirilayotgan intervyularining biri Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Abdiyevich Bobolov bilan bo‘lib o‘tgan edi.

Mazkur intervyuda Surxondaryo viloyati hokimi viloyatda oqsab qolgan paxtachilik sohasini o‘nglash va paxta yig‘im terimi ishlariga yangicha yondashuv bilan majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi haqida Kun.uz muxbiriga gapirib berdi.

«Bu yil qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida keskin burilish yasaldi. Pillachilik, g‘alla yetishtirishda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishildi. Qariyb 542 ming tonna g‘alla yig‘ib olindi.

Paxtachilikka to‘xtaladigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda bedaqandala, ko‘sak qurti, o‘rgimchakkana singari g‘o‘zaga katta ziyon keltiruvchi hasharotlar hosildorlik qariyb 40 foizga kamayib ketishida bosh omil bo‘layotgan edi. Bu yil zararkundalarga qarshi kurash uchun katta e'tibor berildi. Davlatimiz tomonidan 13 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Bu yil paxtachilikda yaxshi hosil kutilmoqda. Biroq saraton oylaridagi issiq tufayli paxtaning yetilishi 10–15 kun orqaga surildi. Biz g‘o‘zani faqat kultivatsiya qilib, kechasi sharbat bilan sug‘orish yo‘li orqali nobud bo‘lishdan saqlab turdik. Bu yil surxondaryolik dehqonlarning yuzi yorug‘ bo‘ladi, degan katta umidimiz bor», — deydi viloyat hokimi To‘ra Bobolov.

Paxta yig‘im-terimida majburiy mehnat holatlariga yo‘l qo‘ymaslik haqida to‘xtalar ekan, Surxondaryo viloyati hokimi shunday dedi: «Bu yilgi mavsumga umuman boshqacha yondashayapmiz. Hozirgi kunda terim otryadlari tashkil qilinmoqda. Bu otryadlarni shakllantirish avvalo fermerlarning o‘z zimmasiga yuklatilmoqda. Ya'ni, avvalo fermer xo‘jaligi a'zolari, mehnatga layoqatli, voyaga yetgan qarindoshlari jalb qilinadi.

Ikkinchidan, mahallada vaqtincha ishsiz bo‘lib turgan fuqarolarni jalb qilish. Biz imkoniyat darajasida paxta-yig‘im terimi uchun kunlik pul berishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Terimda faol qatnashgan qishloq ahliga paxta yig‘im-terimi mavsumidan so‘ng g‘o‘zapoyani teng taqsim qilish tartibini ham joriy qilmoqdamiz.

Ijtimoiy soha xodimlari paxta yig‘im-terimidan ozod qilingan. Bir paytlar hattoki maktab o‘quvchilari ham paxtaga chiqarilgan damlarni ham eslaymiz. Endi majburiy mehnatsiz ham hosilni yig‘ib olishga o‘rganishimiz kerak. Paxta bo‘lsa, unga paydar-pay pul to‘lab turilsa, xalqning o‘zi terib oladi. Chunki xarid narxi yildan yilga oshib bormoqda. Paxta terib odamlar daromad qilishmoqda. Bunday sharoitda, o‘z-o‘zidan majburiy mehnatga o‘rin ham qolmaydi», — dedi viloyat hokimi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid