Jamiyat | 11:40 / 09.09.2019
10495
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyati IIB Oqdaryodagi pichoqbozlik bo‘yicha bergan xabaridagi xatolarni to‘g‘riladi

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Oqdaryo tumanida sodir etilgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyati yuzasidan yangi ma'lumot berdi. Unda 8 sentabr kuni tarqatilgan xabardagi xatolar to‘g‘rilangan.

«Avvalroq, Oqdaryo tumanida sodir etilgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyati yuzasidan ma'lumot berilgan bo‘lib, ma'lumotda jinoyat tuman «Agrobank» filiali binosida sodir etilgani, jinoyatchi binoda xizmat olib borayotgan IIB xodimlari tomonidan ushlangani ko‘rsatilgan edi.

Lekin, keyinchalik tergov davomida aniqlanishicha, 2019 yil 6 sentabr kuni soat 18:00larda fuqaro A.B. spirtli ichimlik iste'mol qilib, mast holatda tuman Qishloq xo‘jaligi bo‘limi binosining birinchi qavatida joylashgan «Agrobank» tuman filialining maslahatxonasiga kirib kelib, hech bir sababsiz janjal chiqarib, janjal davomida yonida bo‘lgan yig‘ma pichoq bilan ushbu xonada ishlayotgan bank xodimlari N.Sh., U.H. va tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi xodimi R.J.ni urib, tan jarohati yetkazgan vaqtda, shu yerda bo‘lgan fuqarolar tashqaridan o‘tib ketayotgan IIB xodimini chaqirishganidan so‘ng, IIB xodimi tomonidan fuqaro A.B. ushlanib, undan bir dona yig‘ma pichoq daliliy ashyo sifatida olingan.

Jinoyat sodir etilgan joy, ya'ni Oqdaryo tumani qishloq xo‘jalik bo‘limi binosi qo‘riqlovga olinmagan bino bo‘lgani sababli, u yerda IIB xodimlari xizmat olib bormaydi. Chunki, ushbu binoda bank doimiy faoliyat olib bormaydi, bank xodimlari u yerga faqat belgilangan kunlarda fuqarolarga maslahat berish uchun borishadi.

6 sentabr kuni mazkur holat yuzasidan Oqdaryo tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan A.B.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tan jarohati olgan uch nafar fuqaroga nisbatan shu kuni sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.

7 sentabr kuni A.B. jinoyat ishida JKning 104-moddasi 1-qismi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, shu kuni JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan», deyiladi xabarda.

7 sentabr kuni Kun.uz saytida «Oqdaryo tumanida uch nafar xodimni ish joyida pichoqlab ketishdi — Kun.uz surishtiruvi» sarlavhali xabar e'lon qilingan, 8 sentabr kuni Samarqand viloyati IIB bu holat yuzasidan rasman xabar tarqatgan, unda 6 sentabr kuni A.B mast holatda Oqdaryo tumanidagi «Agrobank» binosiga kelib, bank xodimlariga hujum qilgani, uni shu bino hududidagi tuman IIB xodimlari ushlashgani haqida aytilgandi.

Ko‘p o‘tmasdan «Agrobank»ning Samarqand viloyat boshqarmasi IIB xabaridagi ma'lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi to‘g‘risida bayonot berdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid